«Nottingem Forest» yarim himoyachisi Morgan Gibbs-Uayt yo‘l harakati qoidabuzarligi bo‘yicha polisiya so‘rovlariga javob bermagani uchun jarimaga tortildi.
Nottingham Post nashrining xabar berishicha, joriy yilning 28 yanvar kuni kuzatuv kamerasi futbolchiga tegishli Range Rover avtomobili svetoforning qizil chirog‘i yonganidan 1,1 soniya o‘tib harakatni davom ettirganini qayd etgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar holatni o‘rganish jarayonida avtomobilning ma’lumotlar bazasidagi davlat raqami haqiqiy raqamidan bitta harf bilan farq qilishini aniqlagan.
Aprel oyida mashina yana to‘xtatilgan va uning Gibbs-Uaytga tegishli ekani tasdiqlangan.
Shundan so‘ng polisiya futbolchiga qoidabuzarlik vaqtida rulda kim bo‘lganini aniqlash maqsadida ikki marta xat yuborgan. Biroq Gibbs-Uayt so‘rovlarga javob qaytarmagan.
O‘tgan hafta sud uni haydovchi haqida talab qilingan ma’lumotni taqdim etmaganlikda aybdor deb topdi. Natijada futbolchining haydovchilik hisobiga 6 ta jarima balli qo‘shildi va u jami taxminan 1240 yevro to‘lashi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, Gibbs-Uayt avval ham yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun jazolangan. 2025 yilning may oyida tezlikni olti marta oshirgani sabab uning haydovchilik guvohnomasi 6 oy muddatga olib qo‘yilgandi.













