Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

50 yoshli Miura va boshqa superfaxriylar

50 yoshli Miura va boshqa superfaxriylar

Baho:
+ | -

Yaponiyalik «qarimas» hujumchi Kazuyoshi Miura avvalgi hafta 50 yillik yubileyini g‘alaba bilan nishonladi. «SE» nashri shu bahona yapon futboli faxrini alohida tabriklagan holda, boshqa mashhur superfaxriylarni yodga oldi. Xo‘sh, Miuradan tashqari, yana kimlar «qari»-likni tan olmay, professional darajada uzoq vaqt  faoliyat yuritishgan?

Kazuyoshi MIURA

Yoshi: 50

Ampluasi: hujumchi

Klubi: «Yokogama» (YAponiya)

Miura 15 yoshida maktabdagi tahsilni tashlab, Braziliyaga yo‘l oladi va keyinchalik «Santos» bilan birinchi professional shartnomasini rasmiylashtiradi. Oradan bir necha yil o‘tgach, tavakkal ish tutishdan cho‘chimagan yigit vataniga qaytib, taqdirini «Verdi Kavasaki» klubi bilan bog‘laydi. U bu jamoa safida Yaponiyaning 4 karra chempioni bo‘lishdan tashqari, mamlakat termasi yetakchisi sifatida Osiyo kubogi g‘olibiga aylanadi. Qolaversa, 1993 yili J-liganing eng foydali futbolchisi maqomiga munosib ko‘riladi. Miuraning muvaffaqiyatlari italyanlarni befarq qoldirmaydi va hujumchi ijara kelishuvi asosida «Jenoa» safiga qo‘shiladi. Shunday qilib, Kazuyoshi «A» seriyasida bir mavsum to‘p surib, «Genuya derbisi»da gol urgani bilan esda qoladi. Futbolchi Italiya safaridan so‘ng yana ortga qaytib, Yaponiyaning turli jamoalari sharafini himoya qildi. Miura yakunda «Yokogama»dan qo‘nim topdi: naq 12 yildan buyon shu klubda o‘ynamoqda. Darvoqe, jamoa faxriy futbolchining yubiley tug‘ilgan kunida ligadagi eng kuchli klublardan biri - «Masumoto Yamaga»ni 1:0 hisobida yengib, unga o‘ziga xos sovg‘a hozirladi. 11-raqam ostida to‘p suruvchi 50 yoshli «chol» - Miuraning o‘zi shu kuni maydonda naq 65 daqiqa harakatlanib, «Yogokama» muvaffaqiyatiga ozmi-ko‘p hissa qo‘shdi, garchi gol bilan tugagan kombinasion hujumda ishtirok etmagan bo‘lsada.

Stenli METYUZ

Yoshi (faoliyatini yakunlagan vaqtda): 50

Ampluasi: hujumchi

Oxirgi klubi: «Stok Siti» (Angliya)

Betakror Metyuz naq 33 yilga cho‘zilgan butun faoliyatini 2ta klub - «Stok Siti» va «Blekpul»ga bag‘ishlab, ular bilan atigi bitta sovrin (Angliya kubogi) yutgan. E’tiborli fakt: hujumchi shuncha uzoq vaqt katta o‘yinlarda muntazam ishtirok etgan bo‘lsada, loaaqal bir marta ogohlantirilmagan. Shu sabab, zamonaviy ekspertlar uni «Futbol olamining bosh jentlmeni» sifatida ulug‘lashadi. Metyuz 37 yoshda bo‘lgan vaqt «Blekpul» murabbiyi hujumchi hali o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatmaganini ta’kidlagan va bu borada to‘la haq edi. Axir Stenli 41 yoshi (!)da «Oltin to‘p» laureatiga aylanib, takrorlanmas tarix yozadi. Umuman, u 2ta jahon chempionati (1950 va 1954 yillarda)da ishtirok etishdan tashqari, rekord ham o‘rnatadi. Ya’ni 1958 yili 42 yoshu 102 kunligida Angliya terma jamoasi safida oxirgi marta maydonga tushib, «uch sherlar» tarixidagi eng «qariya» futbolchi maqomini oladi (bu masaladagi rekord hozirgacha yangilangani yo‘q). Yana bir diqqatga sazovor tomoni, Metyuz 48 yoshida o‘z faoliyatida ikkinchi marta Angliyada yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etiladi. U serqirra faoliyatini 50 yoshu 5 kunligida yakunlaydi va Buyuk Britaniya qirolligidan risar unvonini olgan birinchi futbolchi bo‘ladi.

