«Napoli» Chempionlar ligasiga yo‘llanma olganidan so‘ng, «Manchester Yunayted»dan daniyalik hujumchi Rasmus Xyoylundni to‘liq sotib oladi. Jamoa «Piza» ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, ushbu musobaqa yo‘llanmasini naqd qildi. Xyoylund ushbu uchrashuvda o‘z hisobiga gol va golli uzatma yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
The Athletic nashrining xabariga ko‘ra, to‘laqonli transfer summasi 44 million yevroni tashkil etadi. Futbolchini sotib olish haqidagi band ijara shartnomasiga kiritilgan bo‘lib, u neapolliklarning bosh yevrokubokka yo‘l olishi bilan kuchga kirishi belgilangan edi. Qayd etish lozimki, bundan avvalroq «Napoli» rahbariyati jamoa Chempionlar ligasiga chiqa olmagan taqdirda ham hujumchini baribir sotib olishini ma’lum qilgandi.
23 yoshli futbolchi joriy mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazdi — u 43 ta uchrashuvda 15 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmani amalga oshirib, Romelu Lukakuga munosib o‘rinbosar bo‘la olishini isbotladi.













