Bir insonga ergashishingiz uchun, u aytayotgan fikrlarning to‘g‘ri bo‘lishi kifoya qilmaydi. O‘sha fikrlarning xolis bo‘lishi ham muhim.
Boshqalar ham, o‘zim ham ko‘p e’tibor berganman, biz jurnalistlarning ba’zi fikrlari oldingi boshqa fikrlari bilan ziddiyatlidek tuyuladi. Bu tabiiy. Jurnalist har doim ma’lum muammoni tahlil qilar ekan, tabiiy ravishda, o‘sha muammoga haddan tashqari katta ahamiyat beradi, va albatta, bunday holatlarda, boshqa muammo ko‘tarilgan boshqa maqoladagi fikrlar bilan ters kelib qolishi mumkin. Bu katta ayb emas, nazarimda.
Mutaxassis esa, o‘z fikr va xulosalarini taqdim etar ekan, vaziyatga “diagnoz” qo‘yadi. Unda jurnalistlarda bor bo‘lgan ustunlik yo‘q. Ekspert imkon qadar aniq, imkon qadar xolis, imkon qadar qat’iy bo‘lishi shart.
Kecha mana shunday mutaxassislardan biri, Alisher Aminovning intervyusini o‘qidim. Alisher Aminov o‘zbekistonlik mashhur mutaxassis, bir necha yil oldin hatto Rossiya Futbol Federasiyasi rahbarligiga o‘z nomzodini qo‘ygandi. Uning futbolni rivojlantirish dasturi ko‘pchilikning e’tiborini tortgan, anchagina ijobiy taassurot qoldirgandi.
Yuqorida men tilga olgan intervyu o‘zbek futbolining bugungi ahvoli haqida bo‘lib, “Futbol Uzbekistana: pasiyent skoree mertv, chem jiv” deb sarlavhalangan. Alisher Aminov futbolimizdagi juda ko‘p og‘riqli nuqtalarga tegingan, o‘z mulohazalarini va yechimlarini bergan. O‘qib chiqishingizni tavsiya qilaman, albatta.
Mening mavzum tushunarli bo‘lishi uchun esa, o‘sha intervyudan ayrim parchalarni havola etaman:
“So‘nugi yillarda O‘zbekiston Federasiyasi qanday boshqarilmoqda? Barcha kadr masalalari, jumladan, terma jamoa murabbiyini tayinlash qarori ham faqat bir inson – O‘FF prezidenti tomonidan mustaqil amalga oshirilgan. Vaziyatni tahlil qilish, baholash va o‘z xulosasini berish bilan shug‘ullanishi va rahbar tomonidan e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan murabbiylar kengashi deyarli ishlamaydi. Natija bo‘lmaganda esa, prezident emas, mutaxassislar javobgar bo‘ladi”
“O‘FF ning moliyaviy faoliyati shaffof emas – hatto federasiya xodimlari ham tashkilotning byudjeti va harajatlari haqida ma’lumotga ega emaslar. Nima kerak ularga buni bilish? Axir hammasini O‘FF prezidentining o‘zi hal qiladi-ku? Muhim masalalarni hal qilishi kerak bo‘lgan hech qanday organ ishlamaydi, futbolchilarning ham, trenerlarning ham huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan kasaba uyushmasi yo‘q. Natijada murabbiylarning ham, futbolchilarning ham talablari umuman e’tiborga olinmaydi, chunki federasiyada ularning manffatlarini himoya qiladiganlar mavjud emas. Klublar esa, ular bilan istagan ishini qilishi mumkin, shartnoma bandlarini bemalol e’tiborsiz qoldiraveradilar. Axir jabrlanuvchilar hech qayerga shikoyat qila olmaydilar”
“O‘zbekiston terma jamoasining yagona g‘alabasi Xirosimaga to‘g‘ri keladi. Bu tarixiy g‘alaba ham aslida sovet davridagi futbolchi tayyorlashdagi yutuqlarimiz va o‘sha jamoaning tajribali murabbiy shtabi tufayli bo‘lgandi.
“Ammo bu yutuq keyingi rivojlanish uchun turtki bo‘lmadi”
“O‘zbek futbolidagi menejment sohasi, oddiy qilib aytganda, yaxshi emas, O‘FF ham, liga ham, ta’lim sohasi ham futbol menejerlarini tayyorlaydigan zamonaviy tizim yarata olmadilar. Sport sohasi uchun tajribali yuristlar tayyorlanmaydi.
Aytish mumkinki, O‘zbekistondagi professional futbol inqiroz yoqasida: ligalar rivojlanmayapti, klublar aniq g‘oya va maqsadlar uchun ishlamayaptilar, daromadlar va harajatlar o‘rtasida juda katta farqlar mavjud, klublar davlatlar moliyaviy yordam olgan holda o‘z vazifalarini, xususan raqobatbardosh futbolchilarni tarbiyalay olmayaptilar”
“Futbolimizning iqtisodiy modeli tosh asri darajasida qolib ketgan, zamonaviy emas!”
