"Neftchi" bosh murabbiyi Islom Ismoilov Superliganing 25-turida "Paxtakor" ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alabadan keyin jamoasining chempionlik imkoniyatlari va o‘yin davomidagi taktik o‘zgarishlar haqida gapirdi.
Mutaxassis avvalo Farg‘onadan Toshkentga kelib, jamoani qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga minnatdorchilik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, "Paxtakor" maydonida g‘alaba qozonish uchun katta mehnat qilingan va futbolchilar haqiqiy xarakter namoyish etgan.
Ismoilov birinchi bo‘limda ehtiyotkor taktika tanlanganini natijaning ahamiyati bilan izohladi. Jamoa dastlab 3-4-3 tizimida harakat qilgan, ammo penaltidan keyin o‘yin rejasi o‘zgartirilib, 4-3-3 sxemasiga o‘tilgan.
"Bunday uchrashuvlarda natija birinchi o‘rinda turadi. Bizda ochko yo‘qotishga haq yo‘q edi. Hech bo‘lmaganda durangga erishishimiz kerak edi. Ikkinchi bo‘limda qanotlarni kuchaytirishni oldindan rejalashtirgandik. Alisher Odilov va Abror Ismoilovning maydonga tushishi o‘yinimizni o‘zgartirdi", — dedi murabbiy.
Shu bilan birga, Ismoilov jamoa o‘zining hujumkor futbol falsafasidan voz kechmaganini ta’kidladi. Uning fikricha, mavsum oxiriga kelib futbolchilarda charchoq kuchaygani sabab himoyaviy barqarorlikka ko‘proq e’tibor qaratish zarur.
Murabbiy "Neftchi"ning so‘nggi uchrashuvlardagi xatolarini ruhiy bosim bilan ham bog‘ladi.
"Birinchi o‘rinda bo‘lish bilan uchinchi o‘rinda yurish o‘rtasida katta farq bor. Peshqadam bo‘lganingizda uni yo‘qotishdan qo‘rqa boshlaysiz. Hozir futbolchilarimizda shunday holat sezilmoqda. Avval oson bajarilgan harakatlarda ham xatolarga yo‘l qo‘yilyapti", — deya tushuntirdi u.
Ismoilov Zoran Marushichning almashtirilishiga ham izoh berdi. Uning aytishicha, yuqori sur’atdagi o‘yin sabab ayrim futbolchilarda sonning orqa qismi mushaklari bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan. Jamoa ularni "Al-Ittihod"ga qarshi o‘yingacha tiklashga harakat qiladi.
Shuningdek, mutaxassis jarohat olgan Jokichning yo‘qligi "Neftchi" o‘yiniga jiddiy ta’sir ko‘rsatganini tan oldi. U futbolda tayanch yarim himoyachisining o‘rni katta ekanini ta’kidlab, "Manchester Siti"ning Rodri jarohatidan keyingi qiyinchiliklarini misol keltirdi.
Chempionlik poygasi haqidagi savolga javob berar ekan, Ismoilov "Paxtakor" ustidan qozonilgan muhim g‘alaba hali hech narsani hal qilmaganini aytdi.
"Hech kim xotirjam bo‘lishga haqli emas. Oldinda beshta tur bor. Chempionatda kutilmagan natijalar ko‘p bo‘lyapti. Shuning uchun hozirdan chempion bo‘ldik, deyish mutlaqo noto‘g‘ri. Barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonishga harakat qilishimiz kerak", — dedi "Neftchi" ustozi.













