Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Futboldagi fantastik firib

Futboldagi fantastik firib

Baho:
+ | -

Qarangki, barchani yoqa ushlashga majbur etgan firibgarlik ham taqdir inoyati bilan aynan APLda yuz bergan.

1996 yili «Blayt Spartans» yarim professional klubida to‘p suradigan afrikalik havaskor yigit «Osilsang, baland dorga osil» maqoliga amal qilib, g‘aroyib g‘oyani amalga oshiradi. Uning iltimosiga binoan, kursdoshdoshlaridan biri «Sautgempton»ning o‘sha vaqtdagi bosh murabbiyi Grem Sunessga qo‘ng‘iroq qilib, mashhur futbolchi nomidan gapiradi: «Allo, janob Suness? Sizni Jorj Vea bezovta qilyapti. Bitta  ajoyib taklifim bor». Xullas, soxta «Jorj Vea» murabbiyga amakivachchasini o‘ta iqtidorli va kelajagi porloq yigit sifatida ta’riflaydi va uni o‘z jamoasida sinab ko‘rishini taklif etadi. Gap orasida yigitcha yaqinda «PSJ» bilan kelisholmaganini ham alohida ta’kidlashni unutmaydi. Janob Suness esa taklifni qabul qiladi va Ali Dia «Sautgempton» ko‘rigidan o‘tib, qisqa muddatli shartnoma ostiga imzo chekadi. Yangi futbolchiga 33-raqamli formani topshirishadi va u «Lids»ga qarshi bahsda maydonga ham tushadi. Biroq debyut shunchalik omadsiz chiqadiki, murabbiy atigi 35 daqiqadan so‘ng uni zaxira vakili bilan almashtiradi. Vaholanki, Ali o‘yinga zaxiradan qo‘shilgandi. «Uning mashg‘ulotlardagi xatti-harakatlarini ko‘rib, ko‘zlarimga ishonmay qoldim: «Bu yigit nima qilyapti o‘zi?» Xullas, ilk marta ko‘rganda, o‘yladimki, u qandaydir tanlov g‘olibi sifatida jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan omadli muxlis...»,-deya xotirlaydi «avliyolar»ning afsonaviy o‘yinchilaridan biri Mettyu Le TissYE. O‘sha o‘yindan keyin Ali Dia bilan tuzilgan bitim bekor qilinadi, The Times esa uni APL tarixidagi eng omadsiz xarid sifatida qayd etadi. Mana, oradan 20 yil o‘tdi va bu muddat ichida futboldagi antiqa firibgarlik afsona maqomiga ko‘tarildi, uning bosh qahramoni esa Angliyaning buyuk yolg‘onchisiga aylandi. To‘g‘ri, APLdagi sharmandagarchilikdan so‘ng Aliga nima bo‘lgani noma’lum edi. Kimdir uni qishloqda molboqarlik qilayotganini, boshqa birov Saudiyaga ketib, umrini ibodatga baxsh etganini aytadi. Diani ashaddiy jinoyatchiga chiqarayotganlar ham, umuman, dunyodan ko‘z yumganini ta’kidlaydilar ham yo‘q emas. Qizig‘i, bu kabi mish-mishlar «Sautgempton»ni sira xavotirga solmaydi: ortiga «Dia» yozuvi tushirilgan futbolkalar hozir ham 79,99 funtdan sotilmoqda. Ha, 20 yil ortda qolgan ekan, endi haqiqatni oshkor qilish mumkindir...

Ota-onasi

Senegal. Dakarning nufuzli Dieuppeul-Derkle tumani. Ikki ko‘chaning kesishuvida qad rostlagan 3 qavatli beton uy. Hovlidagi o‘simliklar olami inshootning tashqi ko‘rinishiga yanada dahshatliroq tus berib turadi. Uning asosiy qismini qum, g‘isht va tuproq uyumlari band etgan, lapanglab chayqalib turuvchi simlar, qurilish chiqindilari va allaqachon bo‘yashga muhtoj bo‘lib qolgan kulrang devor Afrikaning shafqatsiz voqeligidan dalolat. Ali Dianing oilasi shu xonadonda istiqomat qiladi. Otasi iste’fodagi diplomat, bir paytlar Senegalning Parijdagi elchixonasida xizmat qilgan. Onasi esa o‘rta maktab o‘qituvchisi, ular 6 nafar farzand (4 nafar qiz va 2 nafar o‘g‘il)ni tarbiyalab, voyaga yetkazishgan. «Ali biznes sohasida tahsil oldi. 2003 yili San-Fransisko universitetida magistr darajasiga erishdi va ma’lum muddat Qatarda ishladi»,-deydi sobiq futbolchisining onasi. Ali Dianing o‘zida 2 nafar o‘g‘li bor. To‘ng‘ichi Simon ota izidan bordi va ayni payt Sen-Kantenning «Olimpik» klubida to‘p suradi.

