Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Himoyachimisan? Gol ur! - to‘purar himoyachilar reytingi

Himoyachimisan? Gol ur! - to‘purar himoyachilar reytingi

Baho:
+ | -

So‘nggi paytlarda «Real» himoyachisi Serxio Ramosning o‘z gollari bilan jamoasi joniga ora kirayotganiga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz. «Barselona» va «Malaga»ga qarshi bahslarda xaloskorga aylanganini barcha ko‘rdi. Yaqinda Soccer.ru mudofaa chizig‘ida to‘p surishiga qaramay, to‘p-urarlik salohiyatini ham namoyon etgan mashhur himoyachilarga to‘xtalib o‘tdi. Tabiiyki, ular orasida Ramos ham bor.

763ta o‘yinda 253ta gol - Ronald Kumanning ushbu rekord ko‘rsatkichi sayyoramizning eng sermahsul himoyachilari uchun «oriyentir»ga aylansa, ajabmas. Bundan bir necha kun oldin gollandiyalik afsona «Barselona» safida jarimadan to‘p kiritish bo‘yicha uning rekordini takrorlagan Messini tabriklagandi. Biroq o‘zining umumiy rekordini hech kimga topshirmoqchi emas, axir u standartlardan gol urish bilangina cheklanib qolmasdi-da. Shu o‘rinda aytish kerakki, Kuman gollarining bir qismini yarim himoyachi sifatida urgan. «Everton» ustozi o‘yin­chilik paytida bir chiziq bo‘yicha kuchli zarba berib, dong taratgan va uni qaytarib bo‘lmasdi. Gol mashinasiga aylangan Ronald texnik ijro borasida ham maqtana olardi. Klublar va terma jamoada safida jami 253ta to‘p kiritish hamma himoyachining ham qo‘lidan kelavermaydi. Misol uchun, hatto Rossiya futboli tarixidagi eng sermahsul hujumchilardan biri Aleksandr Kerjakov ham faoliyati davomida shuncha gol urmagan. To‘g‘ri, «Zenit» faxriysi kamroq o‘yin o‘tkazgan, ammo unda to‘p kiritish uchun qulay imkoniyatlar ancha bisyor edi. Shuning uchun Kuman - afsona!

175ta gol - bu Janubiy Amerika uchun rekord ko‘rsatkich. Manaman degan hujumchilar ham gollar soni bo‘yicha Daniel Passarella bilan bahslasha olishmagan. «River Pleyt» afsonasining ko‘rsatkichlari Kumanning gollari oldida qadrsizlanayotgandek tuyulishi mumkindir, biroq argentinalik o‘yinchi Yevropaga kelgach, «Fiorentina» va «Inter» safida markaziy himoyachi va libero sifatida to‘p surganini unutmaslik darkor. U qanotlarga o‘tmagan, hujumlarda ham doim ishtirok etmagan. Biroq standartlar - himoyadagi chempionlarning qurolidir.

163ta gol - tarixdagi eng sermahsul ispaniyalik himoyachi Fernando Yerroning ko‘rsatkichi. Ramos unga raqobatchi bo‘lolmaydi, bu tushunarli. Ammo «Real» safidagi faoliyati boshida u Serxio va Madrid klubining boshqa sermahsul himoyachilaridan farqli ravishda hujumga ancha yaqinroq o‘ynaganini hamma ham eslay olmasa kerak. 1991|1992 yillar mavsumida uning hisobida 26ta gol bo‘lgan va bu hazil emas. Shunga yaqin birgina ko‘rsatkichni 25ta goli bilan Passarella qayd etgandi.

Eng sermahsul fransiyalik himoyachi Loran Blan klublar va terma jamoadagi faoliyatida 154 bor to‘p kiritgan. U «Monpelye»dan tortib, «Manchester Yunayted»gacha bo‘lgan barcha klublarida gol urgan. Ammo oydinlik kiritish kerakki, 82ta to‘pni qadr­don jamoasi safida yarim himoyachi bo‘lib o‘ynagan kezlari kiritgan. Ya’ni,  Blan markaziy himoyachiga aylanganida uning sermahsulligi u qadar zo‘r bo‘lmagan.

