Kirish Ro'yxatdan o'tish

JCH-2018. O‘ttiz ikkilikka terma jamoamiz kirishi shart!

JCH-2018. O‘ttiz ikkilikka terma jamoamiz kirishi shart!

Baho:
+ | -

Jahon chempionatida ishtirok etadigan jamoalar soni oshirildi. Bu endi amalga oshib bo‘lgan fakt. Qandaydir voqealar bo‘lib ketib, FIFA rahbariyati yana o‘zgarmasa, 2026 yilgi jahon chemponatida 48ta jamoa ishtirok etishi lozim. Hozir bu yaxshimi yoki yomon, ko‘p bosh qotirmoqchi emasmiz. Hammasi FIFA rahbariyatining vijdoniga havola. Tashkilot prezidenti Janni Infantinoning aytishicha, Yevropa chempionatida ishtirokchilar soni oshirilgandan so‘ng musobaqa qiziqarliroq o‘ta boshlagan ekan. Bu gapni shunchaki ma’lumot o‘rnida keltirib o‘tdik. U qay darajada mantiqqa to‘g‘ri kelishiga baho berish esa, o‘zingizga havola. Bizning aytmoqchi bo‘lganlarimiz boshqa.

JCH ishtirokchilari soni oshirilishi bir qator o‘rtamiyona termalar, xususan, O‘zbekistonga ham qo‘l kelishi shubhasiz. Qaror kuchga kirgach, biz ham katta ehtimol bilan mundialda ishtirok etamiz. Bu yaxshi, albatta. Ammo O‘zbekiston terma jamoasi obro‘-e’tiborini saqlab qolishni istaydigan bo‘lsa, bir ishni amalga oshirishi shart. Ya’ni, 2026 yilgi jahon chempionatiga qadar birorta mundialda ishtirok etish. Masalan, JCH-2018da!

Ishqibozlikda katta tajribaga ega insonlar yaxshi bilishadi, jahon chempionatida ishtirok etadigan jamoalar soni ilgari ham bir necha bor oshirilgan. 1982 yilga qadar mundialda faqat 16ta saralangan jamoa ishtirok etardi. Aynan o‘sha yili ishtirokchilar soni 24taga oshirildi. Bu holat o‘z navbatida, ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘ldi. Chunki qo‘shimcha o‘rinlar asosan Osiyo, Afrika va Shimoliy Amerikaga berilgan edi. Tabiiyki, bunday vaqtda: «Osiyodan uchta jamoa ishtirok etishining nima keragi bor?», «Afrika termalari mundialga nima bera oladi?» yoki «Shimoliy Amerikadan Meksikaning o‘zi qatnashsa ham yetardi», qabilidagi gap-so‘zlar ko‘payishi turgan gap. Albatta, bunday e’tirozlarda jon bor. Chunki yangi jamoalar saviya jihatidan mundialga mos kelishi uchun vaqt kerak edi.

Shundan so‘ng jahon chempionati ishtirokchilari sonini oshirish uchun yana 16 yil vaqt kerak bo‘ldi. 1998 yilgi mundialda endi 24 emas, 32ta terma jamoa qatnashdi. Fransiyada o‘tgan musobaqani ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. Mezbonlar g‘olib chiqqan va Zayniddin Zidan porlagan o‘sha chempionatdagi shiddat va ehtiros hali uzoq vaqt yoddan chiqarilmaydi. Biroq shu bilan birga Argentina va Yamayka terma jamoalari o‘rtasida kechgan bahsni ham unutishimiz uchun ancha vaqt kerak bo‘ladi.

O‘sha uchrashuv qo‘shiqqa aylanib ketgani ham musobaqaning saviyasi ancha tushganini bildirishi muqarrar. «CHAYF» rok-guruhi ijrosidagi taronani eslash uchun ashaddiy muxlis bo‘lish ham shart emas. «Argentina - Yamayka - 5:0», deya boshlanadigan qo‘shiqni o‘zingiz ham hirgoyi qilib ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Darhaqiqat, bu qadar yirik hisobda yakunlanadigan o‘yinlar jahon chempionatiga kerakmidi? Bu savolning javobini FIFA mutasaddilari ham bilishmasa kerak. Yoki bilishni istashmaydi...

Mana endi, oradan yigirma yil o‘tib, FIFA jahon chempionati ishtirokchilari sonini yana oshirishga qaror qildi. Bu safargi o‘zgarishlar ko‘lam jihatidan avvalgilardan ancha yirik ko‘rinish kasb etgan. 1982 va 1998 yillarda 8tadan jamoa mundialchilar safiga qo‘shilgan bo‘lsa, 2026 yilgi jahon chempionatida bir yo‘la 48ta jamoa ishtirok etishi lozim. 48ta! Endi FIFAga nisbatan noroziliklar qay darajada ortishini tasavvur qilib olavering. Shu bilan birga, mundial saviyasi tushishini ham. Xo‘sh, O‘zbekiston termasiga faqat ishtirokchilar soni oshirilgani uchungina jahon chempionatiga chiqqan jamoa sifatida qarashlarini xohlarmidingiz? Yashang, biz ham istamaymiz.

O‘zbekiston terma jamoasi oldida bunday tamg‘adan qutulib qolishning yagona yo‘li bor - qaror kuchga kirgunga qadar mundialda qatnashish. Ya’ni, 48, 47 va hatto, 33-jamoa sifatida emas, balki dunyoning eng kuchli 32 jamoasi qatorida jahon chempionatida o‘ynash lozim. O‘shanda bizga ham Yamaykaga qaragandek qaramasliklari mumkin. Agar mundialda ishtirok etish tajribasiga ega bo‘lmagan holda JCH-2026ga boradigan bo‘lsak, nimalar bo‘lib ketishini tasavvur qila olasizmi? Shuning uchun ham keyin afsuslanmaslik uchun hozirdan harakat qilish lozim.

Zero, buning uchun bizda yetarlicha sharoit bor. Faqat hamma gap o‘sha sharoitdan natija undira olishda. Mana shunisi eng qiyini ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. O‘zbekiston terma jamoasi JCH saralashlarida har doim oxirgi bosqichga qadar yetib kelgan. Ammo so‘nggi qadamni tashlash uchun mudom nimadir yetishmay qolavergan. Masalan, o‘tgan safar bittagina gol yetmay qolgan edi. Umid qilamizki, bu safar o‘sha bitta ortib qoladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, oldimizda turgan mana shu ikki mundial - JCH-2018 va JCH-2022ga chiqishimiz shart. Biz mana shu ikkita mundialda «kuchli o‘ttiz ikkilik»ka kira olsakkina, JCH-2026ga boshni baland ko‘tarib borishimiz mumkin. Aks holda, nimalar bo‘lishini o‘ylashga ham qo‘rqadi kishi. 2026 yilgi jahon chempionatidan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi haqida ham qo‘shiq yozilmasin, deymiz-da...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 23:06, 29.01.2017.
O'qildi: 23744 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.