Bu fikrlarning barchasi Alisher Aminovga tegishli. Men mutaxassis bo‘lmaganim uchun, bu fikrlar qay darajada haqiqat yoki noto‘g‘ri, baholash saviyasida emasman. Intervyuni to‘liq o‘qigan odam, Alisher Aminovning O‘FF ni boshqarish istagi borligini, shu bilan birga O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish uchun o‘z rejasiga ega ekanini osonlik bilan payqay oladi.
Men mutaxassis bo‘lmaganim uchun, Aminov O‘FF rahbari bo‘lsa, futbolimiz hozirgidan yomonroq bo‘ladimi, yaxshiroqmi, buni aniq ayta olmayman. Aminovning rejalari, strategiyalari qay darajada ishlashi mumkin, bu haqida ham jim turaman.
Men e’tibor bergan jihat, bu insonning 2013 yilning sentyabrida “Interfutbol” gazetasi maxsus muxbiri Mavlon Shukurzodaga bergan intervyusi bo‘ldi. Ushbu intervyuni mana bu yerda to‘liq o‘qib chiqishingiz mumkin, e’tiboringizga mening mavzuimga mos qismi tarjimasini havola qilaman:
“Umuman olganda, O‘zbekistondagi futbol rivojlanishi yetarlicha jadal davom etmoqda. 22 yillik mustaqillik yillarida o‘zbek futboli maqsadli yo‘nalishda oldinga qadam tashladi, ayniqsa, so‘nggi 10 yilda bu narsa yanada ko‘zga tashlandi. Butun dunyo o‘zbek futboli yutuqlariga gvoh bo‘lib turibdi. Xirosimadagi g‘alaba O‘zbekistonda futbolning sovet yillarida ham yaxshi ekanini ko‘rsatgan bo‘lsa, keyingi natijalar – klublarimizning chempionlar ligasida, turli yoshdagi terma jamoalarning jahon chempionatlaridagi ishtiroklari keyingi yillarda ham O‘zbekiston futbolidagi barcha sohalar tizimli tarzda rivojlanib borayotganidan dalolat qilmoqda.
Yoshlar dunyoning kuchli sakkiztaligiga kirdilar, milliy terma jamoa Osiyodagi eng kuchli besh jamoadan biridir. Saudiya Arabistoni, Eron, Koreya va Yaponiya kabi JCH ishtirokchilari ham terma jamoangizdan hayiqib turadilar.
Istiqbolda, mening fikrimcha, eng yaxshi yosh futbolchilar Yevropadagi kuchli jamoalarda o‘ynay boshlaydilar. Toshkentda, Qarshi, Samarqand va Buxoroda ajoyib zamonaviy stadionlar qurildi.
Futbol akademiyalarining qurilishi, zamonaviy murabbiylarni tayyorlash tizimi, hakamlarni o‘qitish uslubi – bularning hammasi futbolning maqsadli rivojlanish yo‘lida borayotganidir. Men O‘zbekistonning bu yutuqlari bilan faxrlanaman.
Mamlakat prezidenti, hukumat va O‘FF rahbariyati o‘z xalqi uchun, kelajak avlod uchun, ularning sog‘lom yetishishlari uchun nima kerak bo‘lsa, hammasini bajarishmoqda”
Men yuqorida parcha keltirgan ikki intervyudagi fikrlar ishonish qiyin bo‘lsa-da, bir inson tomonidan aytilgan. Yanayam ishonish qiyin bo‘lgan jihat, bu ikki intervyu orasidagi farq atigi uch yilni tashkil qilmoqda xolos. Bu fikrlar oddiy jurnalistni osonlik bilan o‘zgarib turadigan fikrlari emas, ekspertning “diagnozidir”. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu diagnoz turli davrlar uchun emas, aynan bir davr uchun, faqat ikki paytda aytilmoqda xolos.
Savol tug‘iladi, mana shu uch yilda Aminovning fikrlarini keskin o‘zgartirib yuboradigan qanday voqea bo‘ldi? Nima o‘zgardi? Mirabror Usmonovning O‘FF boshiga kelganiga o‘n yildan oshgan bo‘lsa, axir Aminov dastlabki intervyusida ayniqsa so‘nggi 10 yilda rivojlanish ko‘zga tashlanganini aytmayotganmidi?
O‘ylab o‘ylab topdimki, so‘nggi uch yilda O‘zbekiston futbol federasiyada kuzatilgan o‘zgarishni topdim. Rustam Akramov endi O‘FF da ishlamayapti. Bir yildan oshdi bu voqeaga ham. Rustam Akramov Alisher Aminovning tog‘asi bo‘ladi.
Bilasizmi, qachon rivojlanamiz? Futbolimiz muammolarini ochiq va oydin ayta oladigan xolis ekspertlarimiz paydo bo‘lishsa. Ular ko‘payishsa. Buning uchun ularning togalarini oldin O‘FFga ishga olib, keyin haydash kerakmikin… Ey Xudo…