114ta - Osiyoning eng sermahsul himoyachisi Tulio Tanaka hisobida xuddi shuncha gol mavjud. Onasi italiyalik bo‘lgan yapon futbolchisi himoyachi bo‘lib yetishdi, lekin gollarni kolleksiya qilishni unutmadi. Otasi yoki onasi boshqa davlatdan kelgan yaponlar bolalar uchun mazax bo‘lishadi, ammo Tulio maktab injiqliklaridan yaxshi o‘tib, Yaponiya futboli afsonasiga aylandi. Uning yevropalik futbolchilardan farqli o‘laroq, «kunchiqar yurt»­da ko‘p o‘ynamaganini inobatga oladigan bo‘lsak, gollarning o‘rtacha ko‘rsatkichi bo‘yicha Tulio jahondagi eng sermahsul himoyachi bo‘lib chiqadi.

113ta gol - bu rekord Angliya futboli tarixidagi eng sermahsul himoyachilardan biri Stiv Bryusga tegishli. Inglizlar termasida o‘ynamagan, lekin ko‘p yillar davomida «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilgan futbolchi uchun bu munosibdan ham ortiq ko‘rsatkich, deyish mumkin. Sababi, masalan, jarima maydonining hozirgi davrdagi qahramoni Jon Terri bunday natija bilan maqtana olmaydi.

113ta gol Roberto Karlosning o‘ta sermahsulligini tasdiqlab turibdi. Braziliyadan boshlab, Hindiston klublarigacha yetib borgan «Real» faxriysi o‘zini g‘aroyib to‘p-urar deb atashi mumkin. Lekin Kuman darajasidagidek emas, albatta. Kuchli zarbalar ustasining ko‘rsatkichlari yomon emas, biroq futbol tarixining eng sermahsul himoyachilari bilan bahslashish qiyin. Qanot o‘yinchisining asosiy ishi to‘pni oshirib berishdan iborat ekanligi tufayli ham gol urish oson bo‘lmagan.

111ta - tarixdagi eng sermahsul nemis himoyachilaridan biri bo‘lish uchun aynan shuncha gol urish kifoya qildi. Frans Bekkenbauer Paul Brayterni bir nechta golga ortda qoldirishga erishgan. Bu yerda ayrim gollar borasida tortishish mumkin. Yaxshisi, birinchilik ushbu ikki jahon chempioni o‘rtasida taqsimlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Axir o‘zgalarning goli «Kayzer»ning yutuqlarini bekor qilmaydi-ku. Boshida yosh Frans yarim himoyada o‘ynagan, xuddi keyinroq Ballak harakat qilgan joyda. Raqib darvozasini tez-tez nishonga olishga urinardi. Biroz vaqt o‘tib libero jo­yida xohlagan ishini qildi.

Argentina, Kolumbiya va Meksika kabi davlatlarning turli klublarida o‘ynagan Edgardo Bausa 499ta o‘yinda 109ta to‘p kiritgan. Natijada baland bo‘yli o‘yinchi futbol tarixidagi eng sermahsul markaziy himoyachiga aylandi. Argentina terma jamoasining hozirgi kundagi bosh murabbiyida shunday iste’dod bo‘lganligini kim ham o‘ylabdi, deysiz. Sobiq futbolchining sermahsulligidan hammaning ham xabari bo‘lmagan, hoynahoy. Darvoqe, Bausa - ochiqko‘ngil inson, axir hamma murabbiy ham shaxsiy saytini ochavermaydi.

