Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Chin yurtida chin futbol

Chin yurtida chin futbol

Baho:
+ | -

2009 yil Madridning «Real»ida ulkan islohotlar yuz berdi. Klub prezidenti etib Florentino Peres tayinlandi va «yangi galaktikos»ni shakllantirish ishlari boshlanib ketdi. Ronaldu, Kaka, Benzema va Xabi Alonso kabi futbolchilarning jamoa bilan shart­noma imzolashlari katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

O‘sha paytlari Madridda gollandiyalik iqtidorlar - Robben hamda Sneyder to‘p surishardi. Ammo ular qanchalik mahoratli va kuchli futbolchi bo‘lmasin, baribir, Ronaldu va Kaka kabi o‘yinchilar soyasida qolib ketishlari aniq edi. Tabiiyki, bu holat Aren va Uesliga ham, klubning yangi prezidentiga ham ma’qul kelmasdi. Natijada, ular transferga qo‘yildilar. Shundan so‘ng, Robben «Bavariya»ga, Sneyder esa «Inter»ga transfer qilindi.

ECHL FINALI

Voqealar rivoji qanday tus olganligidan xabaringiz bor, albatta. Ushbu mavsumning o‘zidayoq, Manuel Pellegrini qo‘l ostidagi superfutbolchilar Chempionlar Ligasining 1|8 finalida «qoqilishdi». Jamoani tark etgan gollandiyalik futbolchilar esa, o‘sha mavsumning o‘zidayoq, ECHL finalida bir-birlariga qarshi maydonda to‘p surishdi. O‘shanda Ueslining omadi chopdi va «Inter» «Bavariya» ustidan 2:0 hisobida zafar quchdi.

Sneyder hamda Robben «Real»dan ketib, to‘g‘ri qaror qabul qilishganiga amin bo‘ldilar. Natijada, Gollandiya terma jamoasi o‘sha mavsumning o‘zida JAR maydonlarida kechgan jahon chempionati finaliga qadar etib borib, «qizil furiya»ga 0:1 hisobida alamli mag‘lubiyatga uchradi. Albatta, hal qiluvchi o‘yinda engilish juda alamli, lekin umuman olganda, mavsum ushbu ikki futbolchi uchun juda omadli kelganligi bor gap. Darhaqiqat, bunday yirik musobaqalarda finalga qadar etib borishning o‘zi katta ish. Buning zamirida qanchadan-qancha mashaqqatli mehnatlar yotibdi.

Uesli Sneyderning keyingi faoliyati bir maromda davom etmasada, Robben uchun aksincha bo‘ldi. U «Bavariya» safida bir necha marotaba «Galaktikos»ga ro‘baro‘ keldi va g‘alabalarga ham, mag‘lubiyatlarga ham uchradi. Umuman olganda, Myunxen jamoasi erishgan yutuqlarda Robbenning xizmatlari beqiyosdir. Chindan ham, Aren juda iqtidorli futbolchi. Sneyder haqida ham xuddi shunday fikr bildirish mumkin. Florentino Peres bunday futbolchilarning xizmatlaridan voz kechganligiga pushaymon bo‘lgandir, hoynahoy. Gollandlarning o‘zlari esa, aksincha, bir paytlari «Real»ni tark etganlaridan xursand ekanliklari tabiiy. Ularni futbol ahli hurmat qiladi, yaxshi ko‘radi. O‘z klublari va terma jamoalarida o‘chmas iz qoldirgan buyuk futbolchilar bunga munosiblar, albatta!

YANGI MISOLLAR

Bunday misollarni futbol olamida juda ko‘p keltirib o‘tishimiz mumkin. Masalan, o‘sha mavsumda Samuel Eto~O ham «Barselona»ni tark etib, «Inter» bilan Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan edi. Drinkuoter o‘z vaqtida «Manchester Yunayted»dan ketib, o‘tgan mavsumda o‘zimiz guvohi bo‘lganimizdek, «Lester» bilan Angliya premer-ligasida chempionlikka erishdi. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, futbolchi o‘z faoliyati davomida turli qiyinchiliklarga ro‘baro‘ kelib qolgan davrda burilish yasashni eplashi kerak. Garchi, chetdan qaraganda, ushbu burilish orqaga qo‘yilgan qadam sifatida ko‘rinsa hamki, baribir, shu yo‘lni tanlashda o‘zida kuch va iroda topishi lozim. Ana o‘shanda biror-bir sovringa erishishi mumkin bo‘ladi. Shundagina, u o‘z oldiga yangi marralarni zabt etish vazifasini qo‘yadi va o‘sishga erishadi. Shubhasiz, bu ishlar uning faoliyatiga salbiy emas, aksincha, ijobiy ta’sir o‘tkazishi tayin. Barchasi futbolchining o‘ziga hamda jamoani boshqaradigan murabbiyga bog‘liq. Yuqorida nomi tilga olingan futbolchilar mazkur masalada muammoga duch kelishmadi. Ustozlari ishonchini oqlashgani - ularning baxti. Aynan shu omilni ular qo‘lga kiritgan yutuqlarning bosh sababi deyishimiz mumkin.

