Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi 2026 yilgi Osiyo Kubogida uchinchi uchrashuvini o‘tkazdi. Ushbu bahsdagi yirik hisobda qozonilgan g‘alaba evaziga jamoa o‘z tarixida ilk bor pley-off bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Bunga qadar O‘zbekiston ayollar terma jamoasi musobaqada 7 marta ishtirok etib, har safar guruh bosqichidayoq o‘z ishtirokini yakunlagan.
“B” guruhidan joy olgan Vladimir Panov boshqaruvidagi jamoa 3-turda Iordaniyaga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv 4:0 hisobida O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasining g‘alabasi bilan tugadi.
Gollarga 22-daqiqada E’tibor Shodiyeva, 26-daqiqada Shahnoza Dekanboyeva, 44 va 85-daqiqada Oydinoy Turg‘unova mualliflik qildi.
Guruhda, shuningdek, KXDR 5:0 hisobida Janubiy Koreyani mag‘lub etdi va 9 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi 1-turda Janubiy Koreyaga 0:2, 2-turda esa KXDRga 0:6 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
3-tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 4 ta gol urib, o‘z darvozasidan 8 ta gol o‘tkazib yuborgan. “A” guruhida 3-o‘rinni egallagan Vyetnam futbolchilari esa 2 ta gol urgan va 7 ta to‘p o‘tkazib yuborgan. “C” guruhida uchinchi bo‘lgan Hindistonda esa to‘plar nisbati -9 ni tashkil etadi (3 ta gol urgan va darvozasidan 12 ta gol olib chiqqan).
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, guruhlarda 3-o‘rinni egallagan jamoalar o‘rtasidagi ko‘rsatkich solishtirilganda avval ochkolar soni, ular teng kelgan taqdirda to‘plar nisbatiga e’tibor qaratiladi. Bunda urilgan gollar ustunlik taqdim etadi. Shu sabab O‘zbekiston ayollar terma jamoasi eng yaxshi 3-o‘rin egasi sifatida chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
2026 yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida ishtirok etuvchi 12 ta terma jamoa 3 ta guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishgan. Guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar hamda eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan ikki nafar uchinchi o‘rin sohibi chorak finalga yo‘l oladi.
Ushbu bosqichda O‘zbekiston jamoasiga “A” guruhida 1-o‘rinni egallagan Xitoy U-20 ayollar terma jamoasi raqiblik qiladi. Mazkur o‘yindagi g‘alaba Vladimir Panov boshqaruvidagi jamoaga 2027 yilgi FIFA U-20 ayollar Jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etadi.
Ma’lumot uchun, turnir 2026 yilda Polshada o‘tkaziladigan Jahon chempionati uchun Osiyo mintaqasidagi yakuniy saralash bosqichi vazifasini bajaradi. Yarim finalga yo‘l olgan 4 ta terma jamoa ushbu musobaqa ishtirokchisiga aylanadi.













