Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Taktik tahlil: “Real”ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga qanday barham berildi?

Taktik tahlil: “Real”ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga qanday barham berildi?

Baho:
+ | -

“Real”ning 40 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berildi, “Sevilya” o‘z maydonida irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi. Quyida “Ramon Sanches Pisuxan”da kechgan shiddatli uchrashuvning taktik tahlilini e’tiboringizga havola qilamiz.

To‘rt kun avval Ispaniya kubogi doirasida mazkur stadionda bo‘lib o‘tgan murosasiz kurash 3:3 hisobida yakun topgan edi. Ushbu bahsdan kelib chiqib, Zayniddin Zidan himoyani kuchaytirishga qaror qildi va bu safar asosiy tarkibni 3-5-2 taktik sxemasida maydonga tushirdi. Shu tarzda, fransuz mutaxassisi maksimal ehtiyotkor taktikani o‘yinga tanladi.

Ushbu taktika ma’lum darajada ijobiy holatlarni ko‘rsatdi, chunki “Sevilya” o‘yinning katta qismida qiyinchilik bilan hujum uyushtirdi, “Real” esa qanotlarni maksimal darajada yopish hisobiga Sampaoli jamoasining xavfli qurolini ishga solishiga yo‘l qo‘ymadi.

Sampaoli qo‘l ostidagi “Sevilya” hujumlarini asosan qanotlar orqali shakllantiradi va bu borada Vitolo hamda Samir Nasrining mahorati va tezligiga tayanadi.

Sevilya

Umuman olganda, Andalusiya jamoasining o‘yini qisqa paslarga asoslangan. Yuqoridagi sxemada ko‘rib turganingizdek, maydon egalari asosiy kuchni chap qanotga tashladi va bu zonada Eskudero-Nzonzi-Vitolo-Nasri bir-biriga qisqa to‘p uzatmalarini amalga oshirish orqali o‘yinni boshqardilar. Maqsad, “Real” himoyachilarini o‘zlariga tortish hamda Franko Vaskes-Ben Yedder juftligini uzun to‘p uzatishi bilan bo‘sh zonaga chiqarish edi. Bunday taktika bir necha bor ish berdi, biroq raqibga jiddiy xavf tug‘dira olmadi. Madridliklarning chap qanot himoyasi ko‘pincha maydon egalarining urinishlari va uzatmalarini to‘sib qolishning uddasidan chiqdi.

Markaziy himoyachilar uchun qo‘shimcha kuchlarning borligi “Real”ning gorizontal zichligini yaxshiladi, Karvaxal va Marselo esa shunday kenglikda joylashdiki, osonlik bilan “Sevilya”ning qanotlarini yopib turdilar.

O‘yin davomida “Sevilya”ga qanotlar va qisqa paslardan unumli foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Zidan ikki markaziy yarim himoyachiga orqaroqda va kengroq o‘ynashga ko‘rsatma berdi. Madridliklarning o‘z jarima maydoni yaqinidagi son ustunligi “Sevilya”ning kombinasion harakatlarini to‘sib, ko‘proq orqaga o‘ynashga yoki tavakkal qarorlar qabul qilishga majbur qildi. Bunday holatda yo‘l qo‘yilgan xato “Real”ga tezkor qarshi hujum uyushtirish imkonini yuzaga keltiradi.

“Sevilya” uchun navbatdagi variant – o‘yinni boshqa qanotga ko‘chirish va juda qisqa vaqt orasida “Real”ning qanot fulbekiga qarshi son ustunligini ta’minlash edi.

Sampaoli hujum tashkil etishning bu variantini deyarli qo‘llamadi (gap to‘pning qanotlarga tezkor yerlab uzatilishi haqida ketmoqda). Buni qaysidir ma’noda uning taktik xatosi sifatida baholash mumkin, boshqa tarafdan esa, “Sevilya” ataydan bunday strategiyadan voz kechgan bo‘lishi mumkin, chunki “Real” gorizontal jipslikni ta’minlagandi, qolaversa, Ronaldu va Benzema ham ancha ortga qaytgan, kutilmagan to‘p oldirilib qo‘yilishi maydon egalari uchun yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi aniq edi.

Buning o‘rniga, o‘yinni bir qanotdan ikkinchisiga ko‘chirish uchun “Sevilya” uzun to‘p uzatishlaridan foydalanishga qaror qildi. Vazifani maydon egalari ancha yaxshi bajargan bo‘lsa-da, tanlangan strategiyadan natija chiqarish juda murakkab edi. Buning uchun Sampaolidan o‘ng qanotda o‘zaro yaxshi qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashi talab qilinardi. Biroq yuqorida keltirilgan sxemasida ko‘rinib turibdiki, Nasri ham, Vitolo ham chap qanotga urg‘u berishdi va o‘ng tomonga tez-tez ko‘maklashishga jismonan kuchlari yetmasdi.

Pressing

Bu o‘yinda “Real” ancha ortga qaytdi, shunga qaramay, “Sevilya” futbolchilarini yuqori pressing qilishga urindi.

Yuqoridagi sxemada ko‘rinib turibdiki, Ronaldu va Benzema bu bahsda “Real”ning asosiy pressing uyushtiruvchilariga aylanishdi, ular markaziy himoyachilar va darvozabonni yopishga, shuningdek, qisqa paslarni to‘sib qolishga urinishdi.