Ali «Sautgempton» bilan aloqani uzgach, mavsumni Angliya beshinchi divizioni vakili - «Geytsxed»da davom ettiradi. Lekin keyinchalik izsiz g‘oyib bo‘ladi. Jurnalistlar esa Ali Dia transferi bilan bog‘liq qalloblikni fosh qilish yo‘lida izlanishlarni to‘xtatmaydilar. Jorj Vea hech qanday Alini tanimasligini qayta-qayta ta’kidlagan bir payt futbolchining onasi rivoyat yo‘nalishini to‘qson darajaga burib yuboradi: «Vea Fransiyada yashaydigan qizim - Sofining yaqin do‘sti edi. Ali liberiyalik futbolchi haqidagi ma’lumotlarni aynan undan olgandi. Ikkisi hozir ham muloqot qilib turadi». Futbolchining otasi - Usmon Dia vaziyatga shunday baho beradi: «Ali aslida haqiqiy futbolchi edi. Ha, ha, ha. Men shunday futbolchining otasi ekanligimdan farxlanaman! Ayniqsa, uning 1988 yilgi Locotte kubogi finalidagi golidan keyin g‘ururim oshgandi. Axir o‘shanda butun Senegal xalqidan qutlov olgandim». Umuman, ona o‘g‘lining ilm-fan bilan shug‘ullanishini istar, shu bois, futbolga xayrixoh emasdi: «Ali 15 yoshli payti sinf rahbari menga qo‘ng‘iroq qilib, uning anchadan buyon maktabga qatnamayotganini aytdi. Shunda tabiiyki, bu ma’lumotni tekshirishga oshiqdim. Borsam, Ali chindan ham, futbol maydonchasida to‘p tepayotgan ekan. Biz o‘zaro uzoq suhbatlashishdik va u shundan so‘ng maktabga qaytdi. Muhimi, faqat a’lo baholarga o‘qidi».

Buyuk qalloblik muallifi kim?

Senegaldagi Generation Foote akademiyasi prezidenti Madi Ture. U afrikalik yosh iqtidor sohiblarini Yevropaga joylashtirish bilan shug‘ullanadi. Jumladan, Sadyo Mane va Diafra Sakoni avval Fransiya, keyin Angliyaga «eksport» qildi. Turening aytishicha, u Dia bilan Parij universitetida tanishgan. O‘shanda ikkovi ham 20 yoshda bo‘lib, yotoqxonada birga yashashgan. Ture to‘rtinchi liga vakili - «Ton» klubida to‘p surardi. Grem Sunessga aynan u qo‘ng‘iroq qilgan. Umuman, Ali Dia tranfseri Turening ilk ishi edi. «Ali juda iqtidorli yigit bo‘lib, to‘p bilan raqsga tushishni qoyillatardi, qolaversa, jismoniy ko‘rsatkichlariga havas qilsa arzirdi. Lekin mashg‘ulotlarda dangasaligi tutib, tezligini uncha ishga solmasdi. Umuman, Alining futboldagi muammolariga ota-onasi sababchidir. Chunki ular o‘g‘illarini universitetda tahsil olishga majbur etishdi...»,-deya eslaydi Madi. Ajralmas ikki do‘st ko‘pincha kechki ovqatdan so‘ng achchiqgina ko‘k choy ichgancha futbol masalasida qandaydir rejalar tuzishardi. Madi kelajakda taniqli agent sifatida tanilishni orzu qilsa, Ali «MYU» safida to‘p surish, behisob pul ishlab, onasini hashamatli qasr bilan siylashni o‘ylardi: «Eski tanishlarimiz Liga 1 doirasidagi o‘yinlarda bizga ilhom bag‘ishlashardi. Masalan, Etyenn Mendi yulduzga aylanish orzusi bilan yashardi va bunga erishdi». Biroq Ali Dia 1992 yilning oktyabrida tushkun ahvolga tushib qoladi. Ya’ni yangi shartnoma imzolanadigan pallada mashg‘ulotlarga borish o‘rniga temir yo‘l vokzaliga yo‘l oladi. «Ali o‘rniga notanish bir yigit keldi. Tabiiyki, uni mashg‘ulotlarga qo‘ymadik»,-deya xotirlagandi «Jorj Vea». Zikr etilgan notanish Alining yana bir kursdoshi edi va u futbolchining vokzalga ketganini aytadi. Shunda jamoa menejerlari darhol vokzalga «uchishadi» va so‘nggi pallada futbolchini ortga qaytarishadi. Xullas, Ali maoshi oshirilganidan keyingina mavsum oxiriga qadar jamoa safida to‘p suradi. Futbolchi shundan so‘ng o‘z vataniga qaytadi va ota-onasiga universitetdan haydalgani, endi futbol bilan jiddiy shug‘ullanishini ma’lum qiladi. «Biz uni Parijda ta’lim olib, doktorlik unvoni bilan qaytishini xohlardik. O‘g‘limizni 1987 yili Fransiyaga ayni shu maqsadda yuborgandik. Biroq u yakunda futbolni tanladi. Yashirmayman, rafiqamga qo‘shilib, Alini bu yo‘ldan qaytarishga urindim. Biroq u oradan 2 yil o‘tgach, futbolga qaytdi, baribir»,- deya xotirlaydi Usmon Dia. Onasi esa bunga shunday qo‘shimcha qiladi: «Sportchining faoliyati juda qisqa bo‘ladi. Shu sabab, o‘g‘limning futbol o‘ynashini istamasdim. Lekin taqdiriga shu bitilgan ekan, nima ham derdim?»

