Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Barselona» va «Real»ning sport iqtisodi qanday ko‘rinish olgan?

«Barselona» va «Real»ning sport iqtisodi qanday ko‘rinish olgan?

Baho:
+ | -

«Barselona» klubi «Real»dan o‘zib ketdi, xitoyliklar barchadan o‘zishga shaylanishyapti. 

Sportga ixtisoslashmagan nashrlarning ham bu sohaga e’tibor bilan yondashishi odatiy hol bo‘lib qoldi. To‘g‘ri, bunda ko‘pincha sport dunyosiga boshqa tomondan razm solinadi. Xullas, bugun qaysidir jihati bilan sport iqtisodiga borib taqaladigan turli maqolalar (turli gazetalarniki) haqida gaplashamiz.

*****

«Forbs» «Barselona»ning «Real»dan ko‘p pul topishni qanday uddalayotganini aniqlashga urindi. Nashr bunda oddiy yo‘lni tanladi - shunchaki, ispan superklublarining odatiy moliyaviy hisobotlarini obdon o‘rganib chiqdi. Demak, Kataloniya jamoasi avvalgi mavsum 620,2 mln. yevro topdiki, bu «Real»ning daromadidan  100 ming ko‘pdir.

«Barselona»ning bu borada  «Real»dan ustunlik qilishini ta’minlayotgan bosh manba - marketing yo‘nalishi. Umuman, «Barsa» brendining tijorat bobidagi muvaffaqiyati formulasi oddiy: yangi homiylar } eski hamkorlar bilan tuzilgan yangi shartnomalar } mavsumoldi turnelari ulushi } Yevropa superkubogi va Klublar o‘rtasidagi JCHdagi g‘alabalar.

Xususan, Osiyo bozorida «Barselona» hamkorlari safi ancha kengaydi. Deylik, mobil telefonlar ishlab chiqaruvchi Oppo (Xitoy) kompaniyasi, Bank Mega (Indoneziya) va SHB (Vyetnam|Kambodja|Laos) tijorat banklari kataloniyaliklar bilan shartnoma tuzishdi.

2020 yilga qadar klubning tibbiyot markazini zarur jihozlar bilan ta’minlash huquqi esa Toshiba kompaniyasiga berildi. Qolaversa, Chang (ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniya), Indosat (telekommunikasion kompaniya) va Procter Gamble (kosmetika brendi - Head Shoulders) bilan o‘rtadagi bitim yangi shartlar asosida yangilandi. Umuman, 2010 yildan buyon klubning xalqaro homiylari soni 5tadan 37taga oshdi. Ulardan 13tasi jamoa nomidan Osiyo hududida ish yuritadi.

Mavsum-2015|2016 yakunida «Barselona» va ekipirovka ta’minotchisi Nike o‘rtasidagi eski shartnoma muddati yakuniga yetdi. Klub unga ko‘ra, yiliga chamasi 60 mln. yevro olardi. Yangi kelishuvda esa bu qiymat 150 mln. yevroga ko‘tarildi. Bundan tashqari, «Barsa» mavsum-2015|2016ni Yevropa superkubogini yutish bilan boshlab, o‘z g‘aznasini qo‘shimcha 4 mln. yevroga to‘ldirdi.

Qolaversa, jamoa 2015 yilning dekabrida Klublar o‘rtasidagi JCHda g‘olib chiqish orqali 4,6 mln. yevro olgandi. «Real» esa o‘sha mavsum bu turnirlardan chetda qoldi. Boz ustiga hisobotga chiptalar sotuvi, stadion bo‘ylab sayohat (misol uchun, klub muzeyi ulushi), a’zolik badali va mediahuquqlar ulushi qo‘shilmagan.

*****

«Kommersant» esa futbolda urf-ga aylangan trend - Xitoy sarmoyalari haqida yozdi.

Chin yurti futbolidagi harakatlarni bemalol pul sovurish sifatida «ta’riflash» mumkindek. Ammo bunda bitta «lekin» termini bor. 2014 yili XXR hukumati ushbu sport turini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli loyihani tasdiqladi. Ushbu hujjatga XXR raisi, ashaddiy futbol muxlisi  Si Szinpinning shaxsan o‘zi imzo chekdi va barchasini nazorat qilishni siyosiy byuro a’zosi Lyu Yandun zimmasiga yukladi.

Loyiha 50tacha banddan iborat va ular ijtimoiy ahamiyatga ega eng muhim jihatlarni qamrