Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Tuxel: "Jahon chempionatida me’yor buzildi"

Tuxel: "Jahon chempionatida me’yor buzildi"

Baho:
+ | -

Dortmundning «Borussiya» klubi ustozi Tomas Tuxel yaqinda ESPN nashriga katta intervyu berdi. Nemis futbolidagi eng istiqbolli mutaxassislardan biri sifatida e’tirof etilayotgan izlanuvchan murabbiy suhbat davomida asosan o‘z jamoasidagi holat va sobiq shogirdlari haqida gapirdi. U shuningdek, jahon chempionati ishtirokchilari sonini oshirish xususida qabul qilingan qarorga ham shaxsiy munosabatini bildirdi.

— Tomas, aytingchi, Kristian Pulishichning joriy mavsumdagi o‘sish sur’ati shaxsan sizni ham qoniqtiryaptimi?

- Bo‘lmasam-chi?! Albatta, Pulishichning kelajagi borasida hozirdan baralla gapirish qiyin, ammo shunisi faktki, u «Borussiya» uchun g‘oyat muhim futbolchiga aylanib ulgurdi. Aslida Kristian hozir ham klubimizning yoshlar tarkibi a’zosi sanaladi, lekin o‘zimiz uchun boshqalar bilan teng darajadagi asosiy tarkib o‘yinchisidir. Ba’zida Pulishichning maydondagi aqlli harakatlarini ko‘rib, uning yoshi xususida shubhalanib qolaman va beixtiyor pasportini yana bir bora tekshirib ko‘rgim keladi. Boz ustiga, Kris yoshiga nomunosib holatda ancha bosiq yigit. Deylik, mashg‘ulotlarda aslo asabiylashmaydi, o‘ziga ishonchi juda baland. Qisqasi, Pulishichning muvaffaqiyatlaridan bag‘oyat mamnunman.

— Jamoadagi kuchli raqobatni hisobga olib, ko‘pchilik Pulishichga ishonqiramay qaragandi. Harqalay, odatda bunday yosh futbolchining asosiy tarkibda maydonga tushishi uning zimmasiga katta bosim yuklaydi. Natijada futbolchi ko‘p holatda kutilganidek o‘ynay olmaydi...

— Albatta, shunday hadiksirash ham bor edi. Lekin endi bir o‘ylab ko‘ring: agar futbolchida o‘z kuchiga ishonch hissi yuqori bo‘lsa, diqqatini bir joyga jamlashda muammo sezmasa, mehnatdan bo‘yin tovlamasa, ortiqcha hayajonga berilmasa, uni nega asosiy tarkibda maydonga tushirmasligimiz kerak?! Bilasizmi, Kristianga yosh bola sifatida qaramayapmiz. Negaki, u - asosiy jamoada o‘ynashga tayyor yigit. To‘g‘ri, dastlabki paytlar hammada, shu jumladan, Pulishichning o‘zida ham xavotir yo‘q emasdi. Lekin Roysning kutilmaganda, uzoq muddatga safdan chiqishi Pulishichning foydasiga ishladi. Ya’ni agar o‘zi istasa, jamoaga naf bera olishi mumkinligini tushunib yetdi va bundan unumli foydalandi. Ko‘z tegmasin, hozircha Kristianning ishlari yurishyapti: jarohatdan uzoq yurib, har bir mashg‘ulotda astoydil ter to‘kyapti. Shuning uchun ham Pulishich asosiy tarkibdan joy olishga to‘la haqli.

— «Borussiya» qishki tanaffusga 6-pog‘onada chiqdi. Ochig‘i, bu jamoangiz  uchun kutilganidan ham yomonroq natija hisoblanadi. Sizningcha, hozirgi holat ortida qanday sabablar bor?

