Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Sobir Xodiyev: «4 martni sabrsizlik bilan kutyapman»

Sobir Xodiyev: «4 martni sabrsizlik bilan kutyapman»

Baho:
+ | -

O‘zining ajoyib o‘yinlari orqali muxlislar qalbidan joy olgan bu futbolchi faoliyatini o‘tgan asrning 90-yillarida Haqqulobodning «Sohibkor» jamoasida boshlagan. Keyinchalik «Traktor», «Ordabasi» (Qozog‘iston) hamda «Paxtakor» klublari sharafini himoya qildi. Butsalarini mixga ilgach, negadir murabbiylik emas, tadbirkorlikni tanladi. Ammo oradan bir necha yil o‘tgach, «NBU-Osiyo» murabbiyi sifatida ko‘rinish berdi. Lekin bu jarayon uzoq cho‘zilmadi va u yana avvalgi ishiga qaytdi. Buni qarang­ki, millionlar o‘yiniga bo‘lgan qiziqish o‘z so‘zini aytib, 10 yillik tanaffusdan so‘ng yana murabbiyga aylandi. U tez orada Germaniya bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan JFL bolalar futbol maktabida ish boshlaydi. Biz Sobir Xodiyev bilan uchrashib, undan intervyu oldik.

- Sobir aka, bir necha yildan beri katta futboldan yiroqdasiz. Futbolsiz kunlar, oylar, yillar qanday o‘tdi?

- Haqiqatan ham uzoq muddat sevgan kasbimdan uzoqda bo‘ldim. Bosh­qa sohada ish boshlashga to‘g‘ri keldi. Lekin o‘shanda ham futboldan batamom ketganim yo‘q. Haftaning har shanba kuni futbol faxriylari bilan birga to‘p tepamiz. O‘zimizning faxriylar chempionatida «Paxtakor» jamoasi a’zosiman. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Boisi, faoliyatimning asosiy qismi shu klubda o‘tgan. Bu jamoada shuningdek, yaqin o‘tmishning mashhur futbolchilari Shuhrat Rahmonqulov, Shuhrat Maqsudov, Ravshan Bozorov, No‘’mon Hasanov, Murod Aliyev, Ma’ruf Po‘latov, Jasur Abduraimov, Leonid Koshelev ham bor.   

- Futbolchilik faoliyatingiz yakunlanganidan keyin murabbiylik haqida o‘ylab ko‘rmadingizmi?

- 2001 yili futbolchilik faoliyatimni tugatgach, negadir murabbiylik haqida o‘ylamadim, bu sohaga qiziqmadim. Aksincha, ishbilarmonlik, tadbirkorlik sohasi o‘ziga jalb etdi. Deyarli 10 yil shu sohada ishladim. Ammo baribir, futbolga bo‘lgan qiziqish yo‘qolmas ekan. 2010 yili Toshkentning «NBU-Osiyo» jamoasida ish boshlab, bir yil shu klubni boshqardim. Aynan o‘sha yili «V» toifasi uchun o‘qidim. Lekin murabbiylikda uzoq vaqt qolish nasib qilmadi. Vaziyat taqozosi bilan tadbirkorlikka e’tibor qaratishimga to‘g‘ri keldi. Mana, oradan 7 yil o‘tib, yana futbolga qaytish arafasida turibman. JFL bolalar futbol maktabidan qiziq taklif tushgach, uni qabul qildim. Bolalar bilan ishlash maroqli. Iqtidor egalarining katta futbolga qadam qo‘-yishiga sababchi bo‘lib qolasiz. 4 mart kuni ilk mashg‘ulotni o‘tkazaman. Bu kunni sabrsizlik bilan kutyapman.

- Bolalar uch yoshdan qabul qilinar ekan. Bu biroz erta emasmikan?

- Menimcha, erta emas. Albatta, bu yoshdagi bolalar mashg‘ulotlarga o‘yinqaroqlik bilan yondashishadi. Demak, ularni shunga monand tarzda shug‘ullantirishga to‘g‘ri keladi. Qiziqarli o‘yinlar o‘rgatish, kichkintoylarning ko‘nglini olish eng muhim jarayon hisoblanadi. Ularning qalbida hozirdanoq millionlar o‘yiniga mehr uy-g‘ota olsak, ishonchim komil, yurtimizdan iste’dodli futbolchilar yanada ko‘p yetishib chiqadi.

- Bu xorij tajribasimi?

- Xuddi shunday. Futboli taraqqiy etgan mamlakatlarda bolalarni kichik yoshdan to‘garaklarga qabul qilishadi. Ularda asosan texnik mahoratni shakllantirish kerak.

- Shaxsan o‘zingiz necha yoshdan futbol o‘ynashni boshlagansiz?

