Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Babayan - muammolar sinovidagi murabbiy

Babayan - muammolar sinovidagi murabbiy

Baho:
+ | -

Andak tin olgan yevrofutbolda yana keskin to‘qnashuvlar avj oldi. Hozirga kelib, maydondagi bahs-munozaralar uning tashqarisiga ham ko‘chdi.

Bir tomonda - Antonio Konte, ikkinchi tarafda - Diyego Kosta. Har biri o‘zicha haq. «Barselona» va Messi o‘rtasidagi muzokaralar jarayoni ham hanuz yakunlanmadi. Biroq chin futbol mayda tortishuvlardan baland, baribir. Mana, «Barselona» ham, «Chelsi» ham muammolarga parvo qilmay, yana g‘alaba qozondi. Chunki «Chelsi»da Diyego Kosta bo‘lmasa, Markos Alonso bor. Zero, har bir futbolchi o‘z iste’dodini namoyish etmoq uchun imkon qidiradi, vaqti kelishini kutadi. Qarang, Diye­go Kosta maydonda harakatlanadigan payt o‘zini kamtarona tutadigan, hujumni uncha o‘ylamaydigan Markos Alonso yuzaga kelgan vaziyatdan unumli foydalandi. Uning familiyadoshi Xabi Alonso ham vaqtida Stiven Jerrard yoki Krishtianu Ronalduning dam olishini sabr bilan kutishga majbur edi qaysidir ma’noda. Ta’kidlash joizki, shu sabr uni sururbaxsh jarima zarbalari bilan olqishlardi. Ha, vaziyatni to‘g‘ri baholaydigan futbolchi va jamoaning ishi olg‘a bosaveradi.

«Barselona» Neymar, Jerar Pike va Andres Inyestasiz o‘ynagan bo‘lsada, yirik hisobda zafar quchishni uddaladi. «Las-Palmas»ning omadi chopdi, aks holda, Otabek Jo‘rayev aytganidek, hisob 10:1 ko‘rinishini olardi. Har ikki uchrashuvda e’tiborimizni alohida tort­gan jihat shuki, futbolchilar maydonda muammolarni unutib to‘p surdilar. Bu - juda muhim fazilat. Har qanday vaziyatda jamoa sharafi bosh­qa muammolardan ustun. Shu ma’noda aytsak, Diyego Kosta «virus»i ke­yinchalik ham «Chelsi» futbolchilariga yuqmasa kerak. Zero, ko‘p hollarda milliy futbolimizga shu kabi grand jamoalar ko‘zgusi orqali boqishga ko‘nikkanmiz. Ko‘zgu xira tortsa, albatta, kayfiyat buziladi. Yevrofutbol quyoshida toblangan afrikalik iste’dodlar hozircha o‘z muhitlari uchun ardoqlilar. Umuman olganda, Afrika futbolining yo‘rig‘i boshqa. Ana, «qora qit’a» «ko‘hna qit’a» bilan hisoblashmay, o‘zining millatlar kubogini boshlab yubordi. Qoyil. Lekin Afrika futboli biz uchun ko‘zgu bo‘lolmaydi. Chunonchi, nigohimizni yevrofutbol tortaveradi, baribir. Muxlislarning xayollarida esa milliy termamiz tarkibi jonlanaveradi. «Garri Keyn «xet-trik»ka erishdi», deb turgan muxlis o‘sha onning o‘zida «Termamiz uchun Sanjar Shoahmedov ahamiyatlimi yoki Salamat Qutiboyev?» qabilida savol tashlashi hech gap emas. Sanjar ham, Salamat ham buni to‘g‘ri tushunishi kerak. Muxlis goho pozisiyalararo raqobatni unutadi, zaruriylik tamoyiliga e’tibor qaratmaydi. Albatta, bunday hollarda muxlisni haq hisoblaymiz. Chunki yillar mobaynida shakllangan va ongu-shuurga muhrlangan futbol qadriyatlari ayrim murabbiylarning tajriba ustaxonasiga aylanib bormoqda. To‘g‘ri, kamdan-kam holatda ba’zi mashhur futbolchilar vaqt o‘tishi bilan o‘zlari harakatlanishga odatlangan pozisiyani o‘zgartiradilar. Ammo bu kabi tajribalar doim ham ijobiy sanalavermaydi. Ochig‘i, murabbiylarning shunday noo‘rin yondashuvlari Odil Ahmedovni ortiqcha zo‘riqtirdi. Eh, u bundan-da zo‘r o‘ynardi-yu, xalal berdi xato qarashlar.

