Londonning "Arsenal" klubi darvozaboni David Rayya "to‘pchilar"ning o‘yin uslubini zerikarli deb hisoblaydigan tanqidchilarga javob qaytardi.
"Har kimning o‘z fikri bor. Bu mavsumda biz 11 ta o‘yindan faqat bittasida mag‘lub bo‘ldik. Agar siz buni zerikarli yoki asabga tegadigan o‘yin deb atasangiz, nima deyishni ham bilmayman. Biz futbol o‘ynashni yaxshi ko‘ramiz. Har kuni maydonga chiqish va o‘yinlarda g‘alaba qozonish bizga yoqadi. Eng muhimi ham shu", — deb Rayyaning so‘zlarini keltiradi The Touchline nashri.
Ispaniyalik darvozabon joriy mavsumda barcha musobaqalarda o‘nta uchrashuvda ishtirok etdi. U bu o‘yinlarda beshta gol o‘tkazib yubordi va yetti marta o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.













