«Bavariya» bosh murabbiyi Vensan Kompani jamoa yangi mavsumga qanday kayfiyatda yondashayotgani haqida fikr bildirdi.
«Biz qo‘rqmasdan o‘ynaydigan jamoamiz va bu menga yoqadi. Bunday energiya har doim ham bo‘lavermaydi, ammo bizda u doim saqlanib qolmoqda.
Endi yangi mavsum boshlanadi. O‘tgan mavsumda bo‘lgan voqealarni biroz unutib, barchasini boshidan boshlashimiz kerak. Gap bizning tamoyillarimiz haqida emas, ammo bizda g‘alabaga bo‘lgan chanqoqlik va yana bir bor o‘zimizni isbotlashimiz zarurligini anglash hissi bo‘lishi kerak. Bizda bu bor.
Hozir eng muhimi — barchasini to‘g‘ri bajarish. Shunda Superkubokda, keyin esa Bundesliga, yevrokuboklar va Germaniya kubogida o‘z darajamizni namoyish eta olamiz. Buning uchun to‘liq diqqatni jamlash talab etiladi.
Har bir yangi mavsum faoliyatingizdagi eng yaxshisiga aylanishi mumkin. Kayfiyat aynan shunday bo‘lishi kerak», — dedi Kompani.
Shuningdek, Vensan Kompani kelasi mavsum Chempionlar ligasidagi raqobat haqida ham fikr bildirdi.
«Evropada ham, Germaniyada ham bizning raqiblarimiz g‘alabaga chanqoq. Ularning ko‘pchiligi o‘tgan mavsumda hech qanday sovrin qo‘lga kiritmadi. Shuning uchun biz ham ularning g‘alabaga bo‘lgan chanqoqligiga mos darajada bo‘lishimiz kerak.
Biz hech qanday takabburlikka yo‘l qo‘ya olmaymiz. O‘tgan mavsumda sodir bo‘lgan voqealar endi ahamiyatga ega emas. Biz barchasini yangidan boshlayapmiz», — deya ta’kidladi Kompani.













