Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Konteni kuldirayotgan Kante

Konteni kuldirayotgan Kante

Baho:
+ | -

Ma’lumki, yaqinda xorvatiyalik tajribali futbolchi Dario Srna OAVga intervyu berar ekan, hamyurti Luka Modrichni dunyodagi eng kuchli yarim himoyachi sifatida bilishini aytdi. Ammo Interfutbol.uz bu fikrga qarshi chiqib, zamonaviy futbolda kim aslida «eng yaxshi» ekanini isbotlashga urindi. Xullas, faqat sermahsul hujumchilargina e’tirofga arziydi, deyish - xato!

Modrich «eng yaxshi»..mi?

Ha, tortishish o‘rinsiz, Luka chindan ham, noyob iste’dod sohibi ekanini ko‘p bora isbotlagan ajoyib yarim himoyachi. Ammo ochig‘ini aytganda, Modrich baribir, Inyesta darajasidagi afsona emas. Hattoki, Modrich va Kroosning qay biri mohirroq ekanini aniqlash uchun ham maxsus tadqiqot o‘tkazib, allaqancha hisob-kitoblarni amalga oshirish zarur. Yoki deylik, De Bryuyne hamda Azarni taqqoslamoqchi bo‘lsak, avvalo, ular eng yuqori sport formaga chiqib olishini kutish kerak. Zamonaviy futboldagi eng yaxshi yarim himoyachilar sirasiga, shuningdek, Pogbani ham kiritishimiz shart (garchi u o‘zini unchalik ko‘rsata olmayotgan bo‘lsa-da). Ehtimol, ko‘pchilikka bu sezilmayotgandir-u, ammo Tyago Alkantara ham uzatmalar samarasi borasida Kroos va Xavilarga tenglashib, jadal rivojlanmoqda. «Atletiko» g‘alabalariga katta hissa qo‘shayotgan Kokeni unutsak, bu ham adolatdan bo‘lmaydi. Ammo dunyoda shunday bir odam borki, u o‘z faoliyati davomida yuqorida biz sanab o‘tganlarning birortasi uddalay olmagan ishni bajargan. Boshqacha aytsak, bu inson yelkasida bir emas, ikki klubni tortib, 15-o‘rindan birinchi pog‘onagacha olib chiqqan. Sezgandirsiz, gap «Chelsi» tarkibidagi fransuz yigiti - N~Golo Kante haqida bormoqda.

Kantening o‘rni qayerda o‘zi?

Keling, avval «Chelsi» a’zosiga «dunyoning eng kuchli tayanch yarim   himoyachisi» yorlig‘ini yopishtirayotganlar xato qilayotganini isbotlab beraylik. Birinchidan, Kante mashhur vatandoshi Makelelega sira o‘xshamaydi. Chunki o‘z vaqtida «Real» va «Chelsi» klublarida to‘p surgan Makelele faoliyati davomida faqat tayanch yarim himoya markazida harakat qilgan. Hozirgi «Chelsi» esa ma’lumki, «3-4-2-1» sxemasidan foydalanadi. Ikkinchidan, «Lester» chempion bo‘lgan o‘tgan mavsumda Ranyeri klassik «4-4-2» sxemasi bo‘yicha ish tutgan va demakki, Kantening yonida mudom ikkinchi tayanch yarim himoyachi bor edi. Ha, Kante «tulkilar» safida ko‘proq «buzg‘unchilik» qilardi, ammo u «Chelsi»ga o‘tganidan so‘ng maydondagi vazifasi biroz o‘zgardi. Umuman olganda, N~Goloni «Ikkinchi Makelele» emas, «Birinchi Kante» deb ataganimiz ma’qulroq. Buning ustiga, italiyalik mutaxassis Antinio Konte o‘z darvozasi oldidagi jismoniy ustunlikka ko‘proq e’tibor qaratgani uchun bu yerga N~Goloni emas, ko‘proq Matichni yuboradi.

Albatta, futbolda «toza» tayanch yarim himoyachilar ham bor. Bundaylar sirasiga, misol uchun, Kazemiro yoki Busketsni kiritish mumkin. Ammo N~Golo - «to‘lqinkesar» emas va u odatda, Matichning ortida o‘ynamaydi. Gap shundaki, «Chelsi» o‘yini uslubiga ko‘ra, markazdagi yarim himoyachilar nisbatan oldinroqqa joylashishadi. Negaki, klub o‘yinida chap qanot himoyachisi umuman, vingerning vazifasini bajaradi. Mozes ham deyarli hujumchi, David Luis esa - universal. Xullas, buning natijasida Kante va Matichlar mos ravishda, chap va o‘ng qanotlarni yopishadi. Agar buni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishni istasangiz, «Chelsi»ning istalgan o‘yinini tomosha qiling. Bu usul ish beraversa, Konte hech qachon boshqacha qarorga kelmaydi. Qolaversa, mazkur yechim tufayli italiyalik mutaxassisni ayblash noo‘rin. Lekin shunisi qiziqki, hatto katta samara keltirayotgan shu taktik sxemada ham murabbiy Kanteni tinmay tanqid qilmoqda.

