Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Vatan sharafini himoya qilishning gashti boshqacha». Australian open‘da sensasiya ko‘rsatgan Denis Istomin haqida

«Vatan sharafini himoya qilishning gashti boshqacha». Australian open‘da sensasiya ko‘rsatgan Denis Istomin haqida

Baho:
+ | -

19 yanvarni butun O‘zbekiston sport bayramidek o‘tkazdi. 30 yoshli Denis Istomin faoliyatidagi eng yaxshi uchrashuvlaridan birini o‘tkazib «Ulkan toj» turkumiga kiruvchi turnirlarning so‘nggi yillardagi gegemoni, jumladan Australian Open  musobaqasining 6 karra g‘olibi Novak Jokovichni musobaqadan chiqarib yubordi. Bu g‘alaba Denisni qisqa muddatda dunyoning eng mashhur tennischiga aylantirdi. Hech bir mubolag‘asiz aytilayotgan gap bu. Birgina tvitter ijtimoiy tarmog‘ining o‘zida jahon trendiga Istomin atamasi birinchi o‘ringa-da chiqib ketdi. Butun dunyo uning g‘alabasini muhokama qildi. 

Bir kunda shu qadar katta mashhurlikka erishgan sportchi haqida nimalarni bilamiz? Denis Istomin dunyoning eng kuchli tennischini mag‘lub etishgacha bo‘lgan davrda qanday yo‘llarni bosib o‘tgan? Reytingda 117-o‘rinda bo‘la turib bunday natijaga erishish uchun qanday sportchi bo‘lish kerak? Bugun yuqoridagi barcha xususiyatlarni o‘zida jamlagan, O‘zbekiston sporti tarixidagi eng  yaxshi tennischi haqida gaplashamiz.

Denis va O‘zbekiston
Denis 1986 yilda Rossiyaning Orenburg shahrida tug‘ilgan. Ammo u qandaydir moliyaviy bonuslar sabab O‘zbekiston sharafini himoya qilib qolmagan. Uning otasi Oleg Istomin aslida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, Denis tug‘ilgan paytda u Orenburgda ishlardi, Denis uch oylik bo‘lganida oila yana o‘z vatani O‘zbekistonga ko‘chib keladi va Denis shu yerda, Toshkentda ulg‘ayadi. Shu sababdan ham Denis qaysi yurt sharafini himoya qilishi kerakligini ortiqcha o‘ylab o‘tirmagan. Albatta Denisning bugungi muvaffaqiyatlari zamirida O‘zbekiston tennis federasiyasining ko‘magi ham katta bo‘lganini ta’kidlash o‘rinli.

2001 yilda Istomin Fyuchers tasnifidagi turnirlardan biriga ketayotganida avtofalokatga uchraydi. Falokat natijasida u qattiq jarohat oladi. Shifokorlar unga endi hech qachon professional tennisga qayta olmasligini aytadi. Qo‘liga raketkani ham ushlay olmay qolgan Denisga O‘zbekiston tennis federasiyasi yordam qo‘lini cho‘zadi. Denisning davolanib, tiklanishi uchun barcha moliyaviy xarajatlarni o‘z bo‘yniga oladi. Hali jahon miqyosida aytarli hech narsaga erishmagan 15 yashar bola uchun ko‘rsatilgan bu kabi qo‘llab-quvvatlash katta qahramonlik edi. Yillar o‘tib Denis federasiya adashmaganini isbotladi va ularga minnatdorchilikni o‘z natijalari bilan qaytarib berdi.

Denis Istominni chin ma’noda vatanparvar deyish mumkin. U o‘zining yurti deb O‘zbekistonni biladi va bu yurt sharafini himoya qilishdan hech qachon bo‘yin tovlamasligini aytib kelgan. Bir yil muqaddam rossiyalik jurnalistlarga intervyu berarkan, Denis tennischining shaxsiy manfaati uchun hech narsa bermaydigan Devis kubogida nega bot-bot ishtirok etaverishini juda chiroyli javobda ifodalab o‘tadi.

