«Manchester Yunayted»ning sobiq hujumchisi Ueyn Runi «Manchester Siti»ning moliyaviy qoidabuzarliklari bilan bog‘liq mojaro yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.
Angliyalik sobiq futbolchidan «Manchester Siti» chempionlik unvonlaridan mahrum etilgan taqdirda, «Manchester Yunayted»ga qo‘shimcha chempionlik berilishini xohlaydimi, deb so‘rashdi.
— Agar sizga «Manchester Yunayted» bilan yana bitta chempionlik unvonini qo‘lga kiritish imkoniyati taklif qilinsa, bunga rozi bo‘larmidingiz?
— Bu juda murakkab savol... Menimcha, futbolchilar klubda nimalar sodir bo‘layotganidan bexabar bo‘lishgan. Ular shunchaki maydonga tushib, o‘yinlarda g‘alaba qozonishgan va chempionlikni qo‘lga kiritishgan.
Biz esa chempionatni birinchi emas, ikkinchi o‘rinda yakunlaganmiz. Shuning uchun ikkinchi o‘rinni egallaganim uchun chempionlik medalini olishni istamagan bo‘lardim, — dedi Runi.
Eslatib o‘tamiz, «Manchester Siti»ga nisbatan 2009–2018 yillar davomida sodir etilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan moliyaviy qoidabuzarliklar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng ayblovlar ilgari surilgan.
Manchester klubiga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazo choralari qatorida avvalgi chempionlik unvonlaridan mahrum qilish ehtimoli ham muhokama qilinmoqda. Biroq bu borada yakuniy qaror hali e’lon qilinmagan.













