Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Rakitich:«Mas’uliyat hissi o‘zgacha kuch-quvvat bag‘ishlaydi»

Rakitich:«Mas’uliyat hissi o‘zgacha kuch-quvvat bag‘ishlaydi»

Baho:
+ | -

Xorvatiyalik yarim himoyachi Ivan Rakitich uchinchi mavsumki, «Barselona» sharafini himoya qilmoqda. Aytish mumkin, u ortda qolgan vaqt mobaynida yaxshi taassurot qoldirib, jamoa yetakchilari qatoriga qo‘shildi. Ivan France Football nashriga bergan intervyusida aynan barqaror o‘ynashi va muvaffaqiyatlari siri bilan o‘rtoqlashdi.

«Jamoaning bir bo‘lagiga aylanish - baxt»

- «Barselona» safiga 2014 yilning yozida qo‘shilganingizdan buyon 100 martadan ko‘p maydonga tushdingiz va bu klub bo‘yicha shu oraliqdagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Ehtimol, o‘zingiz ham qisqa vaqt ichida «Barsa»ning muhim futbolchilaridan biri bo‘lishni o‘ylamagandirsiz...

- Ochig‘i, qandaydir rejalar tuzgan emasdim. Shunchaki, har bir kun, mashg‘ulot yoki o‘yindan maksimal darajada foydalanishga harakat qilaman. Men uchun eng asosiysi zimmamga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarish, jamoadoshlarimni tezroq tushunish va «Barsa» uslubini o‘zlashtirish edi. Hozirda buyuk jamoaning bir bo‘lagiga aylanganimdan baxtiyorman. Biroq bu o‘zim va o‘yinimdan to‘liq qoniqayotganimni bildirmaydi. Ha, hammasi risoladagidek, lekin yanada yaxshiroq o‘ynay olishimni bilaman.

- Masalan, qaysi jihatlarni yanada mukammallashtirishingiz mumkin?

- Barcha elementlarni. Bilasiz, mavsum ancha uzun. Futbolda xuddi boshqa sohalarda bo‘lgani kabi omadli va omadsiz davrlar kuzatiladi. Vazifamiz - omadli davrlar davomiyligini imkon qadar uzaytirish.

- Bu masalada Luis Enrikening fikri qanday?

- Shaxsan o‘zimni nazarda tutsam, uning ko‘magi beqiyos. Deylik, Enrike ilk kunlardanoq menga to‘liq ishonch bildirdi. Jamoadoshlarim ham samimiy qarshi olishdi. Shu tariqa ortiqcha bosimdan qutuldim. Umuman, «Barselona»ga aynan bosh murabbiyning talab-istagiga asosan kelganman. Uning uchun ko‘prik ustidan sakrash talab etilsa, hech ikkilanmay shunday qilaman! Zero, Luis samimiy nigohi yoki tabassumi bilan mislsiz ishonch baxsh etadi.

- Umuman, jamoada qanday rolga egasiz?

- Aslida o‘z haqimda gapirishni yoqtirmayman. Men uchun birinchi navbatda, jamoadoshlarimda shubhaga o‘rin qoldirmaslik muhim sanaladi. Risoladagidek sport formasida bo‘lish va talab darajasida to‘p surish uchun tinmay shug‘ullanaman. Ha,  menda deylik, Leodagi dribling mahorati yo‘q, Neymardek tezkor o‘ynash yoki Andres Inyestadek uzatmalarni amalga oshirishga qodir emasman. Ammo o‘zimga yarasha ustun jihatlarim bor, albatta.

- Xo‘sh, qaysi jihatlar?

- Ularni jurnalistlar aniqlashgani ma’qul. Shaxsiy fikrimcha, menda universallik xususiyati chakki emas. Harqalay, oldingi chiziqda ham, himoyada ham birdek ishonchli to‘p surish salohiyatiga egaman.

«Bizni orkestrga qiyoslash mumkin»

- «Barsa»ning hujumkor uslubi ayniqsa, sizdan doimo hushyor turishni talab etadi. Aks holda, raqibning tezkor qarshi hamlasi vaqti g‘aflatda qolishingiz hech gap emas. Qolaversa, jamoangizning to‘satdan hujumga o‘tishi ham ko‘p jihatdan qanday yo‘l tutishingizga bog‘liq.

