Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Temur Yafarov: «Jarohatlar pand berdi»

Temur Yafarov: «Jarohatlar pand berdi»

Baho:
+ | -

Futbolchining eng katta dushmani - jarohat. U shu tufayli ma’lum muddat sevimli kasbidan yiroqlashadi. Ba’zida esa hattoki, millionlar o‘yini bilan butunlay xayrlashadi. To‘g‘ri, og‘ir jarohatdan so‘ng matonat ko‘rsatgancha yashil maydonga qaytganlar ham bor. Ammo... Ketma-ket jarohatlar girdobida qolib, faoliyatini erta yakunlagan futbolchilardan biri Temur Yafarovdir. U 31 yoshida katta sahnadan chetga chiqishga majbur bo‘ldi. Faoliyati davomida «Lokomotiv», «Bunyodkor», «Andijon», «Mash’al» kabi jamoalarda o‘ynagan tajribali himoyachi oxirgi marta «Oq-tepa»da ko‘rinish berdi. Bilsangiz kerak, Temur vaqtida O‘zbekiston olimpiya va milliy jamoalarida ham to‘p surgandi.

- Temur, suhbatimizni futboldagi ilk qadamlaringiz xususida boshlasak...

- Futbolchilar oilasida tug‘ilganman. Muxlislar bilishsa kerak, otam Shamil Yafarov «Paxtakor»ning shonli davrida Vladimir Fyodorov, Mixail An va Olim Ashirov kabi mashhur futbolchilar bilan birga o‘ynagan. Tabiiyki, boshqa kasb­ni tanlashim mumkin emasdi. Futbol bobida ilk saboqlarni Toshkent viloyatidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida oldim. Esimda, maktabimizda tez-tez marhum «paxtakorchilar» xotirasiga bag‘ishlangan turnirlar o‘tkazilardi. Albatta, musobaqalarga «Paxtakor» faxriylari va yulduzlari ham tashrif buyurardilar va ko‘plari xonadonimizda mehmon bo‘lishgan.

- Futbolni tanlashingizga shaxsan otangiz qanday munosabat bildirgandi?

- Aslida bu yo‘lni o‘zim tanladim. Otam esa shunchaki, qo‘llab-quvvatlagan. Uyimizga yaqin joyda futbol maydoni bor edi va o‘sha yerda kechgacha to‘p ortidan yugurardim. Chunonchi, bizning davrda hozirgidek kompyuter va planshetlar bo‘lmagan. Faqat futbol o‘ynardik, boshqa narsalarga sira chalg‘imaganmiz.

- Birinchi murabbiyingiz...?

- ...Enver Saidovich. Bu murabbiy O‘zbekiston futzal termasi sardori Artur Yunusovni ham kashf qilgan. Men va Artur bir kunda shug‘ullana boshlaganmiz. Ilk kuni maydon atrofini ikki aylana yugurgandik. Ochig‘i, o‘shanda mashg‘ulotdan qochib ketganman. Keyinroq sekin-asta yuklamalarga moslashib ketgandim.

- Endi professional darajadagi faoliyatingiz qanday boshlanganini esga olaylik...

- Avvaliga Yevgeniy Borisovich Valiskiy taklifiga ko‘ra, «Lokomotiv-BFK» safiga qo‘shildim. Keyin Rustam Mirsodiqov meni «Lokomotiv»ning asosiy jamoasiga jalb qildi. Uning safiga qo‘shilganim hamono Samarqand «Dinamo»siga qarshi kechgan o‘yinda maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakatlandim. O‘shanda 18 yoshda edim. «Lokomotiv» safida Marat Dilmuhammedov, Hikmat Hoshimov, Marsel Idiatulin kabi ko‘zga ko‘ringan futbolchilar to‘p surishardi. Aziz Haydarov ham aynan o‘sha yili o‘ynay boshlagandi.

- Keyinchalik «Bunyodkor»da ham o‘ynadingiz.

- «Mash’al» bilan uchrashuv hech esimdan chiqmaydi. Biz 2:0 hisobida g‘alaba qozonganmiz va ikkinchi golni men urganman. O‘sha vaqt Mirjalol Qosimov «Mash’al»da o‘ynardi. Mavsum yakunlanganidan so‘ng muborakliklar meni o‘z saflariga chorlashdi. Biroq taklifni qabul qilmadim. Boisi, Qozonning «Rubin» klubidan ham chorlov olgandim. «Rubin» Rossiya chempioni bo‘lgan va uning qiziqishi o‘zim uchun kutilmagan «syurpriz» edi. Xullas, «Rubin»ning ko‘rigida qatnashdim. Ammo ochig‘ini aytish kerak, yulduzlarga to‘la jamoaning asosiy tarkibida o‘ynab ketishim mushkul edi. Harqalay, Sibaya, Dominges va Andrey Fyodorov kabi futbolchilar bilan raqobatlashishga tayyor emasdim. O‘rinbosarlar safida o‘ynashni esa istamadim. Shu sabab, «Loko» ixtiyoriga qaytdim va yana bir mavsum «temiryo‘lchilar» sharafini himoya qildim. Shundan so‘ng «Bunyodkor»ga o‘tdim. «Mash’al» rahbariyati vakillari va murabbiylari «Bunyodkor»da ish boshlagandilar. Xullas, ular meni jamoaga chaqirishdi. Shu tariqa Pavel Bugalo, Baxtiyor Ashurmatov, Viktor Karpenko, Gochquli Gochquliyev kabi yigitlar davrasida o‘ynadim.

- Eng muhimi, avvaliga olimpiya, keyin esa milliy jamoadan taklif oldingiz.

- Olimpiya termasida Vadim Abramov qo‘l ostida o‘ynadim. Aziz Haydarov jamoa sardori edi. Keyin milliy jamoa safida Tailandda tashkillashtirilgan turnirda ishtirok etdim. O‘sha musobaqaning birinchi va oxirgi o‘yinlarida gol urgandim.

- Bugun futboldan chetdasiz. Qiynalmayapsizmi?

- Umumiy olganda, futbolchilik faoliyatimdan ko‘nglim to‘ldi. Zero, futbol ortidan ko‘plab do‘stlar ort­tirdim, yaxshi insonlar bilan tanishdim. Afsuski, jarohat ko‘proq o‘ynashimga to‘sqinlik qildi. Savolingizga kelsak, yaqinda futbolga qaytdim. To‘g‘rirog‘i, murabbiylik faoliyatini boshlash arafasidaman. Meni Olmaliqda tashkil etilgan Junior bolalar futbol maktabiga taklif qilishdi. Rossiyaliklar bilan hamkorlikda ochilgan ushbu maktab 19 fevral kuni rasman ish boshladi. Bu yerda bolalarga yangi metodika asnosida futbol sir-asrorlari o‘rgatiladi. Dargohga 3-7 yoshli bolalar qabul qilinadi. Junior va «Valensiya» (Ispaniya) o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:26, 26.02.2017.
O'qildi: 5265 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.