«Manchester Yunayted»ning musulmon muxlislari guruhi klub hamegasi Jim Retkliffning immigrasiya va mamlakatdagi umumiy vaziyat haqidagi bayonotlaridan so‘ng uning hamda Gleyzerlar oilasining klubdan ketishini talab qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
2024 yildan buyon «Manchester Yunayted» aksiyalarining 27,7 foiziga egalik qilayotgan milliarder Jim Retkliff avvalroq Buyuk Britaniya yuqori soliqlar va immigrasiya darajasi sabab tanazzulga yuz tutayotganini aytgan edi.
U keyinchalik keskin iboralari, jumladan mamlakat «immigrantlar tomonidan mustamlaka qilingani» haqidagi so‘zlari uchun uzr so‘ragan. O‘sha paytda klub inklyuzivlik tamoyillariga sodiqligini ta’kidlagan, Gleyzerlar oilasiga yaqin manbalar esa ular Retkliffning bayonotlaridan norozi bo‘lganini bildirgan.
Endi Manchester United Muslim Supporters Club (MUMSC) klubdagi amaldagi egalik tuzilmasiga ishonchsizlik bildirgan. Tashkilot bayonotida futbolchilar, xodimlar va muxlislar orasidagi xilma-xillik zaiflik emas, balki «Manchester Yunayted» shaxsiyatining ajralmas qismi ekani ta’kidlangan.
MUMSC bahsli bayonotlardan tashqari, chiptalar narxining oshishi, stadion holatining yomonlashishi va jamoaning qoniqarsiz sport natijalarini ham muammo sifatida ko‘rsatgan.
Hozirda «Manchester Yunayted» APLda to‘rt o‘yindan keyin 4 ochko bilan 13-o‘rinni egallab turibdi. Shuningdek, jamoa Angliya Liga kubogidan ham chiqib ketgan — «Brayton»ga o‘z maydonida 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan.
Retkliff klub aksiyalarining bir qismini xarid qilganidan buyon keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirdi: 450 nafar xodimni qisqartirdi, rahbariyatni yangiladi va ikki nafar bosh murabbiyni iste’foga chiqardi.
Shu bilan birga, u 2020 yildan buyon Monakoning soliq rezidenti hisoblanadi va avval Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishini qo‘llab-quvvatlagan.
«Ko‘p yillik tanazzul, bajarilmagan va’dalar va takrorlanayotgan muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng biz amaldagi rahbariyatga bo‘lgan ishonchimizni yo‘qotdik. O‘zgarish vaqti keldi: Gleyzerlar va ser Jim Retkliff ketishi kerak», — deyiladi tashkilot bayonotida.