- To‘p yo‘qotilgan taqdirda uni zudlik bilan qaytarib olish evaziga uyushtiriladigan hujumlarimiz o‘ta samarali chiqadi. Bunday holatda raqibni dog‘da qoldirish-qoldirmaslikni qandaydir 4-5 soniya belgilab beradi. To‘g‘ri, aynan shu «qopqon»ga o‘zimiz tushib qolmasligimizga kafolat yo‘q. Chunonchi, hamma baravariga hujumga tashlangan payt orqa chiziqda katta bo‘shliqlar yuzaga keladi. Bu borada futbolni orkestrga qiyoslash o‘rinli: agar 20 nafar sozandaning har biri o‘z holicha chalsa, kuy emas, qandaydir betayin shovqin-suron yangraydi. Harakatlar uyg‘unligi ta’minlangan taqdirdagina yoqimli musiqa eshitiladi. Futbolda xuddi shunday - 11 nafar futbolchi ijrosidagi  harakatlar o‘zaro uyg‘un chiqishi shart.

- Jamoa o‘yinini tashkil etishda katta rol o‘ynashingizni hisobga olsak, chiziqlar o‘rtasidagi muvofiqlik ko‘p jihatdan aynan sizning harakatlaringizga bog‘liq...

- Ha, doimiy ravishda oldingi chiziq va himoya o‘rtasida harakatlanaman. Bunda haddan ortiq oldinlab ketishga ham, ortda qolishga ham haqqim yo‘q. To‘g‘ri, o‘zimga qolsa, o‘yinni to‘lig‘icha raqib jamoaning jarima maydoni atrofida o‘tkazishni istayman. Lekin buning iloji yo‘q.

- O‘yin harakatlarining ixcham chiqishiga ham bevosita katta hissa qo‘shasiz...

- Teleekran qarshisida o‘tirib olib, gapirish oson: «To‘pni hov anavi tomonga oshirganida yaxshiroq bo‘lardi, o‘zi bu yoqqa ko‘chganida hujumning keskinligi oshardi...». Lekin maydonda qaror qabul qilishing uchun atigi 2 soniya vaqt bo‘ladi. Voqealar shunchalik tez yuz beradiki, murabbiy ko‘rsatmalari va maslahatlarini eslashga ulgurmaysan. Faqat o‘yindan keyin barchasini bemalol tahlil qilish va yo‘l qo‘yilgan xatolarni atroflicha ko‘rib chiqish mumkin. Shu zaylda o‘yinda uyushqoqlik darajasi tobora ko‘tariladi.

- «Barsa» ijrosidagi to‘pni nazorat qilish statistikasi va uzatmalar sifatiga gap yo‘q.

- Tabiatan to‘pni o‘z nazoratida olib yuradigan jamoalarni yoqtiraman. Hujum  muvaffaqiyatli chiqishi uchun to‘pni jamoadoshing tomon loaqal bir metr oldinga uzatishing katta ahamiyat kasb etadi. Uning aniqligini ta’minlash uchun esa alohida mahorat zarur. Bir qarashda, hammasi oddiydek. Lekin bitta samarali uzatmani amalga oshirish yo‘lida to‘pni birinchi qanotdan ikkinchisiga va unisidan bunisiga necha marta oshirish zururligini hech kim o‘ylab ko‘rmaydi.

«Muhimi - g‘alaba, menga beriladigan baho ahamiyatsiz»

- Umumiy olganda, «Barselona»dagi o‘yiningiz «Sevilya» tarkibida ko‘rsatganingizdan nimasi bilan farqlanadi?

- «Sevilya» tamoman boshqacha uslubda to‘p suradi. «Barsa»ning o‘yin sxemasi esa hech qaysi jamoanikiga o‘xshamaydi. Agar Kataloniya klubi akademiyasidagi bolakaylar harakatlarini kuzatsangiz, asosiy tarkibga xos ko‘plab jihatlarni ko‘rasiz. Hujumda 3 nafar futbolchiga tayanish - taktik sxemaning asosiy negizi. To‘g‘ri, futbolchi sifatida «Sevilya»da qanday bo‘lsam, hozir ham shundayman. Lekin o‘yinim, harakat yo‘nalishim o‘zgargan. Bu jamoa uslubi, murabbiy va jamoadoshlarimning menga ta’siri natijasidir. Biz chiziqlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlagan holda, himoyadan hujumga tezlik bilan o‘tamiz. «Sevilya»da esa bunday vazifani ado etish uchun ko‘pincha maydonning bir chetidan qarama-qarshi burchagi tomon yugurishimga to‘g‘ri kelardi. Qolaversa, agar o‘ng qanotda o‘ynasam, Leo Messining imkoniyatlaridan kelib chiqib, to‘pni aynan u paydo bo‘ladigan bo‘sh zonaga yo‘llayman. Chap qanotdagi sherigim Neymar esa to‘pni shundoq oyoqlari ostiga tashlab berishimni so‘raydi.

