Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Chempionlar ligasi to‘purarlari geografiyasi

Chempionlar ligasi to‘purarlari geografiyasi

Baho:
+-1 | -

YECHL|ECHK tarixida 100ta gol urish hali hech bir futbolchiga nasib qilmagan. Faqat ikki kishi ushbu natijani qayd etish imkoniyatini hamon saqlab turishibdi. Atigi sakkiz o‘yinchi kvalifikasiya bahslarini ham qo‘shib hisoblaganda, 50 yoki undan ko‘proq gol urishgan. Quyidagi maqola turli mamlakatlardan «Ko‘hna qit’a»ga tashrif buyurib, Chempionlar Ligasida o‘ziga xos ko‘rsatkich qayd etganlar haqida. Ular orasidan o‘rin olgan ham-yurtimiz Maksim Shaskixning natijasi yevropalik mutaxassislar tomonidan yuksak baholangani esa kishini quvontiradi.

Yevropa

Ispaniya. Raul Gonsales («Real»). Uzoq vaqt YECHLning eng yaxshi to‘purari nomini o‘zida saqlab, so‘ngra bu borada Messi va Ronalduni oldinga o‘tkazib yuborgan futbolchi. O‘rtacha ko‘rsatkich bo‘yicha zamonamiz yulduzlari ilgarilab ketishgan, ammo Raulning 71ta goli - Ispaniyada tengsiz. Agar Di Stefanoni ham argentinalik emas, ispan deb hisoblaydigan bo‘lsak, uning 49ta aniq zarbasi rekord uchun kamlik qilishi aniq. Moryentes turnirning asosiy bosqichida 30ta, Xento esa 32ta to‘p kiritishgan.

Germaniya. Tomas Myuller («Bavariya»). 39ta gol - Germaniya uchun eng yaxshi ko‘rsatkich. Buyuk to‘purarlarga ega mamlakat futbolida Tomas hammani ortda qoldirdi. To‘g‘ri, Gerd Myullerda samaradorlik yuqori bo‘lgan - 35 o‘yinda 34ta gol. Ammo uning familiyadoshi 90ta urinish hisobiga birinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan. Bu boradagi uchinchi natija Kloze, Xaynkes hamda Ballakni ortda qoldirgan Mario Gomesga tegishli.

Angliya. Ueyn Runi («Manchester Yunayted»). Inglizlardan yetakchini aniqlash qiyin emas - Runida 30ta (kvalifikasiya raundida yana 4ta) gol bor. 24ta gol urgan Pol Skoulz esa Frenk Lempard (23) hamda Stiven Jerrard (21)ni ortda qoldirib ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Italiya. Filippo Inzagi («Yuventus», «Milan») - 46ta gol. Filippo bu borada boshqa bir italiyalik afsona - Alessandro Del Pyero (42ta gol)dan o‘zib ketgan. Uchinchi o‘rin sohibini aniqlash biroz qiyinchilik tug‘dirishi tayin. U - Massola, Totti yoki Rossi emas, balki YECHLdagi raqiblari darvozasini 25 marta ishg‘ol qilgan Marko Simeone.

Fransiya. Karim Benzema («Lion», «Real»). Bu futbolchining rekordi UYEFA vakillarini hayratlantirdi - 51ta gol bilan Anrini ortda qoldirdi (Tyerri asosiy bosqichda 50ta, kvalifikasiyada bitta to‘p kiritgan) va «Napoli»ga qarshi bahsning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topildi. Benzema ushbu ko‘rsatkichni qayd etish uchun 89ta uchrashuvda maydonga tushdi. Fransuz goleadorlari orasida uchinchi o‘rinni egallab turgan hujumchi ham mashhur - afsonaviy Trezege. Mazkur holatning o‘ziga xos jihati nimadaligini bilasizmi? Karim - jazoirlik, Tyerri - antiliyalik, David esa Fransiyada tug‘ilgan argentinaliklar oilasi vakili.