Yangi davrning eng sermahsul himoyachilaridan biri 36 yoshli Jon Terri 72ta golli shaxsiy rekordini qayd etgan. Bu raqamga qarab shuni tushunish mumkinki, 90-yillar boshidagi Chempionlar Kubogi finalida Kuman tomonidan kiritilgan «Barselona»ning g‘alaba to‘pidan keyin futbol keskin o‘zgargan. Endi yuztalab gol ura oladigan himoyachini uchratish qiyin va bunga raqiblar yo‘l qo‘ymasliklari muqarrar. Jon Terri himoyaning juda sermahsul o‘yinchisi bo‘lishi mumkin, ammo faoliyatida 100ta gol urolmaydi, baribir.

67ta gol - La Liganing g‘aroyib rekordi, axir u yerda Ronald Kuman o‘ynardi-da. Buyuk golland legioneri Ispaniya chempionati doirasida xuddi shuncha to‘p kiritgan. Ke­yingi o‘rinni «Real»ning ikki vakili Fernando Yerro va Pirri bo‘lishib turishibdi. Uchinchi pog‘ona Ramosga tegishli. Biroq Kumanning hech yo‘q primera doirasidagi rekordini yangilash uchun u yana 5-7 yil o‘ynashi shart.

63ta gol - bu natija Rossiya futbolining eng sermahsul himoyachisi bo‘lmish Sergey Ignashevichga tegishli. Seryoja rekordni bundan ikki yil oldin yangilab, Igor Chugaynovni ortda qoldirgan. Yevseev bilan Onopkoni quvib o‘tganigaku ancha bo‘lgandi. SSKA himoyachisini yaqin orada ortda qoldirish oson emas, chunki buning uchun barqaror va sermahsul o‘yin ko‘rsatish lozim. Bunday ishni uddalaydigan yigitlar hozircha ko‘rinmayapti. Hattoki, qanot himoyachilari va xavbeklar ham o‘ttiz yoshga borib-bormay faoliyatlarida 40ta gol urishlari mumkin, xolos. Lekin nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Ignashevichning ko‘rsatkichi ajoyib.

«Verder» va «Volfsburg» safida jami 56ta gol urgan markaziy himoyachi Naldo Germaniyaning yangi davrdagi eng sermahsul mudofaa qo‘rg‘oni vakili bo‘lib turibdi. Golli uzatmalar borasida ham braziliyalik himoya­chi yaxshi natijaga ega. Ko‘rib turganingizdek, gol urish maqsadida tavakkal qilib oldinga boradigan himoyachilarning davri o‘tdi va o‘z-o‘zidan Bekkenbauerning natijasini yangilay oladigan himoyachi yaqin vaqt ichida chiqmasa kerak.

Yaqinda «Malaga» bilan o‘yinda «dubl» qayd etgan «Real» himoyachisi Serxio Ramos Ispaniya chempionatidagi gollari sonini 50taga yetkazib oldi. Ulardan ikkitasini «Sevilya» tarkibida o‘ynab yurgan kezlari urishga muvaffaq bo‘lgan. Qolgan 48tasi tabiiyki, Madrid klubidagi faoliyatiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Ramos penaltilar tepish imkoniyatiga ega emas. Agar «Real»da Ronaldu bo‘lmaganida, penaltilarni katta ehtimol bilan aynan Serxio ijro etardi. Keyin qarabsizki, uning gollari soni allaqachon yuztadan oshardi.

48ta golga mualliflik qilgan Daniel Alvesni ham g‘aroyib himoyachi, deyish mumkin. Sababi, o‘tgan yilning may oyida braziliyalik o‘yinchi 100-golli uzatmasini qayd etib, primera tarixida uchinchi o‘ringa chiqib olgandi. Undan yuqorida faqatgina Messi va Figu turishibdi. Misol uchun, Ronaldu hali yuzlik dovonga yetib bormagan. Himoyachi uchun bunday ko‘rsatkich noodatiy hisoblanadi va hatto ayrim afsonaviy pleymeyker hamda vingerlar ham bu kabi natija bilan maqtana olishmaydi Shu bois Alves ushbu ro‘yxatga kiritilmaganida noto‘g‘ri ish bo‘lardi.

