Italiyaning «Inter» va «Milan» klublari yangi stadion — «Generali Stadium» loyihasini taqdim etdi. Bu haqda «Inter» klubining rasmiy sayti xabar berdi.
«Bugun «Inter» va «Milan» futbol klublari bo‘lajak uy stadioni — «Generali Stadium» loyihasini taqdim etdi. U «San-Siro» ruhini yangi davrga olib o‘tish va Milanning yangi ramziy inshootlaridan biriga aylanishni maqsad qilgan.
Ushbu loyiha shunchaki futbol stadioni emas, balki boy tarixga ega ikki klubning kelajagiga qaratilgan uzoq muddatli sarmoyadir. Bu ko‘plab avlod muxlislari uchun yangi uy, shuningdek, shaharning madaniy, iqtisodiy va shaharsozlik rivojiga hissa qo‘shadigan makon bo‘ladi.
Taqdimot katta rejalarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ldi. Ilk bor «San-Siro» merosiga hurmat ko‘rsatadigan va shu bilan birga kelajak futboli talablariga javob beradigan, jahon darajasidagi sharoitlarga ega arenaning yaxlit qiyofasi namoyish etildi.
Endi loyiha loyihalashtirish va rejalashtirishning keyingi bosqichlariga o‘tadi. Qurilish ishlarini 2028 yilda boshlash, birinchi uchrashuvni esa 2031/2032 yilgi mavsumda o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu barcha zarur ruxsatnomalar olinishi sharti bilan amalga oshiriladi», — deyiladi klub bayonotida.
Qayd etilishicha, yangi stadionning sig‘imi taxminan 71,5 ming tomoshabinni tashkil etadi.













