Futboldagi noziklik va go‘zallikni ko‘rganmiz. Ammo futboldagi shavqatsizliklarni ham aytib o‘tish joiz. Ko‘pchilik futbolchilar “millionlar o‘yini”dagi vaxshiylik tufayli muammolarga duch kelgan. Hali yosh bo‘lishiga qaramasdan, orzulari armonga aylanib, butsalarini mixga ilgan iste’dodlarning kelajagi bunday ayovsiz bo‘ladi deb kim ham o‘ylabdi deysiz. Shunday futbolchilar borki faoliyati qisqa bo‘ladi-yu biroq nomlari uzoq yillar davomida qalblarda saqlanib qoladi. Hozir esa faoliyatini jarohatlar evaziga erta yakunlagan taniqli 5ta futbolchini e’tiboringizga havola etamiz.
5. Alf-Inge Xoland
Sizningcha Erling Xolandni sotib olishi mumkin bo‘lgan jamoalar orasida "Manchester Siti" nega har doim favoritlar qatoriga kiradi? Albatta bunga asosiy sabab, otasining ortidan shu yerlarga kelib qolgani va yoshligi o‘tgan bu jamoaga bo‘lgan hurmatidir. O‘tgan asrning oxirlarida Norvegiya terma jamoasi hamda "Lids"da o‘zini ko‘rsatib "Manchester Siti" nazariga tushgan Alf- Inge Xoland 2001 yildagi bir voqeadan so‘ng ko‘pchilikning xotirasiga muhrlanib qoladi. Manchester derbisida Roy Kindan qattiq tepki yegan Alf shu zahotiyoq shifoxonaga yotadi. 2003 yilga kelib u chap oyog‘ini operasiya qildiradi va shu bilan 30 yoshida karyerasini yakuniga yetkazadi. Ammo keyinchalik bunda Roy Kinning umuman aybsizligi, u Ingening o‘ng oyog‘iga zarba bergani, muammo esa chap oyog‘ida ekanligi aniq bo‘ladi. Alfning o‘g‘li Erling Xoland hozirgi futbol dunyosida shunchaki tepki yeydigan futbolchi emas. Menimcha, boshqalar undan zarba qabul qilib olishi haqiqatga yaqinroq.
4.Uli Xyonnes
Chempionlar ligasi kubogining 3 karra sohibi, Germaniya bilan Yevropa chempionati hamda Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Hyonnes ham faoliyatini erta tugatishga majbur bo‘lgan. 1975 yil Chempionlar ligasi finalida Hyonnes tizzasidan og‘ir jarohat oladi va maydonni tark etadi. Bir necha yillardan so‘ng yana katta futbolga qaytadi. Oldingi formasida o‘ynay olmagan forvardga faoliyatining so‘ngi yillari juda qiyin kechadi. Tizzadagi muammo surunkali bo‘lib, har yili halaqit berar edi. Natijada futbolchi 27 yoshidan so‘ng boshqa futbol o‘ynamaydi. Atigi 9 yil ichida 350 ta o‘yinda maydonga tushib 122 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan "Bavariya" afsonasi jonajon klubidan ketmadi. Dastlab murabbiy, keyinchalik klub prezidenti sifatida jamoasining yanada kuchli bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi.
3. Matias Zammer
“Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritgan kamyob futbolchilardan biri Matias Zammer 30 yoshigacha futbol o‘ynadi. Faoliyatini yarim himoyachi pozisiyasida boshlab, professional himoyachi sifatida yakunlagan Germaniyalik futbolchining tizzasidan olgan jarohati unchalik jiddiy emas edi. Operasiya paytida tanasiga infeksiya tushib, futbolga qaytishi qiyin bo‘ldi. Oldingi formaga qaytish uchun qilingan barcha urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Shundan so‘ng 1998 yilda Zammer futbolchilik faoliyatiga yakun yasadi.
2. Sebastyan Daysler
O‘z davrining eng kuchli futbolchilaridan biri hisoblangan Sebastyan Daysler Germaniya terma jamoasiga juda erta chaqirilgan. U gohida qanot yarimhimoyachisi, gohida qanot himoyachisi pozisiyalarida o‘ynab o‘ng qanotni yondirib tashlar edi. Dayslerning o‘yinlaridan zavqlangan "Bavariya" rahbariyati 2002 yilda uni jamoaga taklif qilishadi. O‘yinlardan birida futbolchi tizzasidan og‘ir jarohat oladi. Shu tufayli bir yilda besh marta operasiya qilinadi. Jarrohlik amaliyotlaridan charchagan Sebastyan keyinchalik ruhiy tushkunlikka ham tushib qoladi. Uzoq yillik davolanishlardan so‘ng tuzaladi va tugallanmagan faoliyatiga 27 yoshida nuqta qo‘yadi.
1. Marko van Basten
"Milan"dagi faoliyatini shu qadar erta yakunlanganiga qaramay, niderlandiyalik futbolchi ajoyib hujumchiga aylana olgan. Uning Yevropa chempionati final o‘yinida SSSR terma jamoasi darvozasiga urgan goli hali hamon ko‘plab muxlislarni hayratga soladi. Van Bastenni yoshligidan buyon bitta muammo qiynar edi. Bu muammo uning tizzalarida edi. Ammo u futbol o‘ynashni davom ettirishga qaror qilgan. Faoliyati davomida Marko har doim oyog‘idagi og‘riqlardan aziyat chekardi, shu sababli u bir nechta operasiyalarni o‘tkazishga majbur bo‘ldi. 28 yoshida “lolalar o‘lkasi”da to‘g‘ilgan hujumchi futbolni tugatish vaqti kelganini tushunib yetadi.
«Faoliyatimni tugatishga qaror qildim, chunki to‘pig‘im bir necha oy davomida og‘riq sezmoqda. Ikki hafta oldin men doktorim bilan gaplashdim. Men endi faoliyatimni tugatishim kerakligini tushundim", - deydi Marko.