«Atletik» (Ispaniya) vingeri Niko Uilyamsning agenti Feliks Taynta futbolchining 2025 yil yozida «Barselona»ga transfer amalga oshmagani sabablarini ochiqladi.
«Biz «Barselona» bilan muzokaralar olib bordik. Albatta, «Atletik» ham vaziyatdan xabardor edi. Men ularga jarayon qanday kechayotgani haqida muntazam ma’lumot berib turdim, hatto ularga vaziyat yoqmagan paytlarda ham.
Muzokaralarni boshlaganimdayoq Niko uchun o‘yin amaliyoti qanchalik muhimligini ta’kidladim. Bu «Formula-1»ga o‘xshaydi. Agar men siz bilan muzokara olib borayotgan bo‘lsam, sizning muammolaringiz tufayli aziyat chekmasligim kerak. Men «Barselona»ga aynan shuni tushuntirdim.
Shuning uchun muayyan kafolatlar bo‘lmasa, Nikoni klubga o‘tkazish va keyin uning o‘ynamay qolishi xavfini o‘z zimmamizga ololmasligimizga qaror qildik. Gap faqat Jahon chempionati haqida emasdi. Niko — professional futbolchi va u o‘z ishi bilan shug‘ullanishi kerak. Agar sizda muammo bo‘lsa, bu menga ta’sir qilmasligi lozim. Agar bunga kafolat bera olmasangiz, unda men ham o‘z fikrimni o‘zgartirishim kerak. Hammasi aynan shunday kechdi», — dedi Taynta Goal.com nashriga ko‘ra.
Agentning ta’kidlashicha, Niko Uilyams «Atletik»dan ketish variantini jiddiy ko‘rib chiqqan. Futbolchi katta maqsadlarga ega, Bilbao klubi esa o‘z imkoniyatlari chegarasini yaxshi biladi.
«Niko ketish haqida o‘yladi, chunki u ambisiyali futbolchi. «Atletik»da esa Chempionlar ligasida g‘olib chiqishmasligini, ehtimol, Ispaniya chempionligini ham qo‘lga kirita olmasliklarini tushunishadi.
Oxir-oqibat, u ayrim variantlardan voz kechib, boshqalarini ko‘rib chiqa boshlaganida va vaziyatning barcha jihatlarini hisobga olganda, bu qaror mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini anglaganida, masalaga boshqacha yondashishga to‘g‘ri keldi. Men unga shartnomani uzaytirish g‘oyasini taklif qildim va u rozi bo‘ldi. Shundan so‘ng klub bilan shartnomani uzaytirishga qaror qilindi», — deya agentning so‘zlarini keltiradi Goal.com.
Ma’lumot uchun, Niko Uilyamsning «Atletik» bilan shartnomasi 2035 yilning yoziga qadar amal qiladi. Bitimda futbolchini taxminan 90 million yevro evaziga sotib olish bandi ham mavjud.
Ispaniyalik vinger Bilbao jamoasi safida 205 ta uchrashuvda maydonga tushib, 38 ta gol urgan va 37 ta golli uzatmani amalga oshirgan.