Farid MONDRAGON

Yoshi (faoliyatini yakunlagan vaqtda): 43

Ampluasi: darvozabon

Oxirgi klubi: «Deportivo Kali» (Kolumbiya)

Mondragon 24 yillik faoliyati davomida Janubiy va Shimoliy Amerika hamda Yevropada sharaf bilan o‘ynadi. Meksikalik kiper eng katta yutuqlarini Turkiyada tantana qil- di - «Galatasaroy» bilan 2 marta mamlakat chempioni bo‘ldi va milliy kubokni ham boshi uzra baland ko‘tardi. Xususan, 2001 yili Mircha Luchesku qo‘l ostida ishonchli harakatlandi. E’tiborli fakt: Mondragon  20 yillik oraliqda jahon chempionatida ishtirok etgan yagona futbolchidir. Ya’ni AQSH-94 mundialida debyut qilgan Farid Braziliya-2014ga ham bordi. Orada JCH-98da ham qatnashgandi. Umuman, u asosiy turnir rekordchisi sanaladi - 2 yil oldin Braziliyada maydonga tushganida 43 yoshu 3 kunlik edi. Meksika termasi chorak finalda musobaqa mezboniga imkoniyatni boy bergach, Mondragon qo‘lqoplarini mixga ilishni ma’qul ko‘rdi. Aytgancha, o‘tgan yil matbuotda rekordchi darvozabon o‘z joniga qasd qilishga uringani haqida xabarlar tarqaldi. Muhimi, u hamon hayot.

Piter SHILTON

Yoshi (faoliyatini yakunlagan vaqtda): 47

Ampluasi: darvozabon

Oxirgi klubi: «Leyton Oriyent» (Angliya)

Piter Shilton - futbol tarixida rasmiy o‘yinlarda qatnashish bo‘yicha jahon rekordchisi. U jami 1390ta uchrashuvda maydonga tushgan. U shuning barobarida futbol vatanparvaridir. Zero, butun faoliyatini Angliyada o‘tkazgan. «Bolalikdan «Lester» uchun» - ushbu iborani bemalol Piter Shiltonga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Darvozabon «tulkilar» jamoasiga muxlislik qilish bilan cheklanmay, uning safida o‘ynagan ham. Aniqrog‘i, bo‘lajak mashhur kiper faoliyatini aynan qadrdon shahrida boshlab, uning libosida 337 marta maydonga tushgan. Ammo «Lester»dagi 8 yillik faoliyatida aytarli yutuqlarga erishmagan. Faqat o‘tgan asrning 70-yillari oxirida butun Yevropani larzaga solgan «Nottingem Forest» safiga qo‘shilganidan keyin 4ta milliy sovrin yutishdan tashqari, qit’a Chempionlar kubogida 2 marta zafar quchgan va UYEFA superkubogi sohibiga aylangan. Shilton keyinchalik «Derbi» va «Plimut» kabi bir qator jamoalar darvozasini qo‘riqladi, ammo aytarli natijalarsiz. U faoliyatiga  Angliya uchinchi divizionida xotima yasadi.

Essam al HADARI

Yoshi: 44

Ampluasi: darvozabon

Klubi: «Vadi Dejla» (Misr)

Afrikaning ikki karra eng yaxshi darvozaboni (2001 va 2006 yillar) Misrda go‘yoki, hisobsiz sovrinlar yutgan. Essam shuningdek, qit’a klublari miqyosidagi xalqaro turnirlarda yetarlicha muvaffaqiyat qozongan, Afrika millatlar kubogida naq 4 marta zafar quchgan. Faoliyatining katta qismini Misrning «Al-Ahli»siga bag‘ishlagan kiper uning tarkibida 500 martadan ko‘proq maydonga tushgan. 2008 yilga kelib, al Hadari o‘zboshimcha yo‘l tutib, Shveysariyaning «Syon» klubi bilan shartnoma tuzdi. E’tiborlisi, Misr futboli faxri bir urinishda klubning asosiy darvozaboni rolini qo‘lga olib, u bilan Shveysariya kubogini yutdi. Biroq misrliklar shartnoma yuzasidan FIFAga shikoyat yozishgach, «Syon»­ning jarima to‘lashiga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, jamoa butun bir mavsum davomida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqidan mahrum etildi. Al Hadari esa vataniga qaytdi, garchi muxlislar xunuk holda  qabul qilishlarini bilsada. Chunonchi, ular darvozabonni milliy jamoadan chetlatish talabi bilan chiqishgandi. Biroq vaqt o‘tgani sayin ehtiroslar bosildi va qochoq kiper mamlakat termasi hamda klublarining sovrinlar yutishiga hissa qo‘shishda davom etdi. Al Hadari xususan, joriy yil boshida Afrika kubogiga bordi hamda turnir tarixida maydonga tushgan eng yoshi katta futbolchi bo‘ldi. Misr termasi esa uning yordamida navbatdagi sovrinni yutishga yaqin keldi. Ammo hal qiluvchi bahsning so‘nggi daqiqalarida Essam ikkinchi golni qo‘yib yubordi va «fir’avnlar» kumush medal bilan cheklanishdi.

