Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ronaldu va Messi bir tarkibda o‘ynasa… Yoxud jahon termasi qayerga yo‘qoldi?

Ronaldu va Messi bir tarkibda o‘ynasa… Yoxud jahon termasi qayerga yo‘qoldi?

Baho:
+ | -

Qachonlardir FIFA yulduzlardan iborat jamoa tuzib, turli o‘yinlar uyushtirardi. Agar o‘sha uchrashuvlarni eslasangiz, demak futbolga anchadan buyon oshnosiz. Xo‘sh, eski an’anani davom ettirib, Ronaldu va Messini bir jamoada o‘ynatish vaqti kelmadimikan?

Millionlar o‘yini bir necha o‘n yillardan buyon mavjud, jahon termasi esa XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab tuzilgan. Dastlab bunga yo‘l masalasi to‘sqinlik qilgan - uzoq muddatli parvoz, qit’adan-qit’aga o‘tish ko‘p vaqt talab etardi. «Ko‘hna qit’a» esa bunday tajribani ancha oldin o‘tkazib ulgurgandi: 1937 yili Amsterdamda Markaziy va Sharqiy Yevropa termalari o‘rtasida o‘yin o‘tkazilib, 3:1 hisobi qayd etilgandi. So‘ngra inglizlar tashabbus ko‘rsatishdi - bir yildan so‘ng Angliya termasi Yevropa yulduzlarini 3:0 hisobida yengdi. Farqi shundaki, mazkur uchrashuvlar FIFA tasarrufida bo‘lmagan. Jahon termasining ilk tarkibini esa biz 1963 yilga kelibgina ko‘rdik.

1963 yil 23 oktyabr, Angliya - FIFA jahon termasi - 2:1

Dastlabki rasmiy bahs Futbol Assosiasiyasi yuz yilligi sharafiga o‘tkazildi. «Uembli»da o‘tgan mashhur o‘yin, 100 ming tomoshabin, jahon termasi safida Yashin, Masopust, Kopa, Lou, Di Stefano, Eysebio, Xento va Pushkash bor. Inglizlarda esa bo‘lajak jahon chempionlari. O‘shanda Lev Yashinning o‘yini jurnalistlarni lol qoldirib, ke­yinroq uni «Oltin to‘p»ga loyiq ko‘rishgandi. Bevosita o‘yinga to‘xtalsak, Angliya jamoasidan Peyn va Grivz bittadan gol urishgan bo‘lsa, jahon termasining yagona javob to‘piga shotlandiyalik Lou mualliflik qilgandi.

1967 yil 27 sentyabr. Ispaniya - FIFA jahon termasi - 0:3

G‘oya Santyago Bernabeuga yoqib tushdi va yaqin do‘sti Samorening 65 yoshga to‘lishi munosabati bilan Madridda futbol shousi uyushtirdi: Ispaniya jamoasi FIFA jahon termasini qabul qildi. Albatta, tarkib Londondagidek emasdi, faqat ushbu tadbirda qatnashishga rozilik berganlargina yig‘ilishdi. Ispanlar ham o‘yinchilar ro‘yxati bilan maqtana olishmasdi va buning oqibatida yut­qazishdi. Sandro Massola, Eysebio va belgiyalik Goyvartsning gollari yakuniy hisobni o‘rnatdi.

1968 yil 6 noyabr. Braziliya - FIFA jahon termasi - 2:1

Ushbu an’ana Yevropadan boshqa qit’a­ga ko‘chdi. Braziliyaliklar mundialdagi g‘alabaning o‘n yilligini nishonlashayotgandi. «Marakana» stadioniga 93 ming tomoshabin to‘plandi, Yashin, Mazurkevich, Shesternev, Bekkenbauer, Albert, Overat, Jaich kelishdi - ajoyib tarkib. Ammo braziliyaliklar darvozasini Pikasso qo‘riqlagandi, maydonda esa 1970 yilning bo‘lajak chempionlari - Jerson, Rivelino, Jairzinyo, Tostao va Pele to‘p surishgan. «Oltin to‘p» sohibi Albert urgan gol bayramni buzishi mumkin edi, biroq 90-daqiqada Tostao ajoyib harakat qilib, jamoasi joniga oro kirdi. Yakunda jahon termasi yutqazdi.