Portugaliya. Krishtianu Ronaldu («MYU», «Real»). YECHLning asosiy bosqichida 95ta, kvalifikasion raundda yana bitta gol. Buyuk Eysebio (47) ancha orqada, Figuning 24ta goli ham yaxshi natija, ammo Krishtianu mutlaqo raqobatdan xoli. Ha, Ronaldu Chempionlar Ligasida haqiqiy gol mashinasiga aylanib ulgurdi.

Rossiya. Sergey Yuran («Benfika», «Spartak», «Shturm»). UYEFA rasmiy sayti Yuranning YECHLda 13ta to‘p kiritgani haqida ma’lumot keltirgan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda Shirokov va Tixonov (11tadan gol) egallab turishibdi. Mazkur holat rossiyaliklarning Chempionlar Ligasida to‘purarlik borasida oqsashganidan dalolat. Misol uchun, Dumbiya, Xalk, Rondon va Eto`O singari hujumchilar Rossiya klublari safida to‘p surgan goleadorlarning eng yaxshisiga aylanishgan. Bu nomlarni ko‘rib, mazkur ro‘yxatda Kerjakov, Sichev hamda Pavlyuchenkoning yo‘qligini to‘g‘ri tushunish mumkin.

Ukraina. Andrey Shevchenko («Dinamo» Kiyev, «Milan», «Chelsi»). Agar kvalifikasiya raundidagi muvaffaqiyat hisoblanmasa, 48ta gol. Ammo UYEFA barcha natijalarni inobatga oladi - Shevchenko 59ta gol bilan turnir tarixidagi beshinchi to‘purar bo‘lib turibdi. Ukrainaliklar orasida sermahsullik bobida ikkinchi o‘rinni egallagan forvardni topish ham qiyin emas - Sergey Rebrov asosiy bosqichda 20ta, umumiy hisobda esa 31ta gol urib, ajoyib ko‘rsatkich qayd etgan. Turli davrlarda 10tadan to‘p kiritgan «Shaxtyor» vakili Vorobey hamda «dinamochilar» Buryak va Bloxin uchinchi pog‘onani bo‘lishib turishibdi.

Belgiya. Pol van Ximst («Anderlext»). O‘tgan asrning 60-yillarida Pol Chempionlar Kubogining eng yaxshi to‘purari bo‘lgan, uning «Anderlext»i Belgiyada yakkahokimlik qilgandi - van Ximst bilan to‘qqiz marta chempionlikka erishildi. Faxriy futbolchining yoshi hozir 70dan oshdi, shu paytgacha YECHLda 20talik dovonga yetib kelish hech bir belgiyalikka nasib etmadi. Pol buni sharaf bilan uddalagandi. Lyuk Nilis hisobida 18ta gol bor. Mabodo Lukaku Chempionlar Ligasida barqaror qatnashadigan jamoa safiga o‘tsa, o‘z mamlakati rekordini yangilashi mumkin.

Turkiya. Hoqon Shukur («Galatasaroy»). Van Ximst belgiyaliklar uchun qanchalik qadrli bo‘lsa, Shukur turk­lar uchun xuddi shunday ahamiyat kasb etadi. Hoqonning to‘y marosimi TV orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda translyasiya qilingan, JCH-2002da esda qolarli gol muallifiga aylangan. Shukur YECHLda, kvalifikasiya raundini ham qo‘shib hisoblaganda, 22ta to‘p kiritgan.

Gollandiya. Rud van Nistelroy (PSV, «Manchester Yunayted», «Real»). Rudning hisobida 60ta gol bor. Uning eng yaqin ta’qibchilari ham ajoyib futbolchilar - Makaay va Klyuyvertda 29tadan gol. Robben (25) yaqin orada ularni ortda qoldirishi mumkin. Shuningdek, van Persi ham YECHL asosiy bosqichida 25ta to‘p kiritgan. «Oltin to‘p» sohiblari Kroyf hamda van Bastenning hisobidagi gollar soni 19ta - o‘z davrlari uchun yomon natija emas.