Qanotlarga qarab, yoki Modrich, yoki Kroos hujumchilar bilan birga uchburchak shaklini hosil qilib, pressingga ko‘maklashdi.

O‘z maydoni hududida “Real” chap tarafda faolroq pressing namoyish qildi, biroq “Sevilya” qarama-qarshi qanotga uzun to‘p uzatishi orqali bunday bosimdan chiqib ketdi.

“Real”ning hujumdagi muammolari

Bu bahsda “Real” e’tiborni himoyaga qaratgan edi, shuning uchun “qaymoqranglilar”ning hujumdagi ishiga havas qilib bo‘lmasdi.

E’tiborli jihati, “blankos” hujumni markaz bo‘ylab tashkil etishga umuman urinmadi.

Bunga sabab bitta – taktik sxemadagi o‘zgarish tufayli, hujumda ijrochilarning yetishmasligi.

Ikki hujumkor futbolchi bilan o‘ynash “Real”ga hujumni pozision tashkillashtirish orqali vaziyatlar yaratishga imkon bermadi.

“Real”ning asosiy xatosi – o‘yinni past tempda tashkil etishi bo‘ldi. Hujumda ustunlikning son jihatdan yetishmovchiligi va “Sevilya”ning tartibli taktikasida Zidan shogirdlarining past tempda o‘ynashga haqlari yo‘q edi. O‘yinning o‘rtacha tempda kechishi, aksincha, Sampaoli jamoasiga qo‘l keldi va ular o‘yinni qanotdan-qanotga ko‘chirib, madridliklarning “kenglik effekti”ga barham berishdi. Agarda “Real” yuqoriroq tempda harakatlana olganida, bu unga qanotlardagi bo‘shliqlardan unumli foydalanish imkonini bergan bo‘lardi.

“Real” bor e’tiborini qarshi hujumlarga qaratdi. Qanotlarda Karvaxal va Marseloning tezligidan ancha unumli foydalana oldi.

Sevilya”ning pressingi

Sampaolining pressing uslubi oldingi o‘yinlardagidan deyarli farqlanmadi. Qanotlar bo‘ylab kontrpressing tashkil qilindi. Markazda esa pressingdan deyarli  foydalanilmadi, sababi u yerda “Real” son jihatdan ustunlikka ega edi.  

Shuningdek, “Sevilya” Keylor Navasga bosim uyushtirishga harakat qildi va bir necha holatda darvozabonni noto‘g‘ri qaror tanlashga majbur etdi.

Ayniqsa “Sevilya”ning so‘nggi daqiqalardagi pressingi hal qiluvchi rol o‘ynaganini ta’kidlash lozim. Sampaoli shogirdlari ayovsizlarcha “Real” futbolchilarini holdan toydirishdi, natijada Yovetichning goli yuzaga keldi.

Serxio Ramos libero rolida

“Real” himoyalanish chog‘ida 5-3-2 sxemasiga o‘tganida jamoa sardorining vazifasi muhim ahamiyat kasb yetdi. U qo‘shimcha yarim himoyachi sifatida harakat qildi. Ramos boshlang‘ich pallada, umuman, o‘z jarima maydoni yaqinida jamoasining to‘p nazoratini boshqardi (Serxio hammadan ko‘p to‘p uzatishlarini amalga oshirdi).

Ramos nafaqat markazdagi sifatli ishi bilan ajralib turdi, balki Karvaxal-Marseloga uzun to‘p uzatmalarini amalga oshirib turdi.

Serxio hatto hujumda ham faol harakat qildi, buni quyidagi issiqlik xaritasi ko‘rsatib turibdi:

Himoya ishida Ramos passiv rolida bo‘ldi,u ko‘proq “Sevilya” futbolchilarining xavfli krosslarini to‘xtatish va jarimaga qadar “tozalash” ishlari bilan shug‘ullandi.

Bu bahsda sardor “libero” – erkin himoyachi, tozalovchi vazifasini bajardi. Agar o‘sha avtogol ro‘y bermaganida, Ramos uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilishi mumkin edi.

Xulosa

Zidan bahs uchun o‘ta ehtiyotkor taktikani tanladi.O‘ta himoyaviy usul jamoaning hujumlaridagi xilma-xillikni pasaytirib yubordi.

“Sevilya” asosan Marselo va Karvaxal qanotlarda bo‘shliq taqdim etganida xavfli o‘ynadi. Ammo, Sampaoli shogirdlari ko‘p hollarda bundan unumli foydalana olmadi.

Umuman olganda, ikki murabbiy ham tavakkallik qilishni istamadi. Zidan himoyaviy taktikani ishga soldi, Sampoli esa imkoniyat bo‘lganida ham tavakkalchilikka qo‘l urmadi. Umumiy vaziyatga ko‘ra, bahs durang bilan tugashi adolatdan bo‘lardi, ammo bir xato, Ramosning avtogoli, omad va Yovetichning mahorati – “Sevilya”ga 2:1 hisobida g‘alaba qozonish imkonini berdi.

Lutfullo Tursunov

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 09:03, 17.01.2017.
O'qildi: 15327 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.