- Omadli o‘yin - bu nima?

- Asosiysi - g‘alaba. Shaxsiy statistika ikkinchi darajali masaladir. G‘alaba qozonsak, bas. Zero, muhimi - jamoa. Ba’zan maydondagi ustunligimiz hisobda aks etmasligi mumkin. Lekin har qanday holatda ham, bor kuch-mahoratni g‘alaba yo‘lida sarflashga shubhalanmaslik kerak.

- «Sevilya»da doimo hujumchilar ortida to‘p surgansiz. «Barsa»da esa hattoki, markaziy himoya pozisiyasida ham ko‘p ko‘rinish beryapsiz.

- Barcha kasbdoshlarim kabi menda ham sevimli pozisiyam bor, albatta. Ammo kimdir jarohat tufayli yoki boshqa bir sababga ko‘ra, maydonga tusholmasligi mumkin. Shunday vaqtda murabbiy senga mutlaqo boshqa vazifani topshiradi. Demakki, agar murabbiy talab qilsa, darvozani qo‘riqlashga ham tayyorman.

- Oddiy aytganda, jamoa manfaati yo‘lida o‘z uslubingizdan voz kechishingiz ham mumkin, shundaymi?

- Ha, aks holda, tennis yoki boshqa biror sport turini tanlagan bo‘lardim. To‘g‘ri, ba’zi vaziyatlarda futbolchidan ma’lum darajada xudbinlik ko‘rsatish talab etiladi. Lekin 25 kishidan iborat jamoaning maqsadi doimo bitta - g‘alaba! O‘yinim qovushmayaptimi, demak, qaysidir jamoadoshimning ham ishi yurishmayapti. Kimdir raqib darvozasiga g‘alaba to‘pi yo‘lladimi, demak, bunda mening ham ulushim bor.

- Siz uchun boshqalarga o‘rnak bo‘lish qanchalik muhim?

- Vaqtida «Sevilya» sport direktori meni jamoaga sardor sifatida tanlashganini e’lon qilgandi. Chunki o‘yinni boshqarish, yigitlarni olg‘a boshlash qobiliyatim bor edi. Ehtimol, bu ayrimlar uchun ortiqcha yukdek tuyular, biroq menga aynan mas’uliyat hissi o‘zgacha kuch-quvvat bag‘ishlaydi, ko‘proq ishlashga undaydi.

- Balki qaysidir futbolchiga o‘xshashga intilarsiz, kumiringiz bormi?

- Hech kimdan qandaydir nusxa ko‘chirish niyatim yo‘q. Aksincha, o‘z uslubimni takomillashtirish haqida bosh qotirganim ma’qul. To‘g‘ri, o‘smirlik payti Robert Prosinechkiga havasim baland edi, uningdek to‘p surishni orzu qilardim. Zero, Robert to‘p bilan shunday muomala qilardiki, go‘yoki, uni erkalayotgandek tuyulardi. Xuddi bir burda non ustiga moy surtayotgandek!

Ma’lumot uchun

Ivan RAKITICH

Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1988 yil 10 mart, Reynfelden (SHveysariya)

Ampluasi: markaziy|hujumkor yarim himoyachi

Bo‘yi: 184 sm. Vazni:78 kg.

O‘ynagan jamoalari: «Bazel» (2005-2007); «Shalke» (2007-2011); «Sevilya» (2011-2014); «Barselona» (2014-...)

Xorvatiya terma jamoasi tarkibida 81 marta maydonga tushib, 13ta gol urgan

Yutuqlari: Shveysariya kubogi sohibi (2006|2007); YEL g‘olibi (2013|2014); Ispaniya chempionatining 2 karra g‘olibi (2014|2015, 2015|2016); Ispaniya kubogining 2 karra sohibi (2014|2015, 2015|2016); Ispaniya superkubogi sohibi (2016); YECHL g‘olibi (2014|2015); Yevropa superkubogi sohibi (2015); Klublar o‘rtasidagi JCH g‘olibi (2015)

- Barcha kasbdoshlarim kabi menda ham sevimli pozisiyam bor, albatta. Ammo kimdir jarohat tufayli yoki boshqa bir sababga ko‘ra, maydonga tusholmasligi mumkin. Shunday vaqtda murabbiy senga mutlaqo boshqa vazifani topshiradi. Demakki, agar murabbiy talab qilsa, darvozani qo‘riqlashga ham tayyorman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:05, 24.02.2017.
O'qildi: 5515 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.