Shvesiya. Zlatan Ibragimovich («Ayaks», «Yuventus», «Inter», «Barselona», «Milan», «PSJ»). E’tiborlisi, Zlatan oltita turli klublar safida YECHLdagi raqiblari darvozasini ishg‘ol qilgan. Hattoki, Anelka ham to‘rtta jamoada shunday ko‘rsatkich qayd etgandi. Shved hisobida xuddi Shevchenko singari 48ta gol bor. Demak, elliktalik dovonni zabt etish uchun Ibragimovichga yana 2ta gol yetmay turibdi.

Polsha. Robert Levandovski («Borussiya» D, «Bavariya»). Robert YECHLga Messi, Ronaldu va Benzemadan biroz kechroq kirib kelgan. Shunday ekan, zamonamiz futbolchilari haqida gap ketganda, aynan polyak ba’zi rekordlarni yangilash imkoniyatini saqlab turibdi. Birinchi o‘ringa da’vogarlik qilishi qiyin, chunki endigina 38ta gol urdi, ammo afsonaga aylanishi... Polsha avvallari bunday jahon darajasidagi to‘purarga ega bo‘lmagan. Agar Levandovski kelgusi bir-ikkita mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkazsa, tarixdagi eng yaxshi merganlar o‘nligiga kirishi aniq.

Vengriya - Ferens Pushkash («Gonved», «Real») - 35ta gol; Uels - Rayan Giggz («Manchester Yunayted») - 28ta gol; Chexiya - Yan Koller («Anderlext», «Borussiya» D.) - 19ta gol; Shveysariya - Kulibay Tyurkilmaz («Galatasaroy», «Grassxopper») - 13ta gol; Gresiya - Kostas Mitroglu («Olimpiakos», «Benfika») - 16ta gol; Avstriya - Toni Polster («Austriya»), Peter Pakult («Tirol») - 10tadan gol; Xorvatiya - Mario Manjukich («Dinamo» Z, «Bavariya», «Atletiko», «Yuventus») - 21ta gol; Ruminiya - George Xaji («Styaua», «Real», «Barselona», «Galatasaroy») - 19ta gol; Finlyandiya - Yari Litmanen («Ayaks», «Liverpul») - 23ta gol; Norvegiya - Ole-Gunnar Sulsher («Manchester Yunayted») - 20ta gol; Shotlandiya - Alli Makkoyst («Reynjers») - 18ta gol.

Boshqa qit’alar

Argentina. Lionel Messi («Barselona»). «Kumush mamlakat» YECHLga ko‘plab buyuk forvardlarni taqdim etgan. Messi 93ta to‘p kiritgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarni Di Stefano (garchi Ispaniya fuqarosi hisoblansada), Serxio Aguero va Ernan Krespo (mos ravishda 31 va 28tadan), Lisandro Lopes (23) egallab turishibdi. Shunday ekan, Leo o‘zini yolg‘iz his etmasligi tayin. Faqat ushbu ro‘yxatda Iguainning yo‘qligi ajablanarli  «Yuventus» forvardi Chempionlar Ligasida Savioladan ham kam gol urgan.

Braziliya. Kaka («Milan», «Real»). Ushbu mamlakat haqida gap ketganda, birinchi o‘ringa Rivaldo (27), Jardel (25), Elber (25) yoki Romario (20) kabi futbolchilarni qo‘yganlar adashishadi. Kaka «Milan» va «Real»­dagi sermahsulligi evaziga birinchi o‘rinni hozircha o‘ziniki qilib olgan, uning hisobida 30ta gol bor. Shunga qaramay, braziliyaliklar bir millat vakillari sifatida turnirda ajoyib natija qayd etishgan - ular o‘tgan yilning dekabrida 800ta golli ko‘rsatkichni birinchi bo‘lib bosib o‘tishdi. E’tiborlisi, «so‘yloq» Ronaldo YECHLda atigi 16ta to‘p kiritgan, bu turnirga mehri baland emasligi ko‘rinib turibdi. Yaqinda «Spartak» safiga qo‘shilgan Luis Adriano hisobida 20ta gol bor.

