Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Denis Istomin Toshkentda tennis akademiyasi ochmoqchi

Denis Istomin Toshkentda tennis akademiyasi ochmoqchi

Baho:
+ | -

O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin Australian open musobaqasining 4-bosqichiga yetib borib, Grigor Dimitrovga imkoniyatni boy berdi.

O‘zbekistonlik tennischi Osiyo-Okeaniya pley-off bosqichi g‘olibi sifatida «wildcard»ga ega bo‘lib, turnirni asosiy to‘rdan boshladi. U dastlab xorvatiyalik Ivan Dodigni, ikkinchi bosqichda jahonning ikkinchi raketkasi Novak Jokovichni, uchinchi o‘yinda esa ispaniyalik Pablo Karreno Bustani mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Afsuski, 4-bosqich bahsida jarohat Istominga to‘la kuch bilan o‘ynash imkonini bermadi.

Natijada, Denis Istomin Avstraliyadagi musobaqa orqali o‘z hisobini 220 000 AQSH dollariga boyitib oldi. Denis chorak finalga chiqqanida, bu miqdor 440 000ga yetardi.

Hamyurtimiz hisobiga 180 reyting ochkolari qo‘shildi. Bu orqali Istomin ATR reytingida kuchli yuztalikka kirishga muvaffaq bo‘ladi. U o‘z ochkolarini taxminan 678taga yetkazib, 80-90-o‘rinlarga oralig‘iga joylashadi.

Quyida aynan ushbu tennischimizni rossiyalik hamkasblarimizga bergan intervyusidan parchalar keltirmoqdamiz...

 - Siz aslida Orenburgda tug‘ilgansiz, ammo uch oylik bo‘lganingizda, O‘zbekistonga ko‘chib ketgansizlar. Buning sababi nimada?

- Mening otam toshkentlik. Qarindoshlarimiz ham hammalari Toshkentda yashashadi. Shu bois, biz ham Tosh-kentga ko‘chib kelganmiz.

- Tennisga qanday qiziqib qolgansiz?

- Mening oyim o‘z vaqtida tennis bilan jiddiy shug‘ullanganlar va ke-yinchalik murabbiy sifatida ish boshlaganlar. Oyim ishga ketayotganlarida, doim meni ham o‘zlari bilan olib ketardilar. Bolaligimdayoq kuni bilan kortda bo‘lganim uchun sportning bu turiga qiziqib qolganman. To‘g‘ri, bir muddat futbol bilan ham shug‘ullanib ko‘rdim. Ammo tennisga muhabbat, baribir, kuchlilik qildi.

- Tennis - eng qimmatbaho sport turlaridan biri hisoblanadi va u bilan shug‘ullanish oson emas. Siz ham bu yo‘lda qandaydir qiyinchiliklarga duch kelganmisiz?

- Avvallari bunday qiyinchiliklar bor edi: raketkalar, ularning iplari, koptoklar yetishmasdi. Lekin oyim murabbiy bo‘lgani uchun men unchalik qiynalmaganman. Shuningdek, kortlar sifati ham yuqori bo‘lmasdi. Lekin ul-g‘ayib, terma jamoaga qabul qilinganimdan so‘ng sharoitlar ancha yaxshilandi. O‘zbekiston tennis federasiyasi har tomonlama yordam berardi.

- 2001 yili avtohalokatga yo‘liqib, tennis bilan butunlay xayrlashishingizga bir bahya qolgan. O‘sha lahzalarni xotirlay olasizmi?

- Ha... Aslida u kunlarni sira eslagim kelmaydi. Chunki belim, qo‘lim singandi. Kaftimni hatto qimirlata olmasdim. O‘shanda, qaytib tennis o‘ynay olmasam kerak, deb o‘ylagandim. Ammo shukrki, shifokorlar hamma ishni to‘g‘ri bajarishgani tufayli sog‘ayib, yana sportga qaytdim.

- Ma’lumki, faoliyatingiz davomida sizga faqat bir kishi - onangiz murabbiylik qilib kelmoqda...

- Ha, xuddi shunday. Biz bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz. U menga qaysi lahzada nima kerakligini yaxshi biladi. Men ham o‘z navbatida, oyimga to‘la-to‘kis ishonaman.

- Biror marta xafalashib qolganmisizlar?

- Oilaviy munosabatlarda bunday holat uchrab turadi. Lekin tezda bir-birimizga yana avvalgidek muomala qilib ketaveramiz. Deylik, «Bo‘ldi, bas», deydigan darajada sira xafalashmaganmiz.

- Mavsum oralig‘ida ko‘pchilik tennischilar o‘z murabbiylarini almashtirishadi. Siz hech shu haqda o‘ylaganmisiz?

- Men sira bunday xayolga bormaganman. Lekin oyim bir necha marta menga «O‘zingga boshqa murabbiy top», - deganlar. Aftidan, shunday paytlarda u kishini juda qiynab yuborgan bo‘lsam kerak-da (kuladi).