— Barchaga yaxshi ma’lumki, biz qaysidir pallalarda tarkibimizdagi muhim 3 nafar futbolchi xizmatlaridan foydalanolmadik. Deylik, Marko Roys va Sven Benderning safda emasliklari bilindi. Vaholanki, bu yigitlar jamoamizning kiyinish xonasida g‘oyat muhim rolga egalar. Agar ularda hammasi joyida bo‘lsa va jamoa bilan birga mashg‘ulotlarda qatnashishsa, «Borussiya»da butunlay boshqacha kayfiyat hukm suradi. Shu tomondan olib qaralsa, bizga kadrlar muammosi xalaqit berdi. Ha, futbolda kutilmagan yo‘qotishlar yuzaga kelishi mumkinligini bilamiz. Ammo buni bilish bilan shu holatga moslashish o‘rtasida katta farq bor. Aslida mavsumni ko‘ngildagidek boshladik, ammo aynan jarohatlar barcha rejalarimizni izdan chiqarib yubordi. Aftidan, ertaroq xotirjamlikka berildik, shekilli: «Mana, bo‘ldi... Hammasi reja asosida ketmoqda». Afsuski, eng muhim futbolchilar safdan chiqishgach, ishlarimiz ortga ketdi. Bunday paytlar sabrli bo‘lish talab etiladi. Lekin baxtga qarshi, menga ayni shu xislat yetishmaydi. Ya’ni tabiatan biroz besabrman. Shu boismi, so‘nggi o‘yinlarimizda ko‘tarilishlar ham, pasayishlar ham uchradi. Deylik, vaziyat taqozosiga ko‘ra, yosh futbolchilarga ko‘proq imkoniyat berdik. Muhimi, ular bizni uyaltirib qo‘yishmadi. O‘zingiz bir tasavvur qiling: «Borussiya» bugun CHLda navbatdagi o‘yinini o‘tkazadi va yana 3 kundan keyin bundesligada asosiy raqiblaridan biriga qarshi maydonga tushadi... Bunday tig‘izlikda hammasiga ulgurish juda qiyin, albatta. Boz ustiga, shunday murakkab davrda Rafael Gerreyrani ham yo‘qotdik. «Bavariya»ga qarshi kechgan g‘alabali o‘yindan keyin esa asosiy darvozabonimiz safdan chiqdi. Umuman olganda, yo‘limizni to‘sgan omillar ko‘p, biroq aslo taslim bo‘lmadik. Jamoamning aksariyat o‘yinlarda kuchli iroda namoyish etgani ayni haqiqat. Masalan, ko‘plab uchrashuvlarda 0:1 hisobida yutqaza turib, g‘alabani o‘z tomonimizga og‘dirdik. Ha, birinchi bo‘lib darvozamizdan to‘p olib chiqishimiz yaxshi emas, ammo shundan keyin hisobni tenglashtirib, yakunda g‘alaba qozonish maqtovga loyiq. Buning uchun jamoa yetarli darajada kuchli bo‘lishi kerak. Demak, xulosa bitta - biz to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqdamiz.

— Biroq bunday ko‘ngilsizliklar ikkinchi mavsumda ro‘y berayotgani o‘zingizni ajablantirmayaptimi? Axir odatda murabbiylar yangi jamoadagi ilk mavsumda qiynalishadiyu, keyin hammasi izga tushadi. Sizda esa barchasi aksincha tus olmoqda...

— To‘g‘ri ta’kidladingiz, ba’zida bu masala meni ham o‘ylantirib qo‘yadi. Gohida o‘zimga savol beraman: «Nega? Axir bizda muxlislarga yoqadigan o‘yin uslubi bor, «Bavariya»ni izma-iz ta’qib qilyapmiz... Nega bunday bo‘lmoqda?» Aslini olganda, umumiy kartinaga bir-ikkita chizgi qo‘shmoqchi edim, xolos. Deylik, qishda Usmon Dembeleni safimizga qo‘shib olganimizda, bu yigit Usmon|Mxitaryan|Gyundogan|Xum-mels|Roys bo‘lishini o‘ylagandim. Xullas, Dembelening shundoq ham sifatli o‘yinimizga yana ozgina chiroy qo‘shishiga umid bog‘lagandim. Natijani qarangki, o‘ylangan reja ish bermadi. Aniqrog‘i, ketma-ket jarohatlar uning amalga oshishiga to‘sqinlik qildi. Shu bois, bugungi muammolar bosh ko‘tardi. Endi ortiqcha savollarga javob qidirmay, o‘zgarishlarga ko‘nikishimiz va vaziyatlardan maksimal samara chiqarishga intilishimiz zarur. Buning uchun futbolchilarni sevish, ularning iqtidoriyu, mahoratini qadrlash kerak.