«Devis kubogi shunday musobaqaki, chindan ham u tennischiga hech narsa bermaydi - na reyting ochkolari va na pul. Sen shunchaki, o‘z Vataning sharafini himoya qilasan. Bunday vaziyatda insondagi vatanparvarlik hissi sinovdan o‘tadi. Shu bois men hech qachon mazkur musobaqadan bosh tortgan emasman. Hattoki bu mening rejalarimga, sog‘lig‘imga zarar keltirsa ham. Boz ustiga, ketma-ket uch kunlik o‘yinlarda holdan toyasan. Masalan, yaqinda (2015 yil, kuz) biz amerikaliklar bilan kuch sinashdik va Sankt Peterburgdagi turnirga ham charchoq alomatlari bilan yetib keldim. Ammo hech qisi yo‘q. Chunki o‘z Vataningda kortga chiqishning gashti boshqacha. Bu — ishqibozlarga alohida zavq bag‘ishlaydi. Ular senga chin dildan, astoydil muxlislik qilishadi. Sen esa ularga yoqadigan o‘yin ko‘rsatishga intilasan. Shunday ekan, Vatan nomidan kortga chiqqaningda qandaydir zarar haqida o‘ylab o‘tirish ortiqcha», degandi Istomin «Chempionat» muxbirining savoliga javob qaytara turib.

Iroda — g‘alaba garovi
2003 yilda Denis hammani hayratga soladi va katta sportga qaytishga muvaffaq bo‘ladi. Shifokorlar uni sportdan qaytarish uchun qanchalik urinishmasin, tennisga bo‘lgan muhabbat unga kuch bag‘ishlaydi. Mashg‘ulotlarga to‘liq kirishib ketgan sportchi, oradan ikki yil o‘tib ilk marta o‘zi ishtirok etgan turnirda g‘alaba qozonadi. 2005 yildan boshlab shu kunga qadar «Fyuchers» va «Chelenjer» kabi turnirlarda u jami 15 marta bosh sovrinlarni qo‘lga kiritgan.

Ammo professional tennisda muvaffaqiyatlar asosan ATR tasnifidagi musobaqalardagi g‘alaba bilan o‘lchanishi sabab, Denisning tom ma’noda muvaffaqiyatli tennischi deyish uchun unga shunday sovrin yetishmayotgandi. Nihoyat 2015 yilning yoziga kelib, Denis 29 yoshida ATR tasnifidagi turnirlarda o‘zining ilk g‘alabasiga erishdi. O‘shanda Britaniyaning Nottingem shahridagi chimli kortlarda kechgan turnir finalida amerikalik Sem Kuerriga qarshi o‘yinda Istomin 7/6, 7/6 hisobida g‘alaba qozongandi. Ikkinchi setning tay-brekida 1:5 hisobida imkoniyatni boy berib turgan Denis iroda ko‘rsatib o‘sha vaziyatdan ham chiqib ketgan va g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘lgandi. U ATR tasnifidagi turnirlarda yuztadan ortiq uchrashuvda g‘alaba qozongan yagona o‘zbekistonlik tennischi sanaladi. Shuning o‘ziyoq Denisning o‘zbek tennisi tarixidagi o‘rni qay darajada ekanini ko‘rsatib beradi.

Albatta 15 yil muqaddam sodir bo‘lgan mash’um voqea asoratlari haligacha bor. Denis juda ko‘p marta o‘sha voqeadan qolgan jarohatidagi og‘riqlar sabab o‘yinlarni bir xil saviyada o‘tkaza olmaydi. Ko‘p marta jarohati sabab o‘yinni, musobaqalarni yakunlashga majbur bo‘lgan, lekin har gal o‘zini qayta tiklab safga qaytaveradi, kurashaveradi. Uning tennisdagi so‘nggi 10 yili xuddi shunday o‘tmoqda. Shu holatida ham u 2012 yilda ATR reytingida 33-o‘ringacha ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan.