- Siz ATPdagi faoliyatingizni endi boshlagan chog‘larda Agassi, Sampras kabi yulduzlar hali kortda edi. Shundan beri tennis qanchalik o‘zgardi?

- Menimcha, u paytlari tennis nisbatan tezroq o‘ynalardi. Jismoniy kuch kamroq sarflanib, o‘yinlar tezroq tugardi. Hozirgi kunda esa ko‘p narsa jismoniy holatga bog‘liq bo‘lib qoldi.

- «Katta to‘rtlik»dagi tennischilarning hammasi bilan o‘ynab ko‘rgansiz. Ularning ichida eng noqulay raqib kim?

- Shaxsan men uchun Federerga qarshi kurashish hamisha qiyin bo‘lgan. Negaki, uning hech bir zarbasi oldingisiga o‘xshamaydi. Ajoyib tennischi.

- Bu yilgi Australian Open turniriga chiqish uchun koreyalik Dokxi Liga qarshi kurashdingiz. Ma’lumki, Lining qulog‘i yaxshi eshitmaydi...

- Bilasizmi, bunaqa holatga ilk bor to‘qnash keldim. Li sizga gapiraveradi-yu, ammo o‘zi umuman eshitmas ekan. O‘yin vaqtida bunga e’tibor qaratmaslikka harakat qildim. Ammo ba’zi holatlarda, aytaylik, hakam «Aut!» deb qichqirganda, men to‘xtab qoldim, u esa o‘yinni davom ettiraverdi. Bir-ikki soniyadan keyin esa Li hakamga qarab, nima voqea ro‘y berganini anglab olardi.

- Qaysi o‘yin yodingizda yaxshi saqlanib qolgan?

- «Katta dubulg‘a»da ilk bor Federerga qarshi kortga chiqqanim kechagidek esimda. Shuningdek, US Open musobaqasida Lapenttini qanday yengganim hech yodimdan chiqmaydi. Axir, bu mening besh set yoki boshqacha aytganda, besh soat davom etgan ilk uchrashuvim edi.

- Siz yoqtirgan turnir?

- Uimbldon, chunki men tabiiylikni, chimni yoqtiraman.

- Biror-bir g‘alabadan so‘ng kutilmagan sovg‘a olganmisiz?

- Ko‘pincha menga bolalar o‘zlari yasagan buyumlarni sovg‘a qilishadi. Lekin shu paytgacha hech kim kalitni uzatib, «Mana senga Ferrari» demagan (kuladi).

- Siz O‘zbekiston fuqarosisiz va butun umringiz davomida shu yurt sharafini himoya qilib kelyapsiz. Ammo aslida Rossiyada tug‘ilgansiz. Sizga hech Rossiya sharafini himoya qilishni so‘rab, murojaat qilishganmi?

- Garchi men sobiq ittifoqda tug‘ilgan bo‘lsam-da, 1986 yili O‘zbekistonga ko‘chib kelib, shu yerda pasport olganman. Shu bois, Rossiya haqida umuman o‘ylab ham ko‘rmaganman. Negaki, men oddiy bir vatanparvar sifatida, bir umr O‘zbekiston sharafini himoya qilishga ahd qilganman.

- Sentyabrda 30 yoshga to‘ldingiz. Aytmoqchimanki, yosh o‘tgan sari nimalardir o‘zgarayotganini sezyapsizmi?

- Albatta, jismoniy tarafdan muammolar ko‘payyapti. Deylik, og‘ir va murakkab o‘yinlardan so‘ng tiklanish jarayoni sekinlashmoqda. Lekin     boshqa tomondan, ulg‘ayganing sari tajriba oshib, odam ayyorlashib qolarkan. Menimcha, bu ham o‘ziga xos bir taraqqiyot.

- Mavsumga bog‘liq rejalar qanday?

- Odatda men o‘zimga biror-bir reja tuzib olsam-u, niyatimga yetisholmasam, ruhan qiynalaman. Shuning uchun, bu mavsumda shunchaki, tennisdan rohat olib, har bir uchrashuvda chiroyli o‘ynab, g‘alaba qozonishni xohlayapman.

- Faoliyatingiz davomida 4 million dollardan ortiq mukofot pullari olgansiz. Ortiqcha mablag‘ni qanday sarflashni mo‘ljallayapsiz?

- Nasib qilsa, Toshkentda tennis akademiyasini ochmoqchiman. Bosh maqsadim - shu, hozircha.

- Katta tennis bilan xayrlashgach, nima bilan mashg‘ul bo‘lishni istaysiz?

- Tennis bilan osonlikcha xayrlasholmasam kerak. Shuning uchun dastlabki vaqtlarda kortdan unchalik uzoqlashmayman. U yog‘i - vaqt hukmiga havola...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:14, 28.01.2017.
O'qildi: 7030 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.