«Bavariya» markaziy himoyachisi Jonatan Ta Chempionlar ligasini tark etgach, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Myunxenliklar «PSJ»ga qarshi javob bahsida mag‘lubiyatdan qutilib qolishdi (1:1), biroq ikki o‘yin natijasiga ko‘ra imkoniyatni boy berishdi (5:6).
«PSJ» haqli ravishda finalga chiqdi. Ikkala o‘yin ham ancha shiddatli kechdi, lekin ularni bir-biriga qiyoslab bo‘lmaydi — mazmun jihatidan ular mutlaqo farq qiladi. Bu safar «PSJ» tezkor gol urdi va shundan so‘ng juda yaxshi himoyalandi. Biz ularning mudofaasiga yetarlicha bosim o‘tkaza olmadik.
Juda alamli, ammo doim ham g‘alaba qozonish imkonsiz. Muvaffaqiyatga erishish uchun qiyinchiliklarni yengib o‘tishni bilish kerak. O‘zimiz bilan faxrlanishimizga asos bor, biz bor kuchimizni berdik», — deya Taning so‘zlarini keltirmoqda BBC.













