Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Sanjar Tursunov: «Hamma narsani pul hal qilavermaydi»

Sanjar Tursunov: «Hamma narsani pul hal qilavermaydi»

Baho:
+ | -

Hamyurtimiz Sanjar Tursunov Qatar Yulduzlar ligasi ishtirokchisi «Al-Xaraytiyat» klubi bilan shartnoma imzoladi. «Vorskla»ning sobiq yarim himoyachisi uchun bu chempionat begona emas, chunki «Umm-Salal» sharafini himoya qilishga ulgurgan. «Al-Xaraytiyat» jamoani tark etgan avstraliyalik Erik Partalu o‘rniga Tursunovni o‘z safiga qo‘shib oldi. Tomonlar o‘rtasida imzolangan shartnoma 1,5 yilga mo‘ljallangan. Termamizga nomzod yarim himoyachi 29 dekabrda tug‘ilgan kunini nishonladi. Aynan shu kuni uni tavallud ayyomi bilan tabriklash bahonasida Sanjar Tursunovdan eksklyuziv intervyu oldik.

- Sanjar, Qatarning «Al-Xaraytiyat» klubi bilan kelishuv qay tarzda amalga oshdi?

- Qatar jamoasi noyabr oyida rasmiy taklif bilan chiqqan edi. Muzokaralar o‘shandan beri davom etdi. Dekabr oyi o‘rtalarida har ikki tomonni qanoatlantiradigan kelishuvga erishdik. Qatarga yetib bordim, u yerda tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, shartnomaga imzo chekdim.

- Bitim 1,5 yilga tuzildi, de-yishyapti. Bu ma’lumotni tasdiqlaysizmi? Tanishtiruv marosimi qachonga belgilangan?

- Ha, bu to‘g‘ri ma’lumot. Aynan shuncha muddatga shartnoma imzoladim. Hozirda mashg‘ulotlarda ishtirok etyapman. Tanishtiruv marosimi haqida hali aniq ma’lumot berishmadi. Menimcha, taqdimot «Al-Sadd»­ga qarshi kechadigan o‘yin oldidan o‘tkazilsa kerak.

- Bu klubning taklifi sizni nimasi bilan o‘ziga qarata oldi? Faqat moliyaviy tomonimi yoki Qatar futboli sizga begona bo‘lmagani uchunmi?

- Pul har doim ham hamma narsani hal qilavermaydi. Birinchi galda bu klubning yangi transfer bozori ochilmasidan qiziqish bildirgani e’tiborimni tortdi, chunki aniq taklif bilan chiqishgandi. Kelishuvga erishish ham qiyinchilik tug‘dirmadi. Shartnoma bandlari bo‘yicha tezda kelishib oldik. Eng muhimi, menga Qatar, xususan, Doxa shahri juda ham yoqadi. 2011 yili ushbu mamlakatda o‘tkazilgan Osiyo chempionatidayoq bu shahar meni o‘ziga maftun qilgandi. Ham «Umm-Salal», ham «Al-Xaraytiyat»ga o‘tishimga asosiy sabablardan biri ushbu mamlakatning yoqishi bo‘lgan.

- Aslida, «Umm-Salal»dan ketishingizga nima sabab bo‘lgandi?

- Mazkur klub yangi shartnoma taklif qilgandi, lekin shartlar menga ma’qul kelmadi. Natijada ikki tomonning o‘zaro roziligi bilan jamoani tark etdim.

- «Vorskla» varianti o‘sha payt paydo bo‘lganmidi yoki Poltava klubidagilar «Siz uchun hamisha eshigimiz ochiq», deyishganmidi?

- Shu gapingiz to‘g‘ri. «Vorskla»dan ketayotganimda ham klub rahbarlari va murabbiylar shtabi bilan yaxshi kayfiyatda xayrlashgan edik. O‘shanda ular «Sanjar, istagan paytda qaytib kelishing mumkin», deyishgandi. «Umm-Salal»ni tark etayotganimni eshitgach, darhol aloqaga chiqishdi va men yana Ukraina chempionatiga qaytdim.