Ali Dia Fransiyaga 18 yoshida ko‘chib o‘tgan. Demak, 9 yildan keyin 27 yoshini qarshilagan. Xo‘sh, unda «Jorj Vea» iqtidor sohibini «Sautgempton» rahbariyatiga tavsiya etganida, klub mutasaddilari nahotki, uning yoshini surishtirmagan bo‘lsalar? Usmon Dia ham, uning umr yo‘ldoshi ham Alining qaysi jamoalarda to‘p surganini to‘liq eslab qolishmagan - «Dijon», «Sen-Kanten», Daniya va Nyukasldagi qaysidir klublar, «Sautgempton»... Otasining aytishicha, Ali «avliyolar» ko‘rigiga borishdan avval ikki marta jarrohlik muolajasini olgan ekan. Eng ajablanarlisi, ular shov-shuvli firibgarlikdan yaqindagina xabardor bo‘lishgan. «Bir tanishim qo‘ng‘iroq qilib, tezda televizorni yoqishimni so‘radi. Qarasam, o‘g‘lim haqida ko‘rsatuv namoyish etilyapti, ammo unda aytilgan aksariyat gaplar bo‘hton edi. Shunda advokatga murojaat etishni o‘yladik. Lekin yakunda barchasini Yaratganning hukmiga havola etishni ma’-qul ko‘rdik. Harqalay, tez orada haqiqat yuzaga chiqishiga shubhamiz yo‘q»,-deydi Usmon Dia.

Alining o‘g‘li - Simon Dia

Qahramonimizning to‘ng‘ich farzandi otasining firibi xususidagi savollardan o‘zini olib qochmaydi: «Yo‘q, otam Jorj Veaning qarindoshi emas. Lekin o‘z maqsadi yo‘lida yolg‘on ishlatgandir, ehtimol -  buni inkor etolmayman. Zero, u o‘z yo‘lidan qaytmaydigan inson. Ammo bu ishlarning menga umuman aloqasi yo‘q».

Ali Dia hozir Qayerda?

Ali o‘tgan yili Qatar banklaridan biri bilan imzolagan shartnomasi muddati tugaganidan so‘ng mamlakatdan chiqib ketdi. Sobiq futbolchi u yerda moliyaviy maslahatchi sifatida ishlardi. Endi Londonda shu ixtisoslik bo‘yicha ishga kirib, sinov muddatini o‘tamoqda. «Sautgempton» bilan yuzaga kelgan mojaro tufayli jurnalistlar bilan deyarli muloqot qilmaydi. Faqat Bleacher Report muxbirlariga aytgan gaplari bundan mustasno: «Onamga qat’iy ohangda tushuntirganman: hech qanday aybim yo‘q. Shunchaki, jurnalistlar pashshadan fil yasagandilar...». Ali shuningdek, OAV vakillaridan qattiq ranjiganini yashirmaydi: «Ular meni muttaham yolg‘onchiga chiqarib qo‘yishdi. Aslida chindan ham, 1987|1988 yillar mavsumida «PSJ» tarkibida to‘p surganman, hattoki, Parij kubogini qo‘lga kiritganman. 1994 yili Sulaymon Bashir (afrikalik taniqli agent) bilan tanishdim. U meni Britaniya futboliga olib kirdi. Avvaliga «Sautgempton» o‘rinbosarlar jamoasida shug‘ullandim. Keyin ikki hafta asosiy tarkib vakillari bilan ishladim. Murabbiylar imkoniyatlarimdan yaxshi xabardor edilar. «Lids»ga qarshi o‘sha uchrashuvdan bir kun avval jamoamiz ikki guruhga bo‘lingan va o‘zaro kuch sinashgandik. Esimda, o‘shanda 3ta gol urgandim. Suness shundan so‘ng meni alohida maqtab, «Lids» bilan o‘yinda tarkibga qo‘shishini aytdi. U aslida meni so‘nggi daqiqalarda sinab ko‘rmoqchi edi, biroq Le Tissye birinchi bo‘limda jarohatlangach, hech qanday tayyorgarliksiz uning o‘rnini to‘ldirishimga to‘g‘ri keldi. Xullas, ozgina qizishib olmaganim pand berdi». Bu gaplarini e’tiborga olsak, u «Sautgempton» bilan tasodifiy omadsizlik tufayli erta xayrlashgandek...

Shunda jamoa menejerlari darhol vokzalga «uchishadi» va so‘nggi pallada futbolchini ortga qaytarishadi. Xullas, Ali maoshi oshirilganidan keyingina mavsum oxiriga qadar jamoa safida to‘p suradi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:36, 28.02.2017.
O'qildi: 9160 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.