— Bundesligada pozision futbol namoyish qilish oson emas. Axir ko‘plab jamoalar kuchli «pressing»ga tayanishadi.

— Ha, bu fikrga to‘la-to‘kis qo‘shilaman. Chiroyli o‘ynash, g‘alabaga erishish kun sayin qiyinlashmoqda. Bundesligada iqtidorli yosh murabbiylar, yuqori saviyali futbolchilar yetarlidan ham ko‘p. Ular har qanday vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuborishga qodirlar. Boshqacha aytsak, biror raqibni qanday harakat qilishini oldindan aytib bo‘lmaydi. Taktikani muntazam ravishda o‘zgartirib turadigan, ayniqsa, favoritlarga qarshi bahslarda shunday ish tutadigan jamoalar boshqa hech bir chempionatda bundesligadagidek ko‘p uchramasa kerak. Raqiblar aynan kuchlilarga qarshi bahslarda bir o‘zlarini ko‘rsatib qo‘yishni istashadi, ya’ni kamida tengma-teng o‘ynash uchun bor imkoniyatlarini ishga solishadi. Shu bois, «Borussiya»ga ham ancha qiyin bo‘lmoqda. Albatta, ushbu holatdan kelib chiqib, to‘p nazoratini ma’lum me’yorga solishimiz, shuning barobarida hujumlar tezligini pasaytirmasligimiz lozim. Qolaversa, orqa chiziqdagi ayrim kamchiliklarni yo‘qotishimiz zarur. Aytaylik, himoyachilarimiz birga-bir vaziyatlarda doimo ustun kelishlari, havodagi to‘p uchun kurashda raqibni yengishlari shart. Biroq shaxsan men bu vazifalar oddiy majburiyatga aylanib qolishini istamayman. Himoyachilar o‘z zimmalaridagi ishlarni ko‘zlari yonib turgan holda bajarishlari lozim. Aks holda, muammolardan qutulish ilojsizdir.

— Joriy mavsum siz uchun «bosh- og‘riq»lar bittaga kamaydi - Pep Gvardiola APLga o‘tib ketdi. U bilan hali ham aloqada bo‘lib turibsizmi?

— Oxirgi marta telefon orqali gaplashganimda, Pep pulemyotdek sayray boshladi. Hattoki, Gvardiola go‘yoki, meni ko‘rib turgandek harakatlanayotgan, oldidagi doskaga nimalarnidir chizib, nimalarnidir isbotlashga urinayotgandek taassurot uyg‘otdi. U shunchalik tez gapirdiki, so‘zlarini zo‘rg‘a  ilg‘adim. Shunga qaramay, Xosep bilan gaplashish yoqimli bo‘ldi.

— Ehtimol, qaysidir hamkasbingiz bilan doimiy fikr almashib turarsiz?

— Yo‘q, hech kim bilan muntazam ravishda gaplashmayman. Negaki, bunga vaqtim yo‘q. Bundesligada hamma o‘zaro do‘st hisoblansa-da, aslida hech kim hamkasblari bilan ochiq-oydin muloqot qilmaydi. Juda oshib borsa, 1-2ta SMS-xabar yozishi mumkin. Xullas, o‘yinlar vaqti salomlashamiz, xolos. So‘nggi 2 yilda Maurisio Pochettino bilan ko‘rishib, tanishdim. Joriy mavsum esa Jorje Jezush va albatta, Zayniddin Zidan bilan. Ishoning, bunday uchrashuvlar men uchun katta sharaf.

- Ma’lumki, tez-tez asosiy tarkibni almashtirib turishni xush ko‘rasiz. Buning uchun zaxira o‘rindig‘i «torlik» qilmayaptimi? Yanvar oyida kimnidir safga qo‘shib olish niyatingiz bormi?