Konte Kanteni nega tanqid qiladi?

Guvohi bo‘lgandirsiz, Kante «Arsenal»ga qarshi o‘yinda aqlga tayangan ajoyib o‘yin namoyish qildi. Ammo italiyalik mutaxassis uchrashuvdan so‘ng birinchilardan bo‘lib, aynan N~Goloni «siyladi»: «Uning birinchi to‘p uzatishlari doim gorizontal yo‘nalishda ketadi. Aslida esa to‘p faqat oldinga uzatilishi kerak. Axir men ham vaqtida aynan Kantening o‘rnida harakat qilganman va buni bilaman». Tabiiyki, o‘yinni yana bir marta ko‘rib chiqib, Antonio Konte 100 foiz haq, deb aytib bo‘lmaydi. Lekin aslida murabbiy to‘g‘ri gapirgan - «Chelsi»da ehtiyotkorlik yaramaydi, hujumlar imkon qadar tezroq rivojlanishi zarur.

Shunisi aniqki, Konte fransiyalik futbolchiga qiziqqan paytidayoq uning «Kan»dagi o‘yinlarini sinchiklab tahlil qilib chiqqan. Shuning uchun murabbiy shogirdi mavsum oxirigacha ikki-uchta «assist» va bir-ikkita gol urishi ham mumkinligini biladi. Quyidagi jadvaldan Kantening o‘yini va imkoniyatlari haqida ma’lumotlar olasiz. Deylik, Kante «Kan»da o‘ynab yurgan kezlari ham vaziyatlar yaratib, ham raqib hujumini buzgan va shunga yarasha, gollar, uzatmalar ko‘p bo‘lsa-da, «pas»lar aniq emasdi.

«Lester»da esa Ranyeri Kantedan asosan, raqib hujumini to‘xtatib, qarshi hujum boshlashda foydalangani uchun to‘pni egallab olish ko‘rsatkichi nisbatan yuqoriroq - 156 ta. Hujumni yoqtiradigan «Chelsi»da esa, «birinchi pas»larning ahamiyati katta bo‘lib, Kante aynan shu jihatdan natijasini yaxshilashga erishdi. Darvoqe, N~Golo maydonda xuddi aqlli robot kabi harakat qilgani bois, shu paytgacha o‘yinlarda o‘rtacha 1,5 martadan qoida buzyapti. Bu esa albatta, «buzg‘unchi» uchun hayratlanarli darajada kam. Ranyerini ham, Konteni ham xursand qilgan yana bir holat: Kante - sertabassum, yoqimtoy yigit. Shu sababli Klaudio Ranyeri unga xuddi o‘z o‘g‘lidek muomala qiladi. Misol uchun, «Chelsi»ga qarshi o‘yin arafasida «Lester» ustozi muxlislarga yuzlanib, Kanteni iliq kutib olishni taklif qildi. O‘zi esa sobiq shogirdiga mehr bilan quchib, yelkasiga qoqib qo‘ydi. Bu paytda futbolchi va ikki baxtiyor murabbiyning yuzida tabassum jilva qilardi. Axir, hech qachon «yulduzlik kasali»ga chalinmagan, kamtargina yigitni kim ham yoqtirmasdi?! 

Kante - yaxshi «o‘quvchi»mi?

