«Andijon» klubi chempionatning 25-turida Samarqandda «Dinamo»ga qarshi o‘tkazilgan bahsda 1:1 hisobida durang qayd etib, bir ochkoga ega bo‘ldi. Ayniqsa, o‘yin oxirida gol o‘tkazib yuborib, qo‘shimcha daqiqalarda hisobni tenglashtirish orqali bir ochkoni qo‘lga kiritishning ahamiyati katta bo‘ldi.
Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida darvozabon Eldor Ahdamov biroz jarohat olgani sababli uning o‘rniga maydonga tushgan Artyom Potapov ham murabbiylar ishonchini oqlash uchun harakat qildi va o‘z postida ishonchli o‘yin ko‘rsatdi.
Uchrashuvdan keyin u bahs haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Artyom, Samarqanddagi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etildi. Ushbu bahs haqidagi fikrlaringiz qanday?
— Bu har qanday natija qayd etilishi mumkin bo‘lgan o‘yin edi. G‘alaba qozonishimiz ham, mag‘lub bo‘lishimiz ham mumkin edi. Nazarimda, bugungi uchrashuv uchun durang mantiqiy natija bo‘ldi.
— Demak, natijadan mamnunsiz?
— Yo‘q, to‘liq mamnunman, deb ayta olmayman. G‘alaba qozonishni xohlagandik. Ayniqsa, chempionatda anchadan beri g‘alaba qozona olmayotganimiz uchun bugun yutishni va muxlislarimizni xursand qilishni istagandik. Ammo bor gap shu — safarda bir ochko qo‘lga kiritdik. Bu ham yomon emas.
— Keyingi uchrashuv — vodiy derbisi, ya’ni «Navbahor» — «Andijon» bahsi. Bu uchrashuv oldidan nima deya olasiz? Jamoaning kayfiyati va motivasiyasi qanday?
— «Navbahor» juda yaxshi jamoa. Ammo biz, avvalo, o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratishimiz va o‘z imkoniyatlarimizdan kelib chiqib harakat qilishimiz kerak. Har qanday holatda ham bu derbi, katta ahamiyatga ega uchrashuv. Faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Biz muxlislarimizni xursand qilish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.













