Kirish Ro'yxatdan o'tish

Ronaldinyo o‘tmishga maktub yozdi

Ronaldinyo o‘tmishga maktub yozdi

Baho:
+ | -

Akrobatika san’atining eng nafis namunalarini yashil maydonga ko‘chirish orqali millionlab muxlislarni maftunkor futbol shaydosiga aylantirgan Ronaldinyo memuar janrida ham yangilik yaratdi. Ya’ni, braziliyalik afsonaviy hujumchi o‘zining avtobiografik asarini o‘z bolaligiga yo‘llangan maktub ko‘rinishida bayon etdi.

8 yoshli azizim Ronaldinyo!

Ertaga sen odatdagidek futboldan uyga qaytasan. Negadir bu safar o‘yingda ko‘pchilik - amakilaring oila yaqinlari, sen tanimaydigan ayrim kishilar to‘planishgan. Avvaliga sen qandaydir tantanadan kech qolibman shekilli, balki ular akam Robertoning 18 yoshini nishonlashayotgandir, deb o‘ylaysan. Odatda oying seni doimo tabassum va hazil bilan qarshi oladi. Bu safar u negadir yig‘lamoqda. Shu payt ko‘zing sen tomon kelayotgan Robertoga tushadi. Akang qo‘lingdan tutgancha seni yuvinish xonasiga yetaklab, sen tushunmaydigan xabarni yetkazadi: «Falokat yuz berdi. Otamiz endi yo‘q. U halok bo‘ldi». Bu gaplarning mazmuni sengacha yetib bormaydi. Akam nima deyapti? Otam qachon qaytadi? Halok bo‘ldi, degani nima?

Otam seni maydonda qalb amri bilan to‘p surishga undagan, erkin o‘ynashingni doimo rag‘batlantirib turgan. Sening mahoratingga boshqalardan ko‘ra ko‘proq ishonardi. Bir yil avval Roberto «Gremio» safida maydonga tusha boshlaganida, u muxlislarga qarata shunday degandi: «Albatta, Robertoga gap yo‘q. Lekin uning qanday ajoyib ukasi ham bor ekanini ko‘ryapsizmi?!»

Otam chinakam qahramon edi. U futbolni shunchalik qattiq sevardiki, kemasozlik zavodidagi ishlaridan tashqari dam olish kunlarida «Gremio» stadionida soqchilik qilardi. Nima uchun endi uni hech qachon ko‘rmaysan? Robertoning kuyib-yonishlarini sen tushuna olmaysan. Judolikning zil-zambil yukini birdaniga his qilmaysan, bir necha yillardan so‘ng otamning yer yuzidan g‘oyib bo‘lganligini tushunasan. Men bir narsani hech qachon unutmasligingni istayman: qachonki, to‘p sening oyoqlaring ostida ekan, otam ham doim yoningda!

To‘p surayotgan paytingda sen erkin qushsan, baxtiyorsan. Xuddi yoqimli ohanglar og‘ushida mazza qilayotgandek. Ana shu tuyg‘u quvonchingni boshqalar bilan baham ko‘rishga undaydi. Baxtingga, Roberto bor. Garchi u sendan 10 yoshga kattaroq va «Gremio»da o‘ynayotgan bo‘lsada, doimo yordamga shay. U - nafaqat aka, balki ota hamdir! Boz ustiga, Roberto sen uchun namuna. Doimo akang­ga o‘xshashga, u kabi to‘p surishga intilasan. Roberto bilan birgalikda asosiy tarkib o‘yinchilari davrasida yurasan. Hatto, uxlab yotganingda «kumir»ing yonida bo‘lasan. Narkotik moddalar, bosqinchilar va turli jinoiy guruhlar makoni bo‘lgan Portu-Alegrida hayot kechirish juda xavfli. Sen ko‘cha yoki xiyobonda to‘p surar ekansan, o‘zingni xatardan xolidek his etasan. Chunki yoningda Bombomdek sadoqatli qo‘riqching bor. Bombom - xonaki ko‘ppak. Sening dribling va tryuklaringda eng yaqin yordamchi. Ehtimol, mashhur «Elastiko» fintining dastlabki jabr­lanuvchisi ham u bo‘lar.

