Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Dinamo»ning «Lester»cha shijoati

«Dinamo»ning «Lester»cha shijoati

Baho:
+ | -

O‘zbekiston chempionati oliy ligasi 2-turi yakunlangach, taniqli jurnalistlardan biri hazil qildi: «Aftidan, «Dinamo» yaqinda «Lester»dan ketgan Klaudio Ranyerini bosh murabbiylikka tayinlagan ko‘rinadi». Bunday mutoyibaning bag‘rida zarracha haqiqat yo‘qligi tayin. Zero, Samarqand shahri jamoasida Ranyeridek murabbiy u yoqda tursin, oliy ligamiz darajasida ko‘zga ko‘ringan futbolchi ham yo‘q. «Dinamo» tarkibi asosan hali nomlari chiqmagan yigitlardan iborat. Qarangki, jamoa shu yoshlar bilan ham mavsum startida muxlislarga «syurpriz»lar ulashish uddasidan chiqdi.

TUR VOQEASI

«Dinamo» 1-turda «Metallurg» maydonidan 3 ochko olib qaytgach, samarqandlik muxlislarning «Sho‘rtan»ga qarshi kechadigan o‘yindan faqat g‘alaba kutishgani o‘z-o‘zidan tushunarli. Oleg Tyulkin shogirdlari shunga yarasha, stadionda yig‘ilgan 10 mingdan ko‘p muxlisni sira uyaltirishmadi. 3:0 va debyutant klub 2-turdan so‘ng turnir jadvali pesh­qadami. Umuman, bu uchrashuvga alohida yondashishning bir necha sababi bor. Birinchidan, «Dinamo» o‘tgan mavsum quyi ligada o‘ynadi va  elitaga qaytgani hamono yorqin taassurot uyg‘otishni paysalga solmadi. Ikkinchidan, shu yorqin o‘yin ortida asosan yoshlar turishibdi. Klub tomonidan berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, «Sho‘rtan»ga qarshi kechgan bahsda «Dinamo» tarkibida maydonga tushgan futbolchilarning o‘rtacha yoshi atigi 23,7ni tashkil etgan. Albatta, buning ijobiy tomonlari ko‘p va yoshlarning faol o‘ynashlarini kuzatish yoqimli. Shuning barobarida tarkibning keskin yoshartirilishida salbiy jihatlar ham yo‘q emas. Deylik, yosh futbolchilarda ishtiyoq me’yoridan oshib ketsa, ular xotirjam va barqaror o‘yin namoyish etishda qiynaladilar. Lekin fakt shuki, «Sho‘rtan» bilan uchrashuvda bunday muammo uchquni ham sezilgani yo‘q. 3-turda ham... (bu haqda sharhimiz oxirida o‘qing).

DURANG KERAKMI, MARHAMAT

Yangi mavsumning 1-turi bitta jihati bilan yodda qolgandi - unda birorta durang natija qayd etilmadi. Bu holat hattoki, biroz taajjublanarli tuyulgandi. Mana, 2-turga kelib, bir emas, naq 3ta o‘yinda jamoalar kuchi teng keldi. Boz ustiga, ularning 2tasida yetakchi klublar ilk yo‘qotishlarga duchor bo‘ldilar. «Paxtakor» hafta o‘rtasida Farg‘onada «Neftchi»ga qarshi maydonga tushdi va bu o‘yinda hisob ochilmadi. Aslida butun vaqt davomida buning uchun imkoniyat u qadar ko‘p yuzaga kelgani yo‘q. Ya’ni mezbonlar ham, mehmonlar ham asosan himoyaga e’tibor qaratishdi va birlamchi vazifa - gol qo‘yib yubormaslik uddasidan chiqishdi. Yakun shuki, ikki jamoa ham 1tadan ochko olib, 2tadan yo‘qotdi. Xullas, bir ochko havoga uchdi.

«Olmaliq» esa har doim «Bun­yodkor» uchun noqulay raqib sifatida gavdalangan. Hattoki, yurtimizda «qaldirg‘ochlar»ga teng keladigan jamoa topilmagan vaqtlarda ham poytaxt viloyati vakillari ularga yetarli darajada «bosh og‘rig‘i» bo‘lish uddasidan chiqardilar. Qarangki, Viktor Kumikov boshchiligida yangilangan jamoa ham yangi mavsum hisobidan ilk ochkosini aynan «Bunyodkor»dan tortib oldi.

Yana bir uchrashuvda «Obod» o‘z uyida «Qo‘qon-1912» bilan murosa ko‘chasini tanladi - 1:1. Shu tariqa «obodchilar» ham, vodiyliklar ham 2-turda mavsumdagi ilk ochkoni ishlab olishdi. E’tiborli tomoni, toshkentliklar avvalgi mavsum ham aynan 2-turda durang qayd etib («Obod» - «Buxoro» - 0:0), oliy ligada o‘z ochkolari hisobini ochgandilar.

