O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtiroki kelgusida yangi g‘alabalar uchun katta tajriba maktabi bo‘lishini bildirdi va yigitlarimizni qo‘llab-quvvatladi.
"Barchamiz har bir futbolchimiz va milliy terma jamoamiz bilan faxrlanamiz. Jahon chempionatidek nufuzli musobaqada O‘zbekiston bayrog‘ining hilpirashi, davlat madhiyamizning yangrashi va yurtimiz nomi butun dunyo e’tiborida bo‘lishiga ushbu jasur yigitlarimiz sababchi.
Terma jamoamizning jahon chempionatiga yo‘l olgani nafaqat o‘zbek futboli, balki Yangi O‘zbekiston sportining ulkan yutug‘i sifatida tarixga muhrlandi. Bu natija mamlakatimizda sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini, O‘zbekistonning xalqaro sport maydonida munosib o‘rin egallaganini yana bir bor tasdiqladi.
Shuni alohida e’tirof etish kerakki, terma jamoamizning o‘yinini hamyurtlarimiz qatori boshqa davlatlardan tashrif buyurgan muxlislar ham bevosita stadiondan turib tomosha qilishyapti, futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatlashyapti. Qahramon yigitlarimizning o‘yinini butun dunyo ko‘rmoqda va ular ko‘plab muxlislarning qalbidan o‘rin olishmoqda.
Minglab vatandoshlarimiz qatori terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun shu yerda ekanimizdan mamnunman. Ushbu ishtirok va orttirilayotgan tajriba kelajakda yanada katta zafarlar uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bugun barchamizni bir maqsad – Vatan sharafi yo‘lida jipslashish ruhi birlashtirib turibdi. Keling, hal qiluvchi bahs oldidan futbolchilarimizga yanada ko‘proq dalda bo‘laylik, ularni bor kuchimiz bilan qo‘llab-quvvatlaylik, terma jamoamizga omad va g‘alabalar tilaylik".