Oradan yillar o‘tib, sen Yevropada to‘p sura boshlaganingda u yerdagi himoyachilar dueti senga Bombomni eslatadi. Bolaliging turli voqealarga boy. 13 yoshdayoq el og‘ziga tushasan. To‘p bilan namoyish etayotgan texnik mahorating qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ladi. Sen uchun futbol doimo ermak maqomida qolaveradi. Faqat 1994 yil 14 yoshga chiqqaningda uning shunchaki o‘yin emasligini his eta boshlaysan. Mazkur yilning 17 iyuli har bir braziliyalikning xotirasiga abadiy muhrlangan. Sen «Gremio» yoshlari tarkibida Belu Orizontiga yo‘l olasan. JCH finali esa TV orqali namoyish etiladi: Braziliya Italiyaga qarshi to‘p suradi. Ha, o‘sha oqshom Konarinyo 24 yil ichida ilk marta hal qiluvchi bahsda maydonga tushadi. Butun mamlakat finalni tomosha qilish maqsadida to‘xtab qolgandek tuyuladi. Belu Orizonti yashil va sariq rangga burkanadi, shaharning turli burchaklarida aholi finalni tomosha qilish bilan band. Sen ham jamoadoshlaring qatori bor e’tiboringni o‘yinga qaratasan. Hakamning final hushtagi 0:0 hisobini tasdiqlaydi. Demak, penaltilar seriyasi. Italiya dastlabki zarbadan foydalana olmaydi. Lekin Braziliya ham omadsizlik bilan javob qaytaradi. Italiya hisobni ochadi. Romario to‘pga yaqinlashadi. U chap burchakni nishonga oladi, to‘p ustunga tegib, keyin darvozadan joy oladi. Italiya muvozanatni tiklagach, stadionda sukunat saqlandi. Ke­yin... Branko Braziliyani odinga olib chiqadi..., Taffarel seyvni amalga oshiradi..., Dunga ham xatoga yo‘l qo‘ymaydi...

Braziliyaliklar xotirasidan bir umrga joy olgan voqea yuz beradi: Roberto Badjo hal qiluvchi zarbani amalga oshirishda xatoga yo‘l qo‘yadi. Braziliya - jahon chempioni!

Ta’riflashga til ojiz bayram shodiyonalarida senda bor kuch-quvvatingni futbolga bag‘ishlash istagi tug‘iladi. Nihoyat, futbol braziliyaliklar uchun shunchaki o‘yin emasligini to‘liq his etasan. «Men Braziliya sharafini himoya qilaman!», - degan fikrga borasan. Ammo sening maydondagi harakatlaringdan xabardor bo‘lgan kishilar bunga aslo ishonishmaydi. Murabbiylar haqida gapirmasa ham bo‘laveradi - ular kim bo‘lishidan qat’iy nazar, maydonda «artistlik» qilishni taqiqlab qo‘yishadi. Anashu taqiqni sen ijobiy qabul qilib, ularning nohaq ekanliklarini isbotlash uchun yanada tirishqoqlik bilan mashq qilasan. Deker, Maradona va Ronaldo kabi afsungarlarning qanday to‘p surganlarini esla. Va albatta, otamning o‘gitlarini bir lahzaga bo‘lsada, unutma: «To‘p bilan oddiy va samimiy munosabatda bo‘l. quvonch va ishtiyoq bilan o‘yna. Harakatlaringda hisob-kitobga o‘rin yo‘q. Ijodkorona harakatlaring hisob-kitobdan ustun kelsin, bir qarorga kelguningcha oyoqlaring ishni bajarishga ulgursin».

Zafarli mundialdan so‘ng bir oy o‘tgach, «Gremio» seni chaqirib, Braziliya yoshlar (U-17) terma jamoasiga taklif qilishayotganini aytadi.

Terma jamoaning Terezopolisdagi bazasida ko‘rgan-kechirganing bir umr xotirangda qoladi. Pele, Ziko, Bebetoning portretlari, Romario, Ronaldo va Rivaldo oyog‘i tekkan xonalar, ular foydalangan buyumlar... Uyquga yotar ekansan, bir o‘y senga tinchlik bermaydi: «Balki mening kumirim aynan shu xonada, shu krovatda dam olgandir?».

Ogohlantirib qo‘yay - 1995-2003 yillar oralig‘ida ta’tilga ham vaqt bo‘lmaydi, mashaqqatli ter to‘kishdan boshqa hech narsani ko‘rmaysan.