KUTILGAN YAKUN

Har qanday uchrashuvda o‘ziga yarasha, favoriti va autsayderi bo‘ladi. Deylik, «Lokomotiv» va «So‘g‘diyona» o‘rtasida kechgan bahsda qaysi tomonning 3 ochkoga asosiy da’vogar ekanligini taxmin qilish qiyin emasdi. Yakunda o‘yin kutilgan yakunni taqdim etdi. «So‘g‘diyona» Davron Fayziyev boshqaruvi ostida 5 yildan buyon mavsumni yaxshi boshlay olmayapti. Mana, jamoa joriy mavsum startida ham ketma-ket 2 marta mag‘lubiyatni tan oldi. To‘g‘ri, bu omadsizliklarda «So‘g‘diyona»ni keskin ayblashga til aylanmaydi - raqiblari kuchli edi. Masalan, jizzaxliklar 1-turda «Bunyodkor» maydonida o‘ynashdi va mag‘lubiyatga uchrashdi -0:1. Bu safar jamoa chekiga «Lokomotiv» bilan kuch sinashish tushdi. Natija - 0:3. Shu joyda adolat yuzasidan aytish lozim, «Loko» g‘alabaga osongina erishgani yo‘q. Xususan, 69-daqiqada mehmonlar darvozasi tomon penalti belgilangunga qadar maydonda teng kurash bordi, hisob. Biroq hakamning 11 metrli nuqtaga ishora qilgani barchasini o‘zgartirib yubordi. Oddiy aytganda, «So‘g‘diyona» ruhiy tomondan bosimni ko‘tarolmadi.

«Nasaf» esa o‘z maydonida ancha jiddiy raqib - «Buxoro»ni yengdi. Vaholanki, qarshiliklar bu uchrashuvda atigi 1ta gol urishdi, ammo 2:1 ko‘rinishida g‘alaba qozonishdi. Xullas, «Buxoro» safiga yaqindagina qo‘shilgan qozog‘istonlik Kirill Pasichnikning avtogol muallifiga aylangani «Nasaf»ga qo‘l keldi.

«O‘RTAMIYONA» KURASH

Qolgan uchrashuvlarda o‘rtamiyona klublar o‘zaro kuch sinashishdi va ularda  doimgidek, mezbonlar  g‘alaba qozonishdi. Xususan, «Mash’al» o‘z maydonida «Metallurg» darvozasini bir marta ishg‘ol etish asnosida 3 ochko oldi. Bu mag‘lubiyat Bekobod jamoasi uchun ketma-ket ikkinchisidir. Xullas, «Metallurg» hozircha birorta ochko olgani yo‘q va turnir jadvalining quyi qismida turibdi. Taqqoslash uchun aytsak, jamoa o‘tgan mavsumni ketma-ket g‘alabalar bilan boshlagandi.

Startda «Paxtakor»ga bas kelolmagan «Qizilqum» esa o‘z maydonidagi ochilish marosimidan so‘ng «Navbahor»ni qiyinchilik bilan yengdi - 2:1. Hal qiluvchi gol o‘yinning so‘nggi choragida urilgani barchasiga dalolat.

TUR QAHRAMONI - «DINAMO» MUXLISLARI

O‘zbekiston chempionatida eng muammoli holatlardan biri muxlislar tashrifi hisoblanadi. Kishini quvontirgani, oliy ligaga qaytgan «Dinamo» shu jihat bo‘yicha ham hurmatga loyiq bo‘lib turibdi. Sharh avvalida «Sho‘rtan»ga qarshi kechgan o‘yinni 10 mingdan ko‘p muxlis bevosita stadionda kuzatganini aytdik. Muhimi, samarqandliklar faqat uy o‘yinlari emas, safar bahslarini ham yoddan chiqarishmayapti. Deylik, 3-tur doirasida «Paxtakor»ga qarshi kechgan o‘yin uchun Samarqanddan maxsus avtobuslar tashkil etildi va muxlislar poytaxtda ham «Dinamo»ni yolg‘izlatib qo‘yishmadi.

----------------------------------------------------------------------------

3-TUR «sensasiya» bilan boshlandi

Yakshanba kuninavbatdagi tur bahslariga start berildi. Ilk o‘yinda «Dinamo» startdagi shijoatini davom ettirib, chindan ham, o‘tgan mavsumdagi «Lester» qiyofasini oldi, go‘yo. Xullas, 88-daqiqada Radu Rogak to‘pga boshi bilan zarba berib, «sherlar»ni karaxt ahvolga solib qo‘ydi - 0:1. Shu kuni omad ham Samarqand jamoasini qo‘llab yubordi. Deylik, 90Q2-daqiqada Igor Sergeevning zarbasidan so‘ng to‘p darvoza ustuniga tegib qaytdi. Xullas, 3ta o‘yin, 100 foizli natija va «Dinamo» yakka peshqadam.

TUR IQTIBOSLARI

- Qaysi o‘yinchini jamoaga chaqirsam, birinchi savoli pul haqida yangraydi. Ko‘pchilik o‘sish emas, faqat pulni o‘ylaydi... Davron FAYZIYEV («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi).

- Anchadan buyon stadionimizga bunchalik ko‘p muxlis kelmagandi. Ularga tashrif uchun rahmat. Andrey FYODOROV («Neftchi» bosh murabbiyi).

- Shogirdlarimga raqib jarima maydonida ayyorona harakatlanish xislati yetishmadi... Sergey LUSHAN («Bunyodkor» bosh murabbiyi).

- Yelichdan tashqari, qolgan yarim himoyachilar o‘z darajalarida o‘ynay olishmayapti. Viktor KUMIKOV («Olmaliq» bosh murabbiyi).

- Penalti belgilangan vaziyat bo‘yi­cha fikrim? Hakam 100 foiz haq, raqib o‘sha vaziyatda to‘pga o‘ynamadi. Andrey MIKLYAYEV («Lokomotiv» bosh murabbiyi).

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 18:12, 13.03.2017.
O'qildi: 8675 marta.
Fikrlar: 9 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.