Niderlandiyaning «Ayaks» klubi rasmiy saytida ma’lum qilishicha, Lui van Gal Amsterdam klubi kuzatuv kengashi maslahatchisi lavozimini tark etdi. Mutaxassis o‘z qarori haqida klub rahbariyatini xabardor qilgan.
Van Gal 2023 yil oktyabr oyidan buyon futbol masalalari bo‘yicha tashqi maslahatchi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. U klubdagi qator kadrlar o‘zgarishidan so‘ng muhim lavozimlarni shakllantirishda yordam berish uchun taklif qilingan.
«Mixael van Prag mening do‘stim va biz ilgari ham birga samarali ishlaganmiz. U kuzatuv kengashi raisi sifatida 2023 yilda menga murojaat qildi va men unga ham, «Ayaks»ga ham yordam berishdan mamnun bo‘ldim. O‘sha paytda muhim lavozimlarda ko‘plab o‘zgarishlar bo‘lgan, klubda futbolga oid tajriba yetishmayotgan edi. Tashqi maslahatchi sifatida Aleks Kros va Mareyn Byokerning tayinlanishida o‘z hissamni qo‘shdim.
Ammo Mixael 2025 yilda ketdi, keyin Aleks klubni tark etdi, endi esa Mareyn ham ketdi. Men uchun ham ketish vaqti keldi», — dedi van Gal.
«Ayaks» kuzatuv kengashi van Galning qarori sabab afsusda ekanini bildirgan bo‘lsa-da, uni tushunishini ta’kidladi va klub rivojiga qo‘shgan hissasi uchun mutaxassisga minnatdorlik bildirdi.













