Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 3-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

Ahmedov Xitoyda - bu yaxshimi yoki yomon?

Ahmedov Xitoyda - bu yaxshimi yoki yomon?

Baho:
+ | -

Futbol yangiliklarida Lassana Diarraga “Manchester Yunayted” qiziqib qolganligi va  Odil Ahmedovning Xitoy klubiga o‘tayotgani haqidagi xabarlarni orqama orqa o‘qib qolayotganimda, kimdir kelib, Ahmedovning Xitoyga o‘tishi yuqoriga ko‘tarilish hisoblanadi, deb qolsa, esing joyidami, degan bo‘lardim.

Ahmedov to‘p suradigan yangi klubda Xalk, Oskar kabi braziliyalik futbol yulduzlari to‘p suradi. Jamoaga Andre Villash Boash murabbiylik qiladi. “Krasnodar” tarkibi ham, uning murabbiyi ham, jamoa ambisiyalari ham o‘sha Shanxay jamoasi yaqiniga kela olmasligi shubhasiz. Bu faktni inkor eta olmayman, albatta. Bu jihatdan qaraganda, boyagi, men xabar o‘qib o‘tirganimda kelib qolgan o‘rtog‘imning fikrlari to‘g‘ridek. Ammo…

Menimcha, qo‘yida tushuntirib bermoqchi bo‘layotganim, ikki sabab bilan, Odil Ahmedovning Rossiya chempionatidan Xitoyga ko‘chib o‘tishi orqaga tashlangan qadamdir. Hech bo‘lmasa, oldinga tashlanishi mumkin bo‘lgan qadamlardan voz kechish demakdir.

Birinchidan. Xitoy va Rossiya chempionatidagi raqobat o‘rtasidagi farqlar.

AQSH, Qatar yoki Xitoy qanchalik shov-shuv qilib, qator yulduzlarni o‘ziga jalb qilmasin, aynan raqobat bobida, futbolchi uchun belgilangan minimal talablar borasida Gollandiya yoki hatto Shveysariya chempionatlaridan past deb bilaman.

Jamoa yoki chempionatning saviyasini aniqlashda o‘sha jamoa yoki chempionatda to‘p surayotgan eng yaxshi futbolchilarni solishtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Jamoa tarkibining o‘rtacha saviyasini aniqlash kerak. Aytaylik, Xalk yoki Oskar kabi futbolchi “Krasnodar”da yo‘q, ammo “SHanxay SHIPG” asosiy tarkibida to‘p suradigan aksariyat futbolchilar “Krasnodar”ning asosiy tarkibiga torta olishmaydi.

Osonroq tushuntirish uchun olti yil oldingi “Bunyodkor”ni misol keltirishim mumkin. Sahob Jo‘raev “Bunyodkor”da Rivaldo bilan birga to‘p surgan. Denisov esa Ukraina chempionatida “Dnepr” sharafini qo‘riqlagan. Xo‘sh, Rivaldoni o‘lchov qilib, Jo‘raev kuchliroq chempionatda, kuchliroq yulduz bilan to‘p surmoqda, deyish to‘g‘ri bo‘larmidi? Agar o‘shanda Denisov “Dnepr”ni tashlab, “Bunyodkor”ga kelganida, bu voqeani oldinga tashlangan qadam deya olarmidik? Hozir Jo‘raev qaerda-yu, Denisov qaerda?

Shubhasizki, Ahmedovning “SHanxay” jamoasi asosiy tarkibidan joy olishi “Krasnodar”dagi o‘z o‘rnini ushlab qolishidan osonroq. “Krasnodar”ning Rossiya chempionatidagi raqiblarining o‘rtacha darajasi Xitoy jamoalarinikidan yuqoriroq.

Ikkinchidan.

Yuqorida bekorga Lassana Diarrani eslamadim. “Lokomotiv” a’zosi sanalgan va Ahmedovdan 2 yosh katta bo‘lgan ushbu futbolchi Angliya chempionatida o‘ynab qolishi mumkin. Umuman, Odilning yoshi o‘tib borayotgani, bundan keyin Rossiyadan boshqa joyda o‘ynashi imkonsiz ekani haqidagi fikrlarga qo‘shilmayman. Bu shunchaki o‘zini ovutish xolos.

