«Brayton» yarim himoyachisi Diyego Gomes Angliya Premyer-ligasida «Kristal Pelas»ga qarshi uchrashuvda maydon markazidan ajoyib gol urdi.
Paragvaylik futbolchi bahsning 7-daqiqasida 51 metr masofadan zarba yo‘llab, oldinga chiqib ketgan darvozabon Valter Benitesning ustidan to‘pni darvozaga yo‘lladi.
Opta statistika portali ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2017 yildan buyon Angliya Premyer-ligasida eng uzoq masofadan urilgan gol bo‘ldi.
Bundan avval 2017 yilda Ueyn Runi 58 metr masofadan raqib darvozasini ishg‘ol etgan edi.
Qayd etish joiz, Diyego Gomes so‘nggi yetti oy ichida ilk bor gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
«Brayton» esa uchrashuvni shiddatli boshlab, 10-daqiqaga kelib «Kristal Pelas»ga qarshi hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirgan edi.













