Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Qariya» JCH-2018dan umidvor

«Qariya» JCH-2018dan umidvor

Baho:
+ | -

Kamerun termasining muvaffaqiyati bilan yakunlangan Afrika Millatlar kubogi turnirida o‘ziga xos rekord qayd etildi: 15 yanvar kuni 44 yoshni qarshilagan Essam Al-Hadariy ikki kundan keyin maydonga tushib musobaqa tarixidagi eng keksa darvozabonga aylandi.

Misr termasining Maliga qarshi bellashuvi(0:0)da Essam xotirjam zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgandi. O‘yinning 25-daqiqasida jamoaning asosiy darvozaboni jarohat olgach, Al-Hadariy qo‘lqopini kiyishga majbur bo‘ldi. Shundan beri u muntazam ravishda «fir’avnlar» sharafini himoya qilib kelmoqda. Darvoqe, «qariya» posbonlar orasidagi avvalgi rekord ham «ehromlar yurti» vakiliga tegishli bo‘lib, Essamning kasbdoshi Xossam Hassan 39 yoshida 2006 yildagi musobaqada ishtirok etgandi. Gap rekordchi futbolchilar haqida ketganda, 42 yoshli kamerunlik «sher» - Roje Millaning JCH-1994da Rossiya darvozasini ishg‘ol etgani yodga tushadi.

Allaqachon «qora qit’a» futbolining afsonalari safidan joy olgan Essam Al-Hadariy o‘z faoliyatini shar­qona shirinliklari bilan dong taratgan Dumyat shahrida boshlagandi. O‘rta asrlarda bu shaharni qo‘lga kiritish barcha hukmdorlarning maqsadi bo‘lgan. Chunki shaharni egallash Nil daryosi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish imkonini berardi. Vaqtlar o‘tib, futbolda mashhurlikka erishishni niyat qilgan Al-Hadariy buyuk daryo sohili bo‘ylab yuqoriga - Qohiraga yo‘l oldi. Misrning yetakchi klubi - «Al-Ahli» bo‘lajak yulduz uchun eng maqbul jamoa bo‘ldi. Poytaxtdagi 12 yillik faoliyati davomida Essam futboldagi deyarli barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi - 7 marta Misr chempioni, 4 marta mamlakat kubogi hamda superkubogi sohibi, KJCHning bronza medali, Afrika CHL va Afrika superkubogining sov­rindori. Aytgancha, superkubok bellashuvida kiper gol urishga ham ulgurdi: JARning «Kayzer Chifs» klubiga qarshi bahsda «Al-Ahli» 2:1 hisobida oldinda borayotgandi. O‘yin tugashiga sanoqli daqiqalar qolganida jamoa maydon markaziga yaqin joydan jarima zarbasini tepish huquqiga ega bo‘ldi. Darvozabon tomonidan amalga oshirilgan kutilmagan kuchli zarba uchrashuv taqdirini uzil-kesil hal qildi.

«Ularni hech kim yulduz deb hisoblamaydi. Chunki mamlakatdan tashqarida to‘p surishni istashmaydi. Shu sababli mashhurlikdan yiroqdalar. Ammo o‘z yurtlarida risoladagidek maosh bilan ta’minlanganlar»,- degandi bundan 10 yil muqaddam fransiyalik taniqli mutaxassis Mishel Idalgo misrlik futbolchilar haqida.

Biroq oradan hech qancha vaqt o‘tmay mashhur murabbiyning yuksak bahosiga sazovor bo‘lgan Essam uning fikriga zid ravishda xorijga yo‘l oldi. Shveysariyaning «Syon» klubi prezidenti Kristian Konstanten 35 yoshli Essamni o‘z klubida to‘p surishga ko‘ndirdi. Tabiiyki, bu voqea «Al-Ahli»ni qattiq ranjitdi. Essam uchun yevropaliklar tomonidan berilgan 300000 yevrolik tovon puli ham kor qilmadi. FIFA mablag‘ miqdorini 3 baravarga oshirib, «Syon»ni bir yillik transferlardan chetlatdi, Al-Hadariy 4 oyga diskvalifikasiya qilindi. Oqibatda, faxriy darvozabon «ko‘hna qit’a»da atigi bir mavsum to‘p surib, 32 marta maydonga tushdi. Shveysariyadan mashhurlik va mamlakat kubogi bilan ortga qaytdi. Shunda ham «Al-Ahli» uni nafrat bilan qarshi oldi va «xoin»ligi uchun terma jamoadan chetlatishni talab qildi.

Albatta, mutasaddilar posbonni boshqa jazolashmadi. Shveysariyaga ixtiyoriy ravishda yo‘l olganiga qaramay, Al-Hadariy millat faxri edi. Axir, «fir’avn»lar qo‘lga kiritgan 7ta qit’a birinchiliklarining naqd 4tasida uning beqiyos mehnati bor edi. Ayniqsa, 2006 yili barcha tarixiy sanalar uyg‘unligi kuzatilgandi - AMKning yubiley - 25- turniri, Misr­ning mezbonligi, Qohiradagi 80000 kishilik stadiondagi tarixiy final... O‘shanda Essam ivuarlik Drogba va Kanening zarbalarini qaytarib, jamoadoshlarini shohsupaga olib chiqqandi.

«Fir’avnlar»ning hukmronligi 6 yil davom etdi. Keyingi ikki zafarda Al-Hadariy kubokni jamoa sardori sifatida qabul qilib oldi. Uning jamoasi hal qiluvchi bahslarda Kamerun va Ganadan ustun keldi. Qizig‘i, har ikki finalda bir xil hisob - 1:0 qayd etildi. Essam esa shuningdek, musobaqaning eng mohir darvozaboni sovriniga loyiq ko‘rilgan.

Xo‘sh, zafarli yurishlar yana davom etishi mumkinmi? Rekordchi pos­bon haqidagi shuncha iliq fikrlar amalda ham o‘z isbotini topsa, zo‘r bo‘lardi. Aksariyat mutaxassislar joriy mavsum Essam uchun so‘nggisi bo‘lishini taxmin qilishayotgandi. Lekin hozirgacha 37ta sovrin egasiga aylangan futbolchi bu haqda o‘ylab ham ko‘rgani yo‘q. Uning o‘ziga yarasha armoni yo‘q emas - Al-Hadariy hanuzgacha mundialda maydonga tushmagan. «O‘z faoliyatim bilan haqli ravishda faxrlanaman. Jahon kubogi musobaqalarida to‘p surish har bir futbolchining orzusi!»,-degandi Essam FIFAning rasmiy saytiga bergan intervyusida. Oktyabr oyida ikki marta JCH-2018 saralash bosqichida «fir’avnlar» darvozasini munosib qo‘riqladi. Hozirda jamoa 100 foizlik natija bilan o‘z guruhida peshqadamlik qilmoqda. Uning «qariya» posboni esa o‘z o‘rnini bo‘shatish niyatidan yiroq. «Futbolchining yoshi shunchaki, raqamdan boshqa narsa emas. Kuch-quvvatim ham, mahoratim ham risoladagidek. Shunday bo‘lgach, imkoni boricha uzoqroq to‘p surishga harakat qilaman», - deydi Al-Hadariy.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:23, 11.02.2017.
O'qildi: 8987 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.