«Komo» bosh murabbiyi Fransesk Fabregas klubni tark etmasligini ma’lum qildi. 39 yoshli ispaniyalik mutaxassis qo‘l ostida jamoa 2025/26 yilgi mavsumni Italiya A Seriyasini 4-o‘rinda yakunlab, Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
«Klub prezidenti va direktori bilan uzoq suhbatlashdik. Biz keyingi mavsum uchun konsepsiyani tasdiqlab oldik. Bu yerdaligimdan juda xursandman. Men hamon ko‘p narsani o‘rganmoqdaman. Biz jamoada o‘ziga xos mentalitetni shakllantiryapmiz.
Klubning o‘sishi juda tez bo‘ldi — biz ikki yarim yildan buyon kutilganidan ham yuqori natijalarni qayd etib kelmoqdamiz. Bugundan boshlab biz Yevropada o‘ynashimiz kerak bo‘lgan murakkab va noodatiy mavsumga tayyorgarlikni boshlaymiz.
Biz ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Agar «Santyago Bernabeu» [«Real»ga qarshi] yoki «Kamp Nou» [«Barselona»ga qarshi] stadionlariga yetarlicha tayyorgarliksiz borsak, 6 ta gol o‘tkazib yuboramiz. Shu sababli darajamizni oshirishimiz va puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz shart», — dedi Fabregas.