— Yo‘q, o‘ylashimcha, tarkibimizga yangi futbolchi qo‘shilmaydi. Chunki jamoamizda o‘z navbatini kutib o‘tirgan yoshlar bir talay... Andre Shyurrle, Mario Gyotse kabi mahalliy futbolchilarimiz esa ulkan tajribaga egalar. Ularning yorqin nur sochib, porlashlari uchun yana ozgina vaqt kerak. Jamoamiz o‘smoqda - bu aniq. Faqatgina kutilmagan jarohatlar ozgina pand berdi, xolos. Agar har hafta bir nafardan yigitimiz sog‘ayib, safga qaytsa, yana oldingi darajaga chiqamiz. Xullas, hozir kimnidir xarid qilish ustida umuman bosh qotirmayapmiz.

— Nima, Gedion Zelalemning transferiga bog‘liq xabarlarda asos yo‘qmi?

— Bilishimcha, yo‘q.

— «Borussiya»dan ketgan futbolchilar haqida nima deysiz? Aytaylik, Ilkay Gyundoganning «Manchester Siti» va Genrix Mxitaryanning «Manchester Yunayted»dagi o‘yinlarini ko‘rsangiz, quvonasizmi yoki bu holat sizni o‘ksitadi?

— Quvonaman, albatta, cheksiz darajada. Lekin ochig‘ini aytishim lozim, ayni vaqt ularning ajoyib harakatlari meni qayg‘uga ham soladi. Chunki bu futbolchilar safimizda qolishganida, yanada kuchliroq o‘yin namoyish etgan bo‘lardik. Qarang, Mats bugunga kelib «Bavariya» uchun qanchalik muhim futbolchiga aylandi... Ilkay jamoadan ketayotgan payt uyimga borib, APLda to‘p surishni istayotganini aytgandi. Men ham, rafiqam ham uni bu fikrdan qaytarishga urinmadik, aksincha, chin dildan kelgusi ishida muvaffaqiyat tiladik. Aslida Ilkay ancha murakkab qarorni qabul qilib, qiynalib turgandi. Esimda, rafiqam shunday degandi: «Sening ketishing Tomasni qanchalik qayg‘uga solayotganini sezmayapsan. U hozir buni yashirishga urinmoqda, lekin har qanday holatda ham, kelgusi faoliyatingda omad tilaymiz». O‘shanda ayolim rost gapirgandi. Darhaqiqat, Gyundoganning ketishi meni tashvishga soldi, biroq tilaklarim samimiy edi. Mxitar-yan bilan ham tez-tez bog‘lanib turibman. O‘ylashimcha, u gollar va uzatmalarga munosib harakatlanmoqda. Shunday futbolchilarga ustozlik qilganimdan faxrlanaman. Lekin futbolda gohida hattoki, eng sevimli shogirdlaringdan ham ayrilasan va ularga baxt tilashdan o‘zga chorang qolmaydi.

— So‘nggi savol: jahon chempionatida ishtirok etadigan jamoalar sonining 48taga oshirilishiga munosabatingiz?

— Shaxsiy fikrimcha, me’yor buzildi. To‘g‘ri, mazkur g‘oyani qo‘llab-quvvatlayotgan insonlarni tushunish kerak. Negaki, Islandiya va Uels kabi terma jamoalar so‘nggi Yevropa chempionatida ajoyib futbol ko‘rsatishdi va endi ularga mundialda hech kim «Yo‘q, qo‘ying, bu turnir sizlar uchun emas»,  deyolmaydi. Ammo 48ta jamoa ishtirokidagi mundial - Yevropaning top-klublari uchun dahshatning o‘zginasi. Zero, endi bosim, o‘yinlar soni haddan ortiq ko‘payadi. Demak, keyinchalik klublar uchun barcha uchrashuvlarni yuqori saviyada o‘tkazish imkonsiz ishga aylanib qoladi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:55, 05.02.2017.
O'qildi: 4145 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.