Ona-bola juftligi

Denis besh yoshidan boshlab tennis bilan shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, hozirgi kungacha unga onasi, sobiq tennischi Klavdiya Istomina murabbiylik qilib keladi. Denis avtofalokatga uchragach, uning sportga qaytishida eng katta daldani bergan ham aynan Istomina bo‘ladi. Bugungi kunda Denis o‘z onasi murabbiy bo‘lgan yagona tennischi sanaladi. Denis intervyularida hazil aralash, onasining murabbiyligi unga iqtisodiy tarafdan ham yengillik berishini aytadi. «Ortiqcha pulga murabbiy yollab nima qildim», degandi shunday intervyularining birida. Klavdiya Denisning deyarli barcha uchrashuvlarida unga yelkadosh bo‘lishga harakat qiladi. U Kuerrini mag‘lub etganda ham va kecha Jokovich ustidan qozonilgan g‘alabada ham Istomina o‘g‘lini yuqoridan turib qo‘llab-quvvatlab turdi. «Jamoamga, onamga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ona biz juda yaxshi ishladik», dedi Istomin kechagi buyuk g‘alabadan keyin.

Australian Open yo‘llanmasini taqdim etgan millimetrlar

Qandaydir millimetrlar ish bermaganida bugun Denisning sensasiyasi haqida gapirib o‘tirmagan bo‘lardik. Gap shundaki, o‘tgan yilning dekabr oyida Avstraliya ochiq chempionatiiga wild card (asosiy turga yo‘llanma) yutib olish uchun Osiyo va Tinch okeani mintaqasi vakili sifatida o‘tish turnirida qatnashgan Istomin avvaliga hindistonlik Prajnesh Gunneshvaranga qarshi kortga chiqqandi.

Raqib o‘yinni yutib olish uchun uchtalik match bolga ega bo‘lganida Istomin o‘sha match bollarni bartaraf etishda bitta zarbasi kort chizig‘ining qanchadir millimetrlarini ilib qoladi. Hamma aut bo‘ldi deb kutib turganida takroriy lavhalarda Denisning zarbasi kortga tushgani ko‘rsatadi. Keyinchalik hisobni tenglashtirgan Istomin uchinchi setda 11:9 hisobida raqibini yenggan, final uchrashuvida esa koreyalik kelajagi porloq deb qaralayotgan Dok Xi Lidan ustun kelgandi va yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi.

Top-tennis
Denis Jokovichga qadar faqat bir marta ATR tasnifida top-10talikka kirgan tennischidan ustun kelgan. 2012 yilda Indian-Uellsdagi turnirda o‘sha paytda reytingning 5-o‘rnini egallab turgan David Ferrerni mag‘lubiyatga uchratilgandi. Istomin shuningdek bugungi kunda jahonning 4-raqamli raketkasi bo‘lib turgan shveysariyalik Sten Vavrinkani ham 2010 yilgi Uimbldon musobaqasida mag‘lubiyatga uchratgan. Biroq u paytlari Stanislas endigina bugungi muvaffaqiyatli yo‘liga qadam tashlayotgandi va ko‘pchilik uchun noma’lum tennischi edi.

Denis top raqiblarga qarshi uchrashuvlarda boshqa muvaffaqiyat qozonmagan bo‘lsada, ularga qarshi uchrashuvlarning alohida epizodlarida munosib o‘yini tufayli ko‘p bora esga olinadi. Misol uchun 2014 yilda Denis Istomin Novak Jokovichga qarshi uch setda boy berilgan o‘yinda aynan hal qiluvchi setning geymlaridan birini ajoyib tarzda o‘tkazgani uchun «ideal o‘tkazilgan geym» unvoniga munosib ko‘rilgandi. Bundan tashqari Rafael Nadalga qarshi US Open musobaqasidagi o‘yinlardan birida ijro etgan zarbasi uchun federasiya tomonidan muzlatgich bilan taqdirlangan.

Denis asosiy vaqtini musobaqalarda o‘tkazishiga qaramay, Moskvada ham Toshkentda ham o‘z uyiga ega. Intervyularining birida qayerda ko‘proq yashaysiz, deb berilgan savolga u, «ikkalasida ham kam bo‘laman, chunki asosan vaqtim mashg‘ulotlar, musobaqalar, safarlar bilan o‘tib ketadi. Devis kubogi vaqtida esa O‘zbekistonda ko‘proq bo‘laman», deb javob bergandi.

twitter.com/murodov_

Manba: tribuna.uz
Kiritildi: 17:06, 20.01.2017.
O'qildi: 9146 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.