RIVALDO

Yoshi (faoliyatini yakunlagan vaqtda): 43

Ampluasi: hujumchi

Oxirgi klubi: «Moji-Mirim» (Braziliya)

Braziliyalik yulduzni bemalol futbol masalasida jahon fuqarosi sifatida ta’riflash mumkin. Uning xizmat daftarchasida Braziliya, Ispaniya, Italiya, Gresiya, O‘zbekiston va hattoki, Angola klublari nomi bor. Rivaldo «Palmeyras»da o‘ta yorqin nur sochganidan so‘ng 24 yoshida «Deportivo» safiga qo‘shildi va bu klub orqali «Barselona»ga o‘tdi. Umuman olganda, Rivaldo futboldagi eng yaxshi davrlarini aynan Kataloniya jamoasi, shuningdek, «Milan»da boshdan kechirdi. Deylik, bu klublar bilan 4ta milliy sovrin yutish barobarida yevroturnirda 3 marta g‘oliblar shohsupasiga chiqdi. Qolaversa, «Oltin to‘p» laureatiga aylandi, FIFA tomonidan jahonning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi. 2013 yilga kelib, mohir hujumchini  tizzasiga bog‘liq muammolar qattiqroq bezovta qila boshladi va u yana bir yildan so‘ng butsalarini mixga ilgancha «Moji-Mirim» prezidenti lavozimida to‘laqonli ishlashga o‘tdi. Aslida umr bo‘yi futbol ichida yurgan kishi uchun to‘p bilan xayrlashish oson emas. Xullas, Rivaldo 1 yil chetda qolganidan so‘ng yana maydonga qaytishga urinib ko‘rdi, ammo chamasi 2 oycha shug‘ullangach, jarohati to‘laqonli o‘ynashiga imkon bermasligini tushunib yetdi. Natijada futbolchilikdan batamom umid uzib, klub boshqaruvidagi vazifalariga e’tiborni oshirdi.

Roje MILLA

Yoshi (faoliyatini yakunlagan vaqtda): 44

Ampluasi: hujumchi

Oxirgi klub: «Putra Samarinada» (Indoneziya)

Roje Milla jonajon vatani - Kamerunda professional futbolga qadam qo‘ygani hamono yuqori mahsuldorligi bilan ko‘zga tashlanadi. Deylik, u «Leopards Duala» klubi safida mamlakat chempionati oltin medalini qo‘lga kiritish barobarida Afrika Chempionlar kubogi yarim finaliga chiqadi. Lambada raqsini gol nishonlash vositasiga aylantirgan hujumchi 25 yoshga to‘lgach, Fransiya­ga yo‘l oladi va «Valansyen» bilan shartnoma tuzadi. Biroq klub legionerlarga belgilangan cheklov sabab, kamerunlikni havaskorlar jamoasiga jo‘natadi. Oradan 2 yil o‘tgach, uni «Monako»ga sotishadi, keyin «Bas­tiya»ga. Milla yevrofutboldagi eng omadli davrini shu jamoalarda boshdan kechiradi. Ya’ni har ikkisi a’zosi sifatida Fransiya kubogi sohibiga aylanadi. Roje shundan so‘ng Kamerunga qaytadi, faoliyatiga esa Indoneziyada nuqta qo‘yadi. Millaning mamlakat milliy jamoasida 20 yildan ko‘p o‘ynagan futbolchi sifatida nom qozonganini ham aytish kerak. U kamerunliklarning Afrika kubogida ikki bora zafar quchishlari va jahon chempionati-90 chorak finaliga chiqishlariga katta hissa qo‘shgani bilan maqtanishga haqli. Aytgancha, JCH-94 doirasidagi Rossiya - Kamerun o‘yinida Oleg Salenko 5ta gol urib, rekordchiga aylangan bo‘lsa, Milla ham o‘z nomini tarixga muhrlagan. Ya’ni u jahon chempionatlarida golga mualliflik qilgan eng yoshi katta futbolchi bo‘lgandi. O‘sha vaqt Roje 42 yoshu 1 oylik edi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:04, 14.03.2017.
O'qildi: 9995 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.