Harri Keyn «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi. «Bavariya» va Angliya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappeni atigi 40 ochkoga ortda qoldirdi. Shuningdek, Keyn Bundesligada 36 ta gol urgani uchun «Oltin butsa» sovriniga ham ega chiqdi.
33 yoshli futbolchi faoliyati yakunlanganidan keyingi hayoti haqida ham o‘ylay boshlagan. Shu bois u Angliyada ulkan uy qurmoqda. Faoliyatini tugatgach, Keyn oilasi bilan shu yerga ko‘chib o‘tishni rejalashtirgan.
Uch yilda 24 million yevrolik qasr
2023 yilda Harri Ventvort elit turar joy majmuasidan 6 million funt sterlingga katta qasr sotib olgan. Ushbu hudud yuz yildan ortiq vaqtdan beri boy angliyaliklar orasida mashhur. Ventvortning ilk yashovchilaridan biri Agata Kristi bo‘lgan. Keyinchalik bu yerda qirollik oilasi a’zolari, sportchilar va yirik tadbirkorlar ham uy-joy sotib olishgan.
Majmua o‘zining maxfiyligi va ulkan golf klubi bilan mashhur. Shu sababli bu yerdan Jon Terri, Andrey Shevchenko va ser Elton Jon kabi mashhur shaxslar ham uy xarid qilgan.
Qasrni sotib olganidan keyin Keyn eski binoga buzishga kirishgan va hududni qayta qurishni boshlagan. Uch yil davomida futbolchi uchun ulkan mulk barpo etildi. Uning qiymati 20 million funt sterlingga, ya’ni taxminan 24 million yevroga baholanmoqda.
Mahalliy aholi binodagi me’moriy uslublarning o‘xshashligi sababli uni Bukingem saroyi bilan taqqoslamoqda.
Ikki qavatli uy butun oila uchun mo‘ljallangan. Unda alohida hammom va kiyinish xonalariga ega to‘rtta yotoqxona bo‘ladi.

Uyda butsalar uchun alohida xona bor
Qasrning birinchi qavatida futbol butsalarini saqlash va ularga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus xona ajratilgan. Keyn rafiqasi uchun esa makiyaj va parvarish ishlariga mo‘ljallangan alohida xona tashkil etgan.
Bundan tashqari, binoda xizmatchilar uchun ikkita yotoqxona va hashamatli burama zinapoyalar ham ko‘zda tutilgan.
Yer ostida kinoteatr, bar va golf maydoni
Qasrning eng qiziqarli qismi yerto‘lada joylashgan. Keyn bu yerda mehmonlarni qabul qilishi va dam olishi mumkin. Buning uchun u yer ostida kichik kinoteatr, bar, dam olish hududlari va hatto golf o‘ynash uchun maxsus xona qurdirgan.
Ushbu xonada virtual muhitda golf zarbalarini mashq qilish imkonini beruvchi simulyator o‘rnatilgan. Infraqizil kameralar va sensorlar golf tayoqchasining harakatlarini qayd etadi hamda to‘pning harakat trayektoriyasini katta ekranda aks ettiradi.
Keyn ushbu trenajyor uchun 200 ming dollar sarflagan. Qizig‘i, uning uyi mamlakatdagi eng yaxshi golf klublaridan biriga atigi 10 daqiqalik masofada joylashgan.
Yerto‘lada futbolchi uchun sport zali va beshta avtomobil sig‘adigan garaj ham bor. Keyn yirik krossoverlarni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun garajga maxsus harakatlanuvchi platforma o‘rnatilgan. U avtomobillarni chiqish tomonga qaratib buradi va tor joyda orqaga yurib manyovr qilish zaruratini yo‘qotadi.
Angliyalik futbolchi faqat ushbu moslama uchun 20 ming funt sterling to‘lagan.
Ronaldunikidan farqli ravishda, Keyn jonli to‘siq tanladi
Qasr atrofidagi hududni obodonlashtirish jarayonida ham qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Keynning asosiy talablaridan biri hududning to‘liq daxlsizligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘lgan.
Biroq Ventvort qoidalari uy egalariga beton yoki temir to‘siqlar qurishni taqiqlaydi. Krishtianu Ronalduning uyi bilan bog‘liq vaziyatdan farqli ravishda, Keyn begona ko‘zlardan himoyalanishning boshqa yo‘lini topgan: u qasr atrofini butalar va baland ignabargli daraxtlardan iborat jonli to‘siq bilan o‘rab olgan.
Yana bir muammo ekologik talablar bilan bog‘liq bo‘lgan. Qasr tabiatni muhofaza qilish hududida joylashgani sababli qurilish ishlari ekologlar bilan kelishilgan. Ularning ko‘rsatmasiga binoan, hududda ko‘rshapalaklar uchun maxsus qo‘nish joylari ham tashkil etilgan.