Kot-d~Ivuar. Didye Drogba («Marsel», «Chelsi», «Galatasaroy»). Chempionlar Ligasi tarixidagi eng yaxshi afrikalik hujumchi - uchta klub safida 44ta gol. Didye kech bo‘lsada superforvard darajasiga ko‘tarildi, ammo Mourinyo qo‘l ostida ulkan yutuqlarga erishdi. Faoliyatini yakunlashni xohlamay, Turkiyaga yo‘l oldi va u yerda ham YECHLdagi raqiblari darvozasini ishg‘ol qildi. APL afsonasining faoliyatini hamma yerda muvaffaqiyatli kechdi.

Kamerun. Samuel Eto~O («Malyorka», «Barselona», «Inter», «Chelsi»). To‘rtta turli klubda gol urdi, faoliyati uzoq cho‘zildi, o‘rtacha sermahsulligi baland emas, ammo Samuel afsonalar orasida. O‘ttiztalik ko‘rsatkichni zabt etgani tufayli ushbu turnirdagi afrikaliklar orasida ikkinchi bo‘lib turibdi. Yomon emas, ammo Eto`O Mourinyoning «Inter»idagi kabi tartibli futbolchi bo‘lganida, yanada yuqoriroq ko‘rsatkichga erishardi.

Urugvay. Edinson Kavani («Napoli», «PSJ»). Joriy mavsum Kavanini hech kim to‘xtatolmayapti - Liga 1 klublari ham, «Barselona» ham. «Matador» Chempionlar Ligasiga ajoyib tarzda tayyorgarlik ko‘rdi, vaholanki, avvallari ham ushbu turnirda gollar urgan. «Real» yoki «Barselona» safida o‘ynamay turib 24ta to‘p kiritgani - yaxshi ko‘rsatkich. Kavani xuddi Suares kabi gollari sonini oshirishda davom etmoqda. Luis ko‘p o‘ynamadi, ammo hozirgacha YECHLdagi raqiblari darvozasini 22 marta ishg‘ol qilgan. Ikki urugvaylik o‘rtasida qiziqarli bahs kechmoqda. Ko‘raylik-chi, ulardan qaysi biri yakunda yuqoriroq o‘rinni egallarkan...

Boshqalar

Meksikalik Ugo Sanches va Xavyer Ernandes, belaruslik Vitaliy Rodionov, latviyalik Mixail Mixolap o‘z mamlakatlarida tengsiz hisoblanishadi. O‘z navbatida, O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq hujumchisi Maksim Shaskixning natijasi ham maqtovga loyiq - Maks xuddi Lempard, Fabregas hamda Litmanen singari 23ta to‘p kiritgan.

Perulik Klaudio Pisarro hisobida 21ta gol bor. Fevralda «Bavariya» darvozasini ishg‘ol qilgan Aleksis Sanches hamyurti Arturo Vidalni ortda qoldirdi. Ammo myunxenliklar yarim himoyachisi bundan aslo ranjimadi. To‘p kiritishdan ko‘ra, futbolchilarni afsonaga aylantiradigan turnirning keyingi bosqichiga yo‘l olish afzalroq.

Yuzlik dovonni kim birinchi zabt etadi?

Qiziq savol. Axir 95:93 hisobi Messi foydasiga emas. Mabodo argentinalik hujumchi «PSJ»ga qarshi kechadigan javob uchrashuvida qoyilmaqom o‘yin ko‘rsatsa, kuzni kutishga hojat qolmasligi ham mumkin. Boz ustiga, Ronaldu ham jim. «Napoli» bilan Madridda o‘tkazilgan o‘yinni qo‘shib hisoblaganda, portugaliyalik yulduz YECHLda 527 daqiqadan buyon gol urolmayapti. Biroq «Real»ning keyingi bosqichga chiqish imkoniyati yuqoriroq ekanini inobatga olsak, Krishtianu qo‘shimcha ustunlikka ega. Xullas, Ronaldu bu borada Leoni ortda qoldirib, Chempionlar Ligasi tarixida birinchi bo‘lib 100ta golli dovonni zabt etadigan ko‘rinadi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:24, 10.03.2017.
O'qildi: 28086 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.