Italiyaning «Napoli» klubi bosh murabbiy Massimiliano Allegrini iste’foga chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bunga jamoaning joriy mavsumdagi qoniqarsiz natijalari sabab bo‘lmoqda.
Neapolliklar mavsumning barcha musobaqalar doirasidagi dastlabki to‘qqizta uchrashuvida besh marta mag‘lubiyatga uchradi. Klub so‘nggi 20 yil davomida mavsumni bunchalik omadsiz boshlamagan edi. Bu esa Allegrining jamoadagi kelajagini so‘roq ostida qoldirmoqda.
Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, «Venesiya»ga qarshi mag‘lubiyat bilan yakunlangan uchrashuvda Allegrining tarkib tanlash borasidagi ayrim qarorlari klub prezidenti Aurelio De Laurentisni hayratda qoldirgan.
Xabarlarga ko‘ra, «Napoli» rahbariyati vaziyat yanada yomonlashgan taqdirda bosh murabbiyni almashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Allegrining ehtimoliy vorislari qatorida Igor Tudor va Tyago Motta nomzodlari bor.
Shuningdek, Turkiya milliy terma jamoasidagi faoliyatini yaqinda yakunlagan Vinchenso Montella ham neapolliklarni boshqarishi mumkin bo‘lgan mutaxassislar ro‘yxatiga kiritilgan.
Hozircha «Napoli» Allegrining iste’fosi borasida rasmiy qaror qabul qilmagan. Biroq jamoaning keyingi natijalari italiyalik mutaxassisning kelajagida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.













