«Manchester Yunayted» «Atalanta» yarim himoyachisi Edersonning transferi bo‘yicha kelishuvga yaqin turibdi, deb xabar bermoqda «ESPN» o‘z manbalariga tayanib.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «qizil iblislar» 26 yoshli braziliyalik futbolchining sport huquqlarini sotib olish uchun taxminan 40 million yevro to‘lashga tayyor.
Klub 2026/27 yilgi mavsum oldidan yarim himoya chizig‘ini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb belgilagan. Ederson 2026 yilning yozida jamoaga kelib qo‘shiladigan kamida ikki nafar yarim himoyachidan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Ederson 2022 yilning iyulidan buyon «Atalanta» safida to‘p suradi, uning amaldagi shartnomasi 2027 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.
2025/26 yilgi mavsumda yarim himoyachi 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. «Transfermarkt» portali futbolchining transfer qiymatini ham 40 million yevroga baholamoqda.