Bugun Igor Sergeev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Sardor Rashidov va Marat Bikmayev kabi futbolchilarda shunday muammo mavjud. Xayriyatki, ayni muammo murabbiy va futbolchilar o‘rtasida kelishmovchilik tug‘dirmayapti, tug‘dirmasin ham. Yo‘q, bizda bunday kelishmovchilik bo‘lmaydi. Negaki, bosh jamoa asosiy tarkibidan o‘rin olish - har qaysi futbolchining orzusi. Futbolchi borki, murabbiy talabiga ko‘nmasa, tarkibdan nari suriladi. Birov uning so‘zini qaytarolmaydi. Murabbiyning so‘zi - so‘z, fikri - fikr, futbolchiniki ikkinchi darajali. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Odil Ahmedov vaqtida murabbiy qaysi pozisiyani lozim topsa, o‘sha yerda o‘ynayverishini aytgandi. O‘shanda yosh futbolchi kelajakdagi qiyinchiliklar xususida o‘ylab o‘tirmagan. Chunki asosiy tarkibda to‘p surishni juda-juda istardi. Vadim Abramov esa yarim himoyachilar sonini ko‘paytirishdan cho‘chidi va unga himoya chizig‘idan joy topdi. Natijada uning klub va terma jamoadagi pozisiyalarida nomuvofiqlik yuzaga keldi. Odil terma jamoa sharafi uchun barchasiga chidadi, barchasini yengdi. Mana, oradan shuncha vaqt o‘tib, futbolchi pozisiya almashtirishlarning salbiy ta’siridan afsuslandi. «InterFutbol» esa mazkur muammoni bundan 6 yil muqaddam o‘rtaga tashlagandi. Hattoki, o‘sha mulohazada Ahmedovning tabiatan hujumchi ortida harakatlanishga moyilligi ta’kidlangandi. O, Geynrixni qo‘llab-quvvatlashga shoshilgan Server Jeparov va Odil Ahmedov bir-birini tushunib o‘ynagan damlarni unutish mumkinmi? Yo‘q, aslo! O‘sha ajoyib lahzalar juda kam ro‘y bergan va futbolimizga aytarli natijalar taqdim etmagan bo‘lsada, muxlislar xotirasida saqlanib qolaveradi. Botishga chog‘lanayotgan quyosh birdan porlaydi. Muxlislar ham tajribali futbolchilarimizga shunday ilhaqlik bilan boqishmoqda. Hammasi endi Samvel Babayanning mahoratiga bog‘liq. U tajribali futbolchilar o‘yinida yoshlik olovini alangalatishga erishsa, JCH-2018 eshiklari ochiladi.

Hozirgi holatda murabbiyning qarashlariga baho berish qiyin. Xo‘sh, u legionerlar bilan qachon va qay holatda ish olib boradi? Ularga alohida xususiy topshiriqlar beradimi? Agar shu mexanizm amalga tatbiq etilgan bo‘lsa, futbolchilar topshiriqlarni qay tariqa bajarishayotganini qanday nazorat qiladi? Ushbu savollar juda sodda va oddiy. Ayni chog‘da ularning javobi futbolimiz taqdiri uchun o‘ta muhim sanaladi. Goho xayoldan o‘tadi: agar Aleksandr Lobanov, Igor Sergeev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Eldor Shomurodov ham legioner maqomida o‘ynashganida, u qanday yo‘l tutardi? Aniq javob berish mushkul bu savolga. Har holda, hozir ham Samvel Babayan bir qanoti yo‘q qushni eslatadigan jamoani shug‘ullantiradi. FIFA talablarini ro‘kach qilmay, oqilona yo‘l izlab topish - uning vazifasi. Ana, Karlush Keyrush bir g‘avg‘o ko‘tarib, tinchlandi. Terma jamoamiz ham maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazishini barcha istaydi. Shu bilan birga tarkibni shakllantirish muammosi ko‘pchilikni tashvishlantirmoqda. O‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida Aleksandr Lobanov markaziy himoyachilar - Azim Ahmedov va Rustam Ashurmatov juftligiga moslashadi. Rasmiy o‘yinda esa bu tandem o‘rnini Anzur Ismoi­lov va Yegor Krimes egallaydi. Boshqa pozisiyalarda ham shunday majburiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Murabbiy shu tariqa tasodiflar xavotiri ta’sirida o‘zi bilmagan holda, yangi muammolarni keltirib chiqaraveradi. Mahoratli boshqaruvchi shunday vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l topa biladi. «Chelsi»ning Diyego Kostasiz ham hujumkor ruhda o‘ynagani - Antonio Kontening xizmati. «Everton»dagi ikki «bolakay»ga aldangan «shaharlik» himoyachilar esa Xosep Gvardiola uchun chinakam bosh og‘riq, muammo ustiga muammo.

Muammolar sinovidan muvaffiqiyatli o‘tgan murabbiylargina tom ma’nodagi shuhratga burkanadilar. Umid qilamizki, Samvel Babayanga ham shunday huzurbaxsh shuhrat nasib etadi.

Muhammad Vali, Interfutbol gazetasi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:58, 20.01.2017.
O'qildi: 11819 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.