Darvozabon Lyuka Shevalye qishki transfer oynasida «Pari Sen-Jermen»ni tark etishi mumkin.
Parijliklar bosh murabbiyi Luis Enrike Matvey Safonovga ishonch bildirishda davom etmoqda. Fransiyalik darvozabon esa joriy mavsumda hali biror marta maydonga tushmadi.
L'Equipe ma’lumotiga ko‘ra, o‘yin amaliyoti yetishmayotgani sababli Shevalyening yanvar oyidayoq jamoani tark etish ehtimoli yuqori. 24 yoshli darvozabon zaxirada sakkiz oy qolib ketganidan so‘ng faoliyatini qayta tiklashga umid qilmoqda.
Transfermarkt portali Lyuka Shevalyening qiymatini 22 million yevro deb baholamoqda. Futbolchining «PSJ» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil o‘rtalarigacha mo‘ljallangan.