40ta gol - ushbu APL rekordi tabiiyki, Jon Terriga tegishli. «Ikkinchi qavat»da o‘ynash bobida ustasi farang futbolchi o‘z gollarining 27tasini boshi bilan urgan. «Chelsi» a’zosidan keyingi o‘rinni «Everton»ning sobiq himoyachisi Devid Ansvort 38ta goli bilan band etgan.

«Milan» va Italiya terma jamoasining afsonaviy himoyachisi Paolo Maldinida ham 40ta gol mavjud. Biroq Terridan farqli o‘laroq, Pao­lo o‘z gollarini klub va milliy jamoa saflarida urgan. Shunga qaramay, faoliyatida mingtadan ziyod rasmiy o‘yin o‘tkazgan himoya­chi uchun bu yaxshi natija.

Jarima to‘pidan 28ta gol. Mazkur natija Serbiya futboli tarixidagi eng sermahsul himoyachi Sinisha Mixaylovichga tegishli. Del Pyero, Roberto Badjo va Totti kabi yulduzlar esa undan orqada qolib ketishgan. Himoyachi yuqorida tilga olingan o‘z ishining ustalarini ortda qoldiribdimi, demak uning goleadorlik iste’dodiga shak-shubha bo‘lmasligi kerak.

Yana Serxio Ramosga qaytamiz. Ispaniya chempionatining 2010|2011 yillar mavsumi boshidan buyon uning hisobida 26ta gol to‘planib qolgan. Bu bilan Ramos ayni payt top-ligalarning eng sermahsul himoyachisi bo‘lib turibdi. Keyingi o‘rinlarni 25ta gol bilan «Everton» vakili Beyns hamda 23ta golga mualliflik qilgan «Fiorentina» a’zosi Gonsalo Rodrigeslar band etishgan. «Chelsi»ning ikki o‘yinchisi Jon Terri va Branislav Ivanovich 21tadan gol urishgan. Yetakchi chempionatlarning qolgan barcha himoyachilari esa 20tadan kam to‘p kiritishgan.

Xullas, Kumanga yaqinlashishga da’vogar futbolchilarning doirasi juda tor. Hattoki, Ramos ham unga kirolmasa kerak. Hozirgi kunga kelib Serxio faoliyatidagi 100-golini urishga ancha yaqinlashgan, buning uchun ko‘p yillar davomida shashtini tushirmasdan o‘ynashi lozim. Yoki u Ronalduning sotilishini kutib, penaltilar tepish huquqini o‘ziniki qilib olishi darkor. Biroq nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Serxio «Real» uchun juda muhim o‘yinchi bo‘lib qolaveradi. Har holda, yaqin o‘tmishdagi Chempionlar Ligasining final o‘yinlari hamda o‘tgan yilgi Yevropa Superkubogi bahsi bu fikrlar nechog‘li to‘g‘ri ekanini tasdiqlab beradi. Hattoki, Krishtianu ham bunday o‘yinlarda ikkinchi darajali futbolchiga aylanib qoldi. «Real» sardori ko‘p gol urish bilan birga jamoani bir necha marotaba murakkab vaziyatlardan olib chiqqan. Faqatgina hujumchilar Raul bilan Di Stefano «Real» tarixida uchta turli xil yevrokubok baxslarida to‘p kiritishgan. Eng asosiysi, Serxioning gollari sovrin yutishda asqotyapti, muhim o‘yinlar natijasiga ta’sir o‘tkazmoqda. Bu - golni his eta oladigan haqiqiy yetakchining ko‘rsatkichlari.

Hozirgi kunga kelib Serxio faoliyatidagi 100-golini urishga ancha yaqinlashgan, buning uchun ko‘p yillar davomida shashtini tushirmasdan o‘ynashi lozim. Yoki u Ronalduning sotilishini kutib, penaltilar tepish huquqini o‘ziniki qilib olishi darkor.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:23, 22.02.2017.
O'qildi: 17457 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.