1971 yil 27 may. «Dinamo» klublari termasi - jahon termasi - 2:2

Yashinning xayrlashuv uchrashuvini yoddan chiqarish yaramaydi, albatta. Oldindan aytib qo‘yaylik, bu gal Lev Ivanovich shaxsan taklif bilan chiqqani uchun ushbu jahon termasi FIFA tomonidan rasman tuzilmagandi. Pele Boliviyadan yetib kelolmadi, u yerda «Santos» maxsus turneda pul ishlayotgandi. Ammo Jorkayeffning otasi, Mazurkevich, Viktor, Fakketti, Bobbi Charlton, Jaich va Gerd Myuller kelib, «Dinamo» nomi ostida faoliyat yurituvchi turli klublardan tuzilgan terma bilan 2:2 hisobida durang o‘ynashdi. Bu uchrashuvdan 100 ming kishi bahra oldi, afsonani esa munosib tarzda kuzatishdi.

1979 yil 25 iyun. Argentina - FIFA jahon termasi - 1:2

Ko‘rib turganingizdek, shonli jamoa 11 yil mobaynida rasmiy radarlardan yo‘qolib qoldi. Ammo argentinaliklar o‘z uylarida mundial bosh sovrinini qo‘lga kiritgach, bir yildan so‘ng ushbu an’anani tiklashga bel bog‘lashdi. Ularning shunga asoslari bor edi, 82 ming kishini to‘plash imkoniyati tug‘ilgandi. FIFA esa bundan daromad ko‘rardi, tarkib ham yomon emasdi - Kabrini, Tardelli, Krul, Platini, Ziko, Rossi va Bonek. Bo‘lajak jahon chempioni Bearzot qo‘l ostida shug‘ullangan jamoa yosh Maradonaning golidan so‘ng yutuqqa erishishni uddaladi. E’tiborlisi, bunday bahslarda ko‘pincha shaxsiy hisob-kitoblar birinchi o‘ringa chiqadi. Shotlandiyalik Lou Angliya termasi darvozasini ishg‘ol qilishni xohlagandi, Ziko esa Argentinani ranjitdi.

1982 yil 7 avgust. FIFA jahon termasi - Yevropa termasi - 2:3

Noodatiy uchrashuv, to‘g‘rimi? Bu o‘yin Amerikacha futbol ligasida ishtirok etuvchi «Jaynts» klubining Nyu-Jersidagi stadionida o‘tkazildi. FIFA jahon va Yevropa termalarini to‘plash uchun yana bir sabab topdi - YUNISEF uchun xayriya o‘yini o‘tkazish. Jahon termasi «ko‘hna qit’a» jamoasinikiga nisbatan kuchsizroq edi, chunki yevropaliklar safida Bekkenbauer, Platini, Bonek, Kigan va Bloxin to‘p surishgan. Natijada darvozasini Dino Zoff qo‘riqlagan terma 3:2 hisobida zafar quchdi. Aytish joiz, «Bunyodkor»­ning sobiq ustozi Ziko o‘shanda jahon termasi foydasiga yana gol urgandi.

1997 yil 18 avgust. Rossiya - FIFA jahon termasi - 0:2

AQSHda o‘tkazilgan o‘yindan ke­yin navbatdagi 15 yil ichida jahon termasi yana bir necha marta to‘plandi. O‘sha Amerikada dastlab germaniyaliklarga imkoniyat boy berildi, so‘ngra 1996 yili braziliyaliklar g‘alaba qozonishdi. 1997 yili Xitoydagi bayram munosabati bilan Osiyo termasiga qarshi bahs o‘tkazildi. Bir oydan keyin Moskvaning 850 yillik yubileyi munosabati bilan «Lujniki» stadioni yulduzlarni qarshi oldi. Kollina hushtak chalib o‘yinni boshlab berdi va yakunda Rossiya jamoasi jahon termasiga 0:2 hisobida yutqazdi. Gollarga Jorkayeff va Xulen Gerrero mualliflik qilishdi. Bobbi Robson va Bora Milutinovich boshchiligidagi jamoa tarkibidan Subisarreta, Matteus, Vinter, Effenberg va Shevchenko joy egallashdi.