Ochig‘ini aytganda, o‘yin vaqtida vaziyatlarni «o‘qish» borasida fransuzning oldiga tusha oladigan futbolchi kam topiladi. Kantedagi yana xususiyatlardan biri shuki, u doim yonidagi sherigiga katta yordam beradi. Aynan shuning uchun Kantening yonida Drinkouter ham, Matich ham nisbatan yaxshiroq o‘yin ko‘rsatayotgandek tuyulishadi. Sinchiklab kuzatsangiz, NGolo o‘yin davomida butun maydon bo‘ylab harakatlansa-da, hech qachon raqib jamoa safidagi eng xavfli futbolchilarni erkin harakat qilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Endi boshqa yarim himoyachilarning o‘yin borasidagi kamchiliklariga to‘xtalib o‘tsak: Srna maqtagan o‘sha Modrich doim barqaror samara keltiravermaydi. Kroos esa hech qachon «buzg‘unchilik» qila olmaydi va raqiblar oyog‘i ostiga Kazemiro yoxud Busketslar kabi dadillik bilan tashlanmaydi. Shu bois, Kante biz sanab o‘tgan futbolchilar ichida universalligi bilan alohida ajralib turibdi. Qolaversa, biz bilgan top-klublarda jamoani sovrinlarga yetaklovchi Beyl, Ronaldu, Neymar, Messi yoki Suares kabi futbolchilar ham bor. «Lester» va «Chelsi» klublarida esa aynan fransuz jamoa taktikasini belgilab beruvchi omil hisoblanadi. Kante tarkibda bo‘lgan va bo‘lmagan jamoalarning natijalari qanday bo‘lishini ko‘rishni istaysizmi? Oddiygina, muhim raqamlar: «Chelsi» o‘tgan mavsumda 24 turdan keyin 29 ochko jamg‘argan, «Lester» esa  - 50. Hozirda N~Golo londonliklar sharafini himoya qilmoqda va «aristokratlar» 24 o‘yindan so‘ng 59 ochko to‘plashdi. Fransuzdan ayrilgan «Lester» esa - atigi 21 ochko.

Ngolo munosib baholanyaptimi?

Ba’zida futbolchilar haqida gapirar ekanmiz, «etarlicha baholanmagan» jumlasidan foydalanishga majbur bo‘lamiz. Deylik, Kanteni ham aksariyat futbol muxlislari buyuk futbolchi sifatida tan olishmaydi. Buning sababi shundaki, biz doim hujum chizig‘i vakillariga ko‘proq e’tibor qaratib, ularning og‘zini poylashga o‘rganib qolganmiz. Biroq shunday dunyo tan olgan hujumchilarni tarkibga jamlagan biror-bir top-klub mag‘lubiyatga uchrasa, istaymizmi-yo‘qmi, himoyaga ham diqqat qaratishga majbur bo‘lamiz. Ayni vaqtda «Chelsi» o‘rta mas’ul sanalgan Kante xuddi o‘tgan yilgi «Lester»da bo‘lganidek, ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda. Yuqorida aytilganidek, kichik bir o‘zgarishlar bor-u, ammo samara - o‘tgan yilgidan-da,  yuqori. Ha, tortishmaymiz, Modrich, Kroos, Alkantara, Pogba - bular hozirgi davrning eng yorqin yarim himoyachilari. Inyesta - tirik afsona. Biroq Kante zamonaviy futbolda o‘z o‘rniga ega. U - xavfli birinchi «pas»lar ustasi.

Ngolo Kantening oxirgi uch yildagi ko‘rsatkichi

Kantening ustunliklari nimada?! U hujum qilayotgan raqib fikrini a’lo darajada «o‘qiydi». Vaqtdan ilgarilab ketib, boshqalar nima ro‘y berayotganini tushungunlaricha, maqsadiga erishib bo‘ladi. Uning oldida «paslar ustasi» sanalgan Ozil kichkina va foydasiz futbolchiga aylanib qoladi. Kanteni pul yoki mukofotlar emas, butun dunyo ishqibozlari ko‘nglidan joy olish ko‘proq qiziqtiradi. Fransuzning iqtidoriga guvohi bo‘lib, futboldan rohat olish uchun «Chelsi» muxlisi bo‘lish shart emas. Kante - munosib e’tiroflarga mos yigit va «Lester» ertagi - aynan shu futbolchining mehnatlari mahsuli. Ma’lumki, futbol akademiyalarida tarbiyalanuvchilarga millionlar o‘yinining barcha sir-asrorlari to‘liq o‘rgatilmaydi. Shu ma’noda aytsak, Kantega ham «Kan»da mukammal saboq berishmagan. Biroq bu yigit amalga oshirayotgan «mo‘’jizalar»ning jozibasi ham xuddi shunda. Chunonchi, «hamma narsani bilmaydigan» Kante hamon izlanishda va uning saviyasi yanada o‘sishi mumkin. N~Golo hatto, hozirgi holatida ham «Real», «Barselona» yoki «Bavariya»dagi maqtalgan futbolchilardan ko‘ra tezroq, foydaliroq va aqlliroq harakat qilmoqda. Bas, shunday ekan, uni maqtamay, yana kimni maqtaylik?!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:30, 26.02.2017.
O'qildi: 9964 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.