- 5 yoshimda ko‘chadan kelmasdim. Maktabdan qaytgach, bolalar bilan kun botgunigacha to‘p tepardik. 8 yoshimdan professional tarzda shug‘ullana boshladim. Birinchi murabbiyim - Bahodir Toshmuhammedov. Fursatdan foydalanib, ustozimga katta rahmat aytmoqchiman. Ularning mehnatlari tufayli futbolchi bo‘lib yetishdim. Ozmi-ko‘pmi xalqqa tanildim.

- «Paxtakor»dagi birinchi o‘yiningiz esingizdami?

- Albatta, buni esdan chiqarib bo‘lmaydi. «Paxtakor» libosidagi ilk o‘yinim 1991 yili sobiq ittifoq chempionati doirasida Doneskning «Shaxtyor» klubiga qarshi kechgan. Ukrainadagi bahsda zaxiradan maydonga tushgandim. «Paxtakor» libosini kiyish baxti nasib qilganidan xursandman. Faoliyatimdagi eng yorqin o‘yinlarni shu klubda o‘tkazdim. Yutuqlarni qo‘lga kiritdim. Tajribali murabbiylar qo‘l ostida o‘ynadim. «Paxtakor»da o‘tkazgan yillarimni faqat xursandchilik bilan eslayman.

- Qaysi ampluada o‘ynashingizni murabbiylar tavsiya berishganmi yoki bu o‘zingizning tanlovingizmi?

- Gol urishni yaxshi ko‘rmagan bola bo‘lmasa kerak. Men ham hujum chizig‘ida o‘ynashni xush ko‘rardim. Bilmadim, chapaqay bo‘lganim uchunmi, aynan oldingi chiziqda jamoaga ko‘proq foydam tegardi. Murabbiylarning tavsiyasi ham shunga mos kelgan.

- Armoningiz bormi?

- Faoliyatimdan xursandman. Jahon chempionatida ishtirok etmadim. Balki shu armondir. Boshqa tomondan hali hech bir o‘zbek futbolchisiga mundialda qatnashish nasib etmaganini inobatga olsak, buni armonga yo‘yish noto‘g‘ri. 5 yoshli o‘g‘lim Yusuf futbol bilan astoydil shug‘ullanmoqda. E’tiborlisi, u ham menga o‘xshab chapaqay. Yosh bo‘lishiga qaramay, zarbasi juda ham kuchli.

- Terma jamoa tarkibida ikkita o‘yinda maydonga tushgan ekansiz...

- Bo‘lishi mumkin (kuladi). Lekin hozir aniq esimda yo‘q.

- Faoliyatingizni «Sohibkor» jamoasida boshlagansiz. Bu klubga kelishingiz qanday ro‘y bergan?

- O‘sha payt maktab o‘quvchisi edim. Sport maktab internatida o‘qirdim. «Sohibkor» sobiq ittifoq chempionatining ikkinchi ligasida ishtirok etardi. Shaxsan men uchun bu yaxshigina tajriba to‘plash imkoniyatini bergan.

- Oliy liganing yangi mavsumidan nimalar kutyapsiz?

- Bu yil chempionatimiz yanada qiziqarli va shidatli kechishi kutilmoqda. «Lokomotiv» uchun chempionlik unvonini saqlab qolish oson kechmaydi. «Nasaf», «Bunyodkor», qolaversa, «Paxtakor» jamoalari bu yil «temiryo‘lchilar»ga jiddiy qarshilik ko‘rsatishadi. Oliy ligada jon saqlab qolish uchun kurash ham keskin tus olishini taxmin qilish qiyin emas.

- Milliy jamoamizning JCH-2018 3-saralash bosqichidagi qolgan o‘yinlari haqida nima deya olasiz?

- Hozirdan aytish mumkin, termamizga saralashning qolgan 5ta o‘yinida oson bo‘lmaydi. Hech bir uchrashuv yengil o‘tmaydi. Buni birinchi davra bahslari ko‘rsatdi. Barcha qatori umid qilamanki, murabbiylar shtabi ushbu masalada to‘g‘ri xulosa chiqarib olishgan. Qaysi jamoa nimaga qodir ekanligini ko‘rishdi. Hamma bir yoqadan bosh chiqarib, yagona maqsad sari intilishi shart. Muxlislarni ham oxirigacha futbolchilarimizga ishonib, ularni qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman.

- Sizning tashrif qog‘ozingizga e’tibor qaratdim. «Ordabasi»da ham bitta o‘yin o‘tkazgan ekansiz...

- Ha, bu rost. «Ordabasi»ga yordamga borganmiz. Men bilan birga Nikolay Shirshov va rahmatli Dilmurod Nazarov ham bo‘lgan. Bilmadim, o‘sha kezlari shunday shartnoma tuzishga ruxsat berilgan ekan-da! Aniq esimda, bitta o‘yin uchun Qozog‘istonga borib kelganmiz.

- Yordaminglar tekkanmi?

- Albatta. O‘sha uchrashuvda g‘alaba qozongandik. «Ordabasi»ning gollaridan birini men urgandim.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 20:26, 03.03.2017.
O'qildi: 8021 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.