2002 yil 18 dekabr. «Real» - FIFA jahon termasi - 3:3

Nihoyat, ertak yakunlandi... FIFA tasarrufidagi jahon termasi klub bilan o‘tkazilgan o‘yindan so‘ng «o‘ldi». «Real» o‘zining 100 yillik yubileyini nishonladi-yu, g‘oyani «tiriklayin ko‘mdi». Rossiyadagi g‘alabadan so‘ng dunyo yulduzlari Italiya va Fransiyaga safar uyushtirishdi, Mandela sharafiga o‘tkazilgan bahsda durang o‘ynashdi, Avstraliyadagi arenaning ochilish marosimida qatnashishdi, Yaponiyada esa stadionni muxlislar bilan to‘ldira olishmadi. Bir so‘z bilan aytganda, FIFAdagilar an’anaga barham berish lozimligini tushunib yetishdi. Ammo «Real» uchun istisno qilindi - Kloze, Kaka va Sisse «Real» darvozasiga bittadan gol urishdi, ispanlar ham bunga uchta to‘p bilan javob qaytarishdi. Garchi jamoalar tarkibi kuchli bo‘lsada, o‘sha uchrashuv jahon termasi uchun so‘nggi rasmiy o‘yin bo‘ldi. Ke­yinchalik ayollardan iborat orzular jamoasi tuzish g‘oyasi o‘rtaga tashlandi, biroq qizlar atigi uchta o‘yin o‘tkazish bilan cheklanishdi.

* * * * * * * *

Jahon termasining FIFA tasarrufida o‘tmagan o‘yinlari ko‘p, ammo ularda tarkiblar u qadar kuchli bo‘lmagan, sabablar ham o‘rtamiyona edi.

To‘g‘ri, 2001 yili Maradonaning xayrlashuv marosimida «La Bombonere»da anshlag kuzatilgandi. Shuker, Kantona va darvozabon Igita o‘z nomlarini tabloga yozdirib qo‘ygan pallada, Argentina 6ta gol urishga ulgurgandi. O‘shanda Diyego va argentinaliklar uchun haqiqiy bayram bo‘lgandi. Shuningdek, yulduzlar uchun norasmiy o‘yinlar o‘tkazilgan, Fergyuson, Xaji, Chilavert sharafiga uchrashuvlar tashkil etilgan. Biroq bu bahslarga FIFA aralashmagandi.

Nega hozir jahon termasini to‘plashmayapti?

Aftidan, Infantinoga xat yo‘llash vaqti kelganga o‘xshaydi - JCH-2018 arafasida an’anani tiklashga nima deysiz? Axir Konfederasiyalar kubogidan oldin jahon termasini tuzish qiyinchilik tug‘dirmaydi-ku. Hamma shu yerda hoziru nozir - yulduzli fransuzlar, chililiklar, portugallar. Vaj axtarish ham shart emas, u xoh tijorat bo‘lsin, xoh xayriya. Umuman, jahon termasi ishtirokidagi o‘yinlarning bir necha yillardan buyon o‘tkazilmayotganining o‘ziga yarasha sabablari bor. Mashhurlarning narxi qimmat va jarohat olishdan cho‘chishadi. Chempionatlar taqvimi shu qadar tig‘izki, aniq sanani belgilash qiyin. Chunki yulduzlar yirik turnirlar o‘tkazilmagan pallalarda tijorat turnelarida qatnashishadi. Misol uchun, Osiyo va AQSHda «Real», «MYU» va «Barselona» ishtirokida o‘yin tashkil etilsa, uni stadion to‘la muxlis kuzatishi aniq.

Turli klublar, agentlar va prezidentlardan yulduzlarni qo‘yib yuborishni so‘rash befoyda. Bunday rasmiy uchrashuv uchun vaqt, raqib, tomoshabinlari ko‘p stadion topish kerak. Bir so‘z bilan aytganda, Messi va Ronalduni bir tarkibda ko‘rishni xohlagan osiyolik milliarderlargina yirik gonorarli va ehtimolli jarohatlarni sug‘urtalay oladigan uchrashuv tashkil etishlari mumkin. O‘z navbatida, Zidan va Ronaldo singari afsonaviy faxriylar o‘yinidan bahra olsa bo‘ladi, garchi ular maydonda hazil-huzullar bilan shug‘ullanishsa ham. Agar hozirgi davr yulduzlari o‘ynashsa, jozibali futbol guvohiga aylanishimiz aniq. Messining pasidan so‘ng Ronalduning gol urishi - g‘ayritabiiy voqea.

Xo‘sh, Siz jahon termasi ishtirokidagi bahsni tomosha qilarmidingiz? Tarkibga kimlarni kiritardingiz? Zamonamizning tirik afsonalariga qaysi jamoa raqiblik qilishini xohlaysiz?

FIFA jahon termasining rasmiy o‘yinlardagi ko‘rsatkichlari: 19ta uchrashuv, +5 +4 -10, to‘plar nisbati: 41-44.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:00, 01.03.2017.
O'qildi: 20166 marta.
Fikrlar: 16 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.