Ispaniya chempionatining 10-turidagi markaziy uchrashuvda Kataloniyaning «Barselona» klubi o‘z maydonida Madridning «Real» jamoasiga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. «Ko‘k-anorranglilar» prezidenti Joan Laporta ushbu natija haqida fikr bildirdi.
«Bu biz uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Ammo jamoa tezda o‘zini tiklab olyapti. Tarkibimizda ko‘plab yosh futbolchilar bor. Murabbiylar shtabi mag‘lubiyat sabablarini tahlil qildi. Oldinda bizni hali uzoq yo‘l kutmoqda.
«Real» eng yaxshi futbolchilarimizni juda yaxshi nazorat qildi. Shunga qaramay, biz hali ham birinchi o‘rindamiz. Maqsadimiz o‘zgarmagan», — deya Laportaning so‘zlarini keltiradi Marca gazetasi.
La Liganing 10 turidan keyin «Barselona» 27 ochko jamg‘argan va «Real»dan uch ochko oldinda bormoqda.













