Milanning «Inter» klubi yarim himoyachisi Petar Suchich jamoa bilan amaldagi shartnomasini uzaytirish va uning moliyaviy shartlarini qayta ko‘rib chiqish niyatida.
FcInter1908 nashrining xabar berishicha, xorvatiyalik futbolchi Italiya klubidagi birinchi mavsumidan so‘ng ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni kutgan edi. Biroq hozircha uning bu boradagi umidlari oqlanmayapti.
Ayniqsa, Kyortis Jonsning «Inter» safiga kelib qo‘shilishi jamoa yarim himoyasidagi raqobatni yanada kuchaytirgan.
Shunga qaramay, Suchichning atrofidagi vakillar futbolchining shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb hisoblamoqda.
Ayni paytda xorvatiyalik yarim himoyachi yiliga taxminan 1,5 million yevro maosh oladi. Bu esa uni «Inter» tarkibidagi eng kam haq to‘lanadigan futbolchilardan biriga aylantirgan.
Biroq Milan klubi rahbariyati yangi kelishuv bo‘yicha muzokaralarni boshlashga shoshilmayapti. Chunki Suchichning amaldagi shartnomasi 2030 yilga qadar mo‘ljallangan va klub bu masalani shoshilinch deb hisoblamayapti.
Ma’lumot uchun, Petar Suchich joriy mavsumda Italiya chempionati va UYEFA Chempionlar ligasi doirasida jami beshta uchrashuvda ishtirok etdi. Ushbu bahslarning ikkitasini asosiy tarkibda boshladi.