Buning o‘rniga bir vaqtlari otang qo‘riqlagan avtomobil saqlash joyi orqali «Gremio» yechinish xonasiga yo‘l olasan, akang to‘p surgan jamoa sharafini himoya qilishga kirishasan, bundanda baxtli hayot yo‘q, degan fikrga kelasan. Biroq asosiy voqealar hali oldinda ekanligini bilmaysan. Bir yil o‘tgach, milliy terma jamoada ilk marta maydonga tushasan. Bunga qadar ajoyib bir voqea sodir bo‘ladi: Sen Gaucho chempionatining finalida «Internasyonal»ga qarshi to‘p surganing bois, terma jamoa ixtiyoriga bir kun kechikib kelasan. Murabbiylar sendan xafa bo‘lishmaydi. Chunki «Internasyonal» safida JCH-94 g‘olibining sardori Dunga to‘p suradi, sen esa aynan shu afsonaviy himoyachini aldab o‘tib, g‘alaba to‘pini darvozaga yo‘llaysan. Shu tariqa tillarda doston bo‘lasan. Bu muvaffaqiyat zimmangga ulkan mas’uliyat yuklaydi, muxlislar sendan yanada maftunkor, sermazmun o‘yin­lar kuta boshlashadi. Yagona maslahatim shuki, o‘z yo‘lingdan voz kechma. Doimo erkin ijod qilishda davom et. Charchasang, musiqa tingla, u senga kuch-quvvat baxsh etadi.

Terma jamoadagi faoliyating hayotingni o‘zgartirib yuboradi. Yevropaga yo‘l olish istagi tug‘iladi, axir «kumir»­laring shunday qilishgan-da. 2001 yili «PSJ» safidan o‘rin olasan. qishloqdagi yog‘och kulbada o‘sib-ulg‘aygan bolakayga Yevropa hayotini tasvirlab berishning iloji yo‘q. Uni o‘zing avval Parijda, keyin Barselona va Milanda yashash orqali tushunib yetasan. Aksariyat jurnalistlar o‘yin uslubingni tushunishmaydi: «Nima uchun bu yigit doimo kulib turadi?». Ha, ular tabassumning siridan bexabarlar. Sen uchun futbol xursandchilik ekani, muxlislarga quvonch ulashish niyatidaligingni bilishmaydi. Demak, jiddiylikka o‘rin yo‘q! Muhimi - ijod, hisob-kitob emas! O‘zligingni saqlash orqali jahon chempioni bo‘lasan, YECHL, La-liga va «A» seriyada g‘olib chiqasan. O‘zliging senga «Oltin to‘p»ni hadya etadi. Barcha sovrin va unvonlardan ko‘ra, «Barselona» uslubini tubdan o‘zgartirib yuborganing bilan ko‘proq faxrlanasan. Sen Kataloniyada paydo bo‘lgan davrda «Real» ispan futbolining tanho qiroli edi. Ana shu hukmronlikka chek qo‘yasan. Natijada jamoani tark etish paytida minglab bolakaylarda «Barsa»dek o‘ynash orzusi tug‘ilgan bo‘ladi. Meni diqqat bilan tingla: «Kataloniyada muhim bir yumushni bajarish sening zimmangda. Yoshlar jamoasida xuddi sen kabi 10-raqam ostida to‘p suradigan sen kabi mittigina bolakay paydo bo‘ladi. Uning o‘yinini kuzata turib, kelajakda buyuk futbolchiga aylanishiga amin bo‘lasan. Bolakay boshqalardan yaqqol ajralib turadi. Uni Leo Messi deb atashadi». Murabbiylardan uni asosiy tarkibga jalb etishni so‘raysan. Leo jamoaga o‘tgach, unga yagona maslahatingni ber: «Doimo lablaringda tabassum bo‘lsin. Erkin harakat qil, to‘p oddiy munosabatda bo‘l».

Sen ketgach, uslubing Messi tufayli «Barsa»da qoladi. Hayotda ko‘plab quvonchli va noxush voqealarga duch kelasan. Lekin shuni yoddan chiqarmagin-ki, ularning barchasiga futbol tufayli erishding. qachondir sening uslubingga shubha bilan qaraganlar tabassuming sababini so‘raydilar. Chunki sen mag‘lubiyatni ham kulib qarshi olasan. Oilang nochor bo‘lgani sababli, senda otang bilan yurgan paytlarning videotasmasi yo‘q. Uni qayta-qayta ko‘rish imkoniyatiga ega emassan. Esdalik bo‘lib qolgan buyumlar orasida bir bebaho surat bor. Unda otang bilan to‘p surayotgan lavha aks ettirilgan. Yuzingda tabassum, chunki sen baxtlisan - axir to‘p senda-da! Otang ham kulmoqda. U baxtiyor farzandidan mamnun. Vaqti kelib, behisob boylikka, kuchli bosim va tanqidlar bo‘roniga ko‘milib qolasan. Bunday murakkab vaziyatda o‘zligingni avaylab-asra. Otang aytganidek, to‘p surishda davom et! To‘pni ardoqla!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:35, 28.01.2017.
O'qildi: 11717 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.