Men hatto shu yaqinda ham, “Krasnodar”ning Evropa Ligasida  “Manchester Yunayted” yoki “Inter”ga qarshi kelib qolishi, o‘sha o‘yinda hamyurtimiz ajoyib o‘yin ko‘rsatib, raqibning e’tiborini tortishini orzu qilib yurgandim. Ha nima, bunday misollar yo‘qmi? Ahmedov shu yoshida ham qandaydir kuchli Evropa jamoasining e’tiboriga tushishi hech gap emas edi. Ali Dayi 29 yoshida “Bavariya” a’zosiga aylangandi, misol uchun.

Endi bundan so‘ng, Odil Ahmedov hech qachon top chempionatlarda to‘p surmaydi. Xitoyda pul qancha ko‘p bo‘lmasin, u erdan futbolchi sotib olishmaydi. Xitoy chempionati asosan mahalliy futbolchilar va nafaqadagi yulduzlar to‘p suradigan maskanga aylanadi. Chunki moddiy tarafdan ham, sport nuqtai nazaridan ham, Xitoy variant hech qanday oldinga qadam tashlash emas, balki yo‘lning oxiridir.

Agar Ahmedov biror top chempionat klubiga o‘tganida, ham futbol nuqtai nazaridan, ham moddiy tarafdan yaxshiroq shartnomaga ega bo‘lardi. Ahmedov “Krasnodar” a’zosi sifatida xuddi shu variantni orzu qilishi mumkin edi. Ammo Xitoyda turib bunday orzuni qilish qiyin. Odil hozir “Krasnodar”dan ko‘ra yaxshiroq shartnomaga ega bo‘lib bo‘ldi, endi u Evropaga kuchliroq jamoani orzu qiladigan bo‘lsa, bugungi maoshidan kamroq taklifga rozi bo‘lishi kerak. Bunga esa, hech bir futbolchi ko‘nmaydi. Aytmoqchimanki, Odil Ahmedov uchun oldinga qadamning moliyaviy tarafi hal bo‘ldi xolos. Bu esa futbolchidagi motivasiyani o‘ldiradi, keyingi qadamlarni tashlash istagini yo‘qotadi. Aminmanki, Odil Ahmedovning oxirgi jamoasi yo Xitoydan yoki O‘zbekistondan bo‘ladi. Afsus.

Tanganing boshqa tomoni, Ahmedov “Krasnodar”da o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘yishi mumkinligi, aksincha, Xitoyda yulduzlar ichida o‘ynab, o‘z sport  formasini yaxshiroq ushlab, terma jamoamizga foydasi tegishi mumkinligini aytayotganlar ham bor. Balki shunaqadir.

Ammo bilasizmi, futbolimizga foyda keltirish deganda, faqat terma jamoa safida to‘p surib, gollar urishni tushunmaslik kerak. Men Trinidad Tobagoda futbol borligini, umuman Trinidad Tobago borligini Duayt York tufayli bilganman. Liberiya terma jamoasining birorta o‘yinini ko‘rmagan bo‘lsam ham, Jorj Veaning o‘sha erdan ekanini bilaman. O‘sha Vea aslida Evropadagi afrikalik yulduzlarning birinchilaridan ekani, aynan Veaning muvaffaqiyatli o‘yinlari afrikalik futbolchilarga ishonch paydo qilib, nafaqat Liberiya, butun Afrika futbolini, Afrika terma jamoalarini kuchaytirib yuborganini bilamiz-ku?

Evropa futbolida o‘zbek o‘g‘lonining javlon urishi albatta, boshqacha voqea bo‘lardi. Balki shu baxona, Evropa klublarining bizning futbolchilarga bo‘lgan e’tiborlari o‘zgargan bo‘larmidi, deb o‘ylab qolaman.

Aslida balki, Odil Ahmedov “Krasnodar”da qolsa, baribir Evropaga ketish imkoniyati bo‘lmasdi. Buni balki Ahmedovning o‘zi yaxshi bilardi. Uning agenti, uning maslahatchilari ham juda yaxshi bilishardi. Ahmedovga hali umuman mavjud bo‘lmagan variantni tanlashini talab qilishim, uni ayblashim noto‘g‘ri. Balki Ahmedov ayni damda o‘zi uchun ham, futbolimiz uchun ham eng to‘g‘ri qarorni qabul qildi. Balki Ahmedov allaqachon vaziyatga real qarab, Evropa orzusidan voz kechib bo‘lgandir. Roziman.

Maqola Ahmedov haqida emas. Maqola men haqimda. Ahmedovni Ispaniya yoki Angliya chempionatida ko‘rish orzuim ana endigina, rasman armonga aylanganini aytyapman. Men hali voz kechmagandim.

Qahramon ASLANOV, «Erudit Sport» gazetasidan.

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 12:21, 16.01.2017.
O'qildi: 9971 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.