Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Ronaldu va Messi erisholmagan cho‘qqilar

Ronaldu va Messi erisholmagan cho‘qqilar

Baho:
+ | -

Hash-pash deguncha 9ta «Oltin to‘p»ni sadafdek terib qo‘ygan ikki nafar noyob iqtidor sohiblari bilan zamondosh bo‘lganimiz bois, har kuni navbatdagi rekord natijani kutishga odatlanib qoldik. Sosser.ru sayti esa Lionel Messi hamda Krishtianu Ronalduning son-sanoqsiz rekordlari bilan boyitilgan statistika xazinasidan yanada qimmatliroq natijalarni qidirib ko‘rdi. Leo yoki Ronaldu uchun hozircha yoki umuman zabt etishning iloji bo‘lmagan cho‘qqilar ham bormi? Marhamat, bu ikki rekordchiga tegishli bo‘lmagan tengsiz natijalar bilan tanishing.

JCH tarixidagi eng yaxshi to‘purar

Miroslav Kloze (Germaniya) - 16ta gol

Ronaldu va Messiga mundial g‘olibligi haligacha nasib etgani yo‘q, mazkur rekord esa jamoaviy ko‘rsatkich. Shu sababli individual rekordlar haqidagi hikoyada uni eslatib o‘tishni lozim topdik.

Mundiallar final bosqichidagi eng yuqori sermahsullikni qayd etish uchun Miroslav 4ta JCHda ishtirok etdi. Leo va Ronaldu hozircha 3ta turnirda to‘p surgan bo‘lsalarda, ko‘rsatkichlari ancha past - portugaliyalik to‘purar hisobida 3ta, argentinalikda esa 5ta gol bor. Demak, mazkur rekordni yangilash imkoniyati yo‘q hisobi.

YECHK|ECHL g‘olibligi rekordchisi

Fransisko Xento («Real», Ispaniya) - 6 marta

Klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnirda «shalpang­quloq» sovrinni boshi uzra eng ko‘p ko‘targan afsonaviy futbolchi mazkur muvaffaqiyat uchun maksimal darajada qisqa vaqt sarflagandi - uning dastlabki kubogi bilan oxirgisini 5 yillik muddat ajratib turadi.

Mashhur Alfredo Di Stefano 1966 yildagi musobaqada qatnasha olmagani bois, jamoadoshidan bitta sovringa ortda qolgan. Milanlik yulduz - Paolo Maldini va Alessandro Kostakurta ham shunday ko‘rsatkichga egalar. Messi, Xavi, Inyesta, Pike va Klarens Zeedorf 4 martadan g‘olib chiqishgan. Ronaldudagi «shalpangquloq» esa 3 dona. Qachondir Xentoning rekordi qulashi mumkin. Bu borada Messining imkoniyati yaxshiroq: u hozir to‘p surayotgan da’vogarlardan bitta kubokka oldinda, o‘zi ham yoshroq.

Turli jamoalar safida YECHLda eng ko‘p g‘olib chiqqan futbolchi

Klarens Zeedorf (Gollandiya) - 3ta jamoa bilan 4ta sovrin («Ayaks», «Real», «Milan»)

Bu yo‘nalish bo‘yicha rekordni yangilash uchun Ronalduda imkoniyat yaxshiroq. U «MYU» va «Real» tarkibida g‘oliblikka erishgan. Agar faoliyatini boshqa jamoada davom ettirib nufuzli turnirda zafar quchsa, Zeedorf­ga yetib oladi.

YECHK|ECHL finalida eng ko‘p gol urgan to‘purarlar

Alfredo Di Stefano va Ferens Pushkash - 7tadan gol

Bu ko‘rsatkich ham abadiy rekordlar toifasidan. Uni yangilash Messiga ham, Ronalduga ham nasib etmasa kerak. To‘g‘ri, bu ikki yulduz turnirning umumiy to‘purarlar ro‘yxatida peshqadamlik qilishmoqda. Biroq ular o‘z gollarini guruh va «pley-off» bosqichlarida amalga oshirishgan. Aynan final bahslarida Leo ham, Krishtianu ham atigi 2tadan gol urishgan.

Bitta finaldagi rekord samaradorligi Ferens Pushkashga tegishli. Vengriyalik afsonaviy hujumchi 1960 yildagi «Ayntraxt»ga qarshi bahsda «poker»ga erishgan! Bu rekord ham o‘ta mustahkam ko‘rsatkichlar sirasiga kiradi. Uni qulatish uchun maydonga tushgan hujumchidan ibn Xattobga xos afsungarlik qobiliyati talab etiladi. Hozirgi professinal hujumchilarimiz hisobida esa «poker» u yoqda tursin hatto «dubl» ham yo‘q. Ernan Krespo, Filippo Inzagi va Diyego Milito kabi merganlar finalda 2tadan gol urishganiga ham ancha vaqt bo‘ldi.