- «Vorskla»ning futbolchilardan qarzdorligi saqlanib qolayotgan ekan. Buni jamoa futbolchilari, xususan, o‘zingiz ham mahalliy matbuotga bergan intervyungizda aytdingiz. Vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmadimi?

- Haqiqatan ham shunday. Eng kam qarzdorlik mendan bo‘lsa kerak. Chunki Poltava jamoasi safiga sentyabr oyida borib qo‘shilgandim. Yuqorida pul hamisha ham rol o‘ynayvermaydi, dedim. Futbolda shunday paytlar bo‘ladiki, siz uchun o‘yin amaliyoti birinchi darajaga chiqadi. Sport formamni ushlab turish uchun ham «Vorskla»ga qaytishga to‘g‘ri kelgan. Borishimdan oldin Ukraina klubidagi sharoitni bilardim. Vaziyat deyarli o‘zgarmagan, lekin sekin-astalik bilan bo‘lsada, qarzlarni uzishyapti.

- Hozir qayerda yashayapsiz? «Al-Xaraytiyat» tomonidan alohida uy berildimi? Har holda sharoitlar yomon bo‘lmasa kerak?

- Hammasi yaxshi. Hozircha mehmonxonada turibman. Tez orada klub ajratgan alohida uyga ko‘chib o‘taman.

- Jamoa bilan tanishishga ulgurdingizmi?

- Bosh murabbiy ilk mashg‘ulotimdayoq hamma bilan tanishtirdi. «Umm-Salal»da o‘ynab yurgan kezlarim ularning ayrimlarini tanirdim. Tarkibda mendan tashqari Braziliya va Marokashdan kelgan legionerlar bor. Shu kunlarda safimizga yana bir xorijlik futbolchi kelib qo‘shilishi kerak.

- Murabbiy xorijlikmi? U bilan gaplashib oldingizmi?

- Ha, bosh murabbiy xorijdan. Ilk mashg‘ulotim oldidan gaplashib oldik, o‘z talablarini aytdi.

- Jamoa 13ta o‘yindan 7tasida mag‘lubiyatga uchrab, 10-o‘rinda bormoqda. Oxirgi pog‘onadagi klub bilan 3 ochkolik farq bor ekan. «Xaraytiyat» vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartira olarmikan?

- Klubimiz so‘nggi ikki o‘yinda g‘alabaga erishgan. O‘ylashimcha, o‘z o‘yinini topib olyapti. Hali oldinda uchrashuvlar ko‘p.

- Sanjar, 3 yanvar kuni yangi klubingiz tarkibidagi debyut uchrashuvdayoq kuchli raqib - «Al-Sadd»ga qarshi maydonga tushasiz. Bo‘lajak o‘yindan nimalarni kutyapsiz?

- «Al-Sadd» bilan yaqindan tanishman. Tarkibida yulduz futbolchilar bor. Ulardan biri - Xavi. Lekin bu yilgi o‘yinlarini ko‘rmadim. Har qanday holatda ham biz g‘alaba uchun maydonga chiqamiz.

- Qatarga qaytganingizdan ke-yin Sardor Rashidov bilan gaplashmadingizmi?

- Doxaga yetib kelgan kunimoq ko‘rishdik, Qatar chempionatiga qaytganim bilan tabrikladi. Bu tomonlama o‘zimni ushbu mamlakatda yolg‘iz his qilmayman. Sardor o‘z o‘yinini topib oldi, ketma-ket gollar uryapti. Uning muvaffaqiyatidan xursandman.

- Terma jamoaga qaytishga harakat qilishingiz kerak. Bu haqida ham o‘ylayapsizmi?

- Hozir o‘y-xayolim shunda. Astoydil intilyapman. Terma jamoadan chaqiruv olishni kutib qolaman.

- Oliy ligamizning o‘tgan mavsumi xususida fikringiz qanday?

- O‘zbekiston chempionatini faqat internetda ko‘rib boraman. Chunki oliy ligamiz bahslarini translyasiya qilishmaydi. Jamoalarning turnir jadvalida egallagan o‘rinlariga qarab baho beradigan bo‘lsam, «Lokomotiv» bu yil eng kuchli ekanligini amalda isbotladi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 18:30, 08.01.2017.
O'qildi: 7996 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.