ASOSIY MAVZU

Endi asosiy mavzuga o‘tamiz. Sezib turganingizdek, bugun milliy termamiz sardori Odil Ahmedov to‘g‘risida fikr yuritmoqchiman. Uning yaqinda Xitoyning «SHanxay SIPG» jamoasiga o‘tganligi sababli, bu holat muxlislarimizda katta qiziqish uyg‘otdi, taassurotlar turlicha bo‘ldi, fikrlar ham bir-biridan farq qildi. Futbolimiz ixlosmandlarining yarmi ushbu qaror o‘zini oqlamaganini aytib, Odil shu tariqa faoliyati davomida orqaga qadam tashladi, deb hisoblashsa, ikkinchi yarmi vaziyatni ijobiy baholashmoqda. Quyida men ham mazkur transfer borasida o‘z fikrlarimni sizlar bilan baham ko‘rmoqchiman.

Xo‘sh, termamiz sardorining Xitoyga transfer qilingani uning uchun foydalimi yoki aksincha? Milliy jamoamiz bundan nima yo‘qotadi-yu, nima yutadi? Shu mavzu yuzasidan qarashlarimni batafsil yoritishga urinib ko‘raman.

«KRASNODAR» - GRAND EMAS

Odilning sobiq jamoasi «Krasnodar» to‘g‘risida gap ketganida, eng avvalo, ushbu klub Rossiya chempionatida grandlar qatoriga kirmasligini inkor etmasligimiz darkor. To‘g‘ri, krasnodarliklar so‘nggi yillarda chempionatda ham, Evropa Ligasida ham barqaror o‘yin namoyish etib kelishmoqda. Ammo shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, bu yutuqlarning barchasiga jamoaning sobiq bosh murabbiyi Oleg Kononov ulkan hissa qo‘shgan. Ungacha «Krasnodar» RFPLda o‘rtamiyonalar safida yurgan. Aynan Kononovning mehnatlari evaziga «buqalar» o‘z tarixlarida ilk bora bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Bosh murabbiyning o‘yin falsafasi asosan markazdan tashkil etiladigan hujumlardan iborat edi va shu taktika evaziga Odil Ahmedov jamoada etakchi rolni o‘ynardi. Uning 10-raqam ostida to‘p surgani ham bejiz emas. Afsuski, ushbu mavsum chempionatda qayd etilgan qoniqarsiz natijalar tufayli Kononov lavozimidan bo‘shatildi va uning o‘rniga Igor Shalimov tayinlandi.

Yuqorida ta’kidlaganimdek, «Krasnodar» grand emas. Jamoa asosan Kononovning ajoyib faoliyati hisobiga muxlislariga ushbu g‘alabalarni taqdim etishga erishdi. Murabbiy almashgach esa, klub yana avvalgi holatini tiklashiga shaxsan men ishonolmayman. Birinchidan, jamoa «Zenit» yoki «Spartak» kabi futbolga yirik sarmoya kiritolmaydi, o‘z safiga kuchli legionerlarni jalb etolmaydi. Ikkinchidan, «Krasnodar» SSKA kabi o‘z akademiyasiga tayangan holda, kuchli o‘yin namoyish qila olmaydi. Qo‘shimchasiga, yangi bosh murabbiy Odilni asosiy tarkibda maydonga tushirmaganini bir necha marotaba kuzatdik. Demak, Ahmedov uning falsafasiga to‘g‘ri kelmayapti yoki universal futbolchimizning boshqa pozisiyada to‘p surishini xohlamoqda.

