Italiyaning “Julyano” klubi O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat yuritayotgan Paolo Kannavaroni bosh murabbiylikka taklif qilmoqchi bo‘lgan. Biroq tomonlar og‘zaki kelishuvga erishganiga qaramay, mutaxassis Italiya klubini boshqarishdan voz kechib, O‘zbekiston terma jamoasida qolishga qaror qilgan. Bu haqda TuttoMercatoWeb nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Julyano” Raffaele Di Napolini iste’foga chiqarganidan so‘ng 45 yoshli Paolo Kannavaroni asosiy nomzod sifatida ko‘rgan. Tomonlar 2027 yil iyunigacha mo‘ljallangan, uzaytirish imkoniyati ham mavjud shartnoma bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishgan. Biroq murabbiyning O‘zbekiston terma jamoasi bilan amaldagi shartnomasi kelishuvning amalga oshishiga to‘sqinlik qilgan. Italiyada mustaqil murabbiylik faoliyatiga qaytishi uchun u O‘zbekiston tomoni bilan shartnomani bekor qilish masalasini hal etishi kerak edi.
Yakunda Paolo Kannavaro kamida 2027 yilgi Osiyo Kubogigacha O‘zbekiston terma jamoasida qolishga qaror qilgan.
Paolo Kannavaro 2026 yil boshida O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabiga qo‘shilgan. Italiya matbuoti uning jamoa bilan ishlayotganini yanvar oyida Dubayda o‘tkazilgan yig‘in vaqtidayoq yozgan. Mart oyida esa jurnalist Nikolo Skira mutaxassisning murabbiylar shtabiga rasman kirgani haqida xabar bergan. O‘zbekiston futbol assosiasiyasi uning tayinlangani haqida alohida e’lon bermagan.
Paolo va uning akasi Fabio Kannavaro avval Xitoyning “Guanchjou” klubida, shuningdek, Italiyaning “Benevento” va “Udineze” jamoalarida birga ishlagan. Paolo O‘zbekiston terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida va mundialning o‘zida ham murabbiylar shtabida bo‘lgan. Turnirdan keyin ham faoliyatini davom ettirgan. Sentyabr oyida u navbatdagi yig‘inga tayyorgarlik ko‘rish uchun jamoa bilan Toshkentda bo‘lgan.
Fabio Kannavaro 2025 yil oktyabridan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarib kelmoqda. U tayinlanganida O‘FA birinchi vise-prezidenti Ravshan Ermatov bosh murabbiy bilan 2+3 shaklidagi shartnoma imzolanganini ma’lum qilgandi.













