“Arsenal” darvozaboni David Raya ketma-ket uchinchi mavsumda Angliya Premyer Ligasining “Oltin qo‘lqop” sovrinini qo‘lga kiritdi.
Ispaniyalik posbon 2025/26 yilgi mavsumda “Arsenal” safida 36 ta o‘yinda maydonga tushib, 18 marta darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. U “Vest Hem”ga qarshi kechgan va bir nechta muhim seyvlarni amalga oshirgan o‘yindagi g‘alaba (1:0) orqali ushbu sovrin masalasini muddatidan avval hal qildi.
Ushbu “quruq o‘yin”dan so‘ng uning eng yaqin ta’qibchisi – “Manchester Siti” darvozaboni Janluiji Donnarumma endi unga yeta olmasligi aniq bo‘ldi. Italiyalik posbon hisobida 14 ta quruq o‘yin bor va uning jamoasi hisobida mavsum yakunigacha yana uchta uchrashuv qolgan.
Shu tariqa Raya Xose Reyna (2006–2008), Jo Xart (2011–2013) va Edersondan (2020–2022) keyin ketma-ket uch marta “Oltin qo‘lqop”ni qo‘lga kiritgan tarixdagi to‘rtinchi darvozabonga aylandi. Endi unga Petr Chex va Jo Xartga tegishli bo‘lgan to‘rttalik rekordni yangilash uchun yana bitta shunday sovrin kerak bo‘ladi.
Rayaning joriy mavsumdagi 18 ta quruq o‘yini uning 2024/25 yilgi mavsumdagi umumiy ko‘rsatkichidan beshtaga ko‘p. O‘shanda u ushbu sovrin uchun kurashda “Nottingem Forest” darvozaboni Mats Sels bilan bir xil natija qayd etgan edi.
“Arsenal”ning birinchi raqamli darvozaboni ushbu sovrinni ilk bor 2023/24 yilgi mavsumda — “Brentford”dan London klubiga o‘tganidan keyingi dastlabki yilida, 32 ta o‘yinda 14 ta quruq uchrashuv o‘tkazib, qo‘lga kiritgan edi.