XITOY

Endi Xitoy to‘g‘risida fikr almashamiz. «SHanxay SIPG» safida Xalk va Oskar kabi jahon yulduzlari to‘p surishini eslatib qo‘yish lozim. Bundan tashqari, jamoani taniqli portugaliyalik murabbiy Andre Villash-Boash boshqarmoqda. Bu mashhur nomlarning yangrashiyoq, Odil Ahmedovning yangi jamoasi eskisidan ko‘ra kuchliroq ekanligidan dalolat beradi. Boz ustiga, so‘nggi paytlarda Chin yurti futboliga katta sarmoyalar kiritilishi natijasida mamlakatda Drogba, Teves, Vitsel, Teysheyra, Martines, Braziliya termasi etakchilari hisoblanmish Paulino, Xalk va Oskar kabi juda iqtidorli futbolchilar paydo bo‘lishdi. Mamlakatda shuningdek, obro‘li bosh murabbiylar - Skolari, Villash-Boash, Lippi, Pellegrinilar ishlashmoqda. Demak, Xitoy chempionati bugungi kunda RFPLdan ancha ilgarilab ketganligini ko‘rishimiz mumkin. To‘g‘ri, Rossiyada to‘p surib, Evropa havosidan bahramand bo‘lish mumkindir, balki. Biroq meni kechirasizlar-u, eng kuchli legionerlar sifatida gollandiyalik Promes («Spartak») va eronlik Sardor Azmun («Rostov») e’tirof etilayotgan chempionatning o‘rtamiyona jamoasi safida maydonga tushishdan ko‘ra, Xitoyda to‘p surish afzalroq emasmi?

Bugungi kunda, shubhasiz, Osiyo bo‘yicha barcha ichki birinchiliklarning eng ilg‘ori sanalgan Xitoy chempionatida ishtirok etish yomon natija emas. O‘z nuqtai nazarimga tayangan holda shuni aytishim kerakki, kuchli futbolchi deyarli yo‘q bo‘lgan ligada o‘ynagandan ko‘ra, futbol olami yulduzlarini jamlayotgan Chin o‘lkasida chempionlik uchun kurashishni afzal bilaman.

«SHanxay SIPG» eng avvalo, qator yillardan buyon gegemonlik qilib kelayotgan «Guanjou Evergrand»ga qarshilik ko‘rsatishni istaydi va ayni maqsadda tarkibini kuchaytirishga erishdi. Biz ham, o‘z navbatida, Odil Ahmedov va uning yangi jamoasiga omadlar tilab qolamiz. O‘ylaymanki, termamiz sardori kuchli futbolchilar hamrohligida kuchli legionerlarga qarshi to‘p surish orqali yanada o‘sib, ochilmagan qirralarini ko‘rsatishga erishadi.

OCHL FINALI

Darvoqe, maqola avvalida gollandiyalik ikki yulduzni bejiz eslamadim. Ortga tashlangan qadam ba’zida futbolchining faoliyatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Yangi cho‘qqilarning zabt etilishida aynan mana shunday «ortga tashlangan qadamlar» asqotishi ehtimoldan xoli emas. Faqat bunga to‘g‘ri yondashilsa, kifoya. Xo‘sh, bu chindan ham ortga tashlangan qadammi yoki yo‘q? Ahmedov osiyoliklarning kuchsiz o‘yinlariga qarab, passivlashib ketadimi yoki kuchli legionerlarga suyangan holda o‘sishga erishadimi? Bundan keyin termamiz o‘yini zaiflashib ketadimi yoki aksincha, jamoamiz sardorining sermahsulligi tufayli barcha qiyinchiliklar engiladimi? Odil Ahmedov Sneyder kabi «yo‘qolib» qoladimi yoki Robbenga o‘xshab eng kuchlilar qatoridan joy egallaydimi? Bularning hammasi yolg‘iz futbolchining o‘ziga bog‘liq. Yana kim biladi, deysiz, balki taqdir taqozosi bilan yangi mavsumda aynan ikki futbolchimiz - Sardor Rashidov («Al-Jaish») hamda Odil Ahmedov («SHanxay SIPG») OCHL finalida bir-birlariga qarshi maydonga tushib, ikki yildan so‘ng Osiyo kubogida termamiz safida hal qiluvchi o‘yinga qadar etib borishar? Nima qilay, yurak qurg‘ur, har doimgidek, ushalmayotgan orzularning ushalishini istaydi-da...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:37, 17.01.2017.
O'qildi: 11837 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.