Yevromavsumdagi rekord sermahsullik

Radamel Falkao (Kolumbiya, 2010|2011 yillar mavsumi) - 18ta gol («Portu»)

Hozircha Ronaldu ham, Messi ham bir mavsum davomida yevromavsumni rekord darajadagi sermahsullik bilan yakunlay olishmagan. Ularning kolumbiyalik kasbdoshlari YECHLda emas, balki YELda rekord natijani qayd etgan.

Leoning yevromavsumdagi eng yaxshi natijasi - 14ta gol. Krishtianu hisobida esa 16 va 17ta golli mavsumlar bor. Xullas, Falkaoning rekordi hamon saqlanib qolmoqda.

YECHLning golli mavsumlar bo‘yicha rekordchisi

Rayan Giggz («MYU», Uels) - 16ta mavsum

Bu rekord yaqin kunlar ichida o‘z o‘rnini yangi rekordga bo‘shatib berishga majbur bo‘lishi mumkin. Boz ustiga, uni Ronaldu va Messi o‘rtasidagi murosasiz raqobat keltirib chiqarishi aniq: bu ikki to‘purarning har qaysisi hisobida 12tadan golli yevromavsum mavjud.

Giggz­ni quvib yetish uchun ular yana 4ta mavsumda gol urishlari talab etiladi. Agar Leo yoki Krishtianu yana 2ta yevromavsumda gol urishsa, afsonaviy Raul tomonidan o‘rnatilgan rekord - 14ta samarali yevromavsum seriyasini takrorlagan bo‘lishadi.

Turli jamoalar tarkibida YECHLda gol urish bo‘yicha rekord

Zlatan Ibragimovich (SHvesiya) - 6ta klub («Ayaks», «Yuventus», «Inter», «Barselona», «Milan», «PSJ») safida gol urgan

Bu mag‘rur cho‘qqini Messi ham, Ronaldu ham hech qachon zabt eta olishmaydi. Chunki u Zlatanning yolg‘iz o‘ziga atalgan.

Shu paytgacha 6ta klubda muvaffaqiyatli to‘p surgan shvesiyalik iqtidor sohibi «MYU» libosida ham YECHL musobaqalarida maydonga tushishga yaqin turibdi.

YECHLdagi eng sermahsul seriya

Ruud van Nistelroy («MYU», Gollandiya) - 9ta uchrashuv

2002|2003 yillar mavsumida gollandiyalik hujumchi qatorasiga 9ta uchrashuvda «MYU»ning YECHLdagi raqiblari darvozalariga yo‘l topa olgandi.

Ana shu ajoyib seriya hozir ham o‘z kuchida. 2013|2014 yillar mavsumida Ronaldu gollandiyalik kasbdoshining rekordiga yaqinlashib, qatorasiga 8ta xalqaro bellashuvlarda gol urdi. Messining hisobida 5ta sermahsul uchrashuv mavjud. «Pley-off» bosqichida u to‘purarlik qobiliyatini davom ettirsa, Ruudning natijasidan o‘zib ketishi mumkin.

YECHLdagi eng tezkor «xet-trik»

Bafetimbi Gomis («Lion», 2011|2012 yillar mavsumi) - 8 daqiqa

Zagrebning «Dinamo»si darvozasiga 3ta gol urish uchun «Lion»ning sobiq hujumchisiga atigi 8 daqiqa kifoya qilgandi.

Messi ham YECHLning 7ta uchrashuvida 3ta va undan ko‘p gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Ronaldu 5ta sermahsul uchrashuvni qayd etgan holda reytingning dastlabki ikkinchi pog‘onasidan joy olishgan. Biroq Leo «Bayer» darvozasiga 3ta to‘pni joylash uchun 16 daqiqa, Krishtianu esa «Malmyo» posbonining darvozadan 3ta to‘p olib chiqishini ta’minlash uchun 12 daqiqa sarflaganlar.

YECHL tarixidagi eng keksa to‘purar

Franchesko Totti («Roma», Italiya) - 38 yosh, 59 kunlik (SSKA-«Roma»)

«Imperator»ning rekord natijasini bekor qilish uchun Ronaldu va Messidan uzoq vaqt sabr-qanoat bilan to‘p surish talab etiladi. Portugaliyalik to‘purar bunday imkoniyatga 2023 yilning aprel oyidan keyin, argentinalik mergan esa 2025 yilning 22 avgustidan so‘ng ega bo‘lishi mumkin.

Albatta, Leo va Krishtianu ko‘plab rekordlarni qayd etishgan. Lekin ular ham hamma qatori ulg‘ayib borishmoqda. Shu bois, o‘rinli savollar yuziga kelishi tabiiy hol: Azaliy raqobatchilardan qay biri top-chempionatlarda uzoqroq vaqt davomida to‘p surishadi? Futbolchilik faoliyatining yakuniy bosqichini ular nechog‘li o‘tkazishlari bu savolga javob topishga yordam beradi. Hozirda mo‘may daromad borasida rekord o‘rnatgan Xitoy chempionati ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Xullas, kutamiz!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:12, 17.02.2017.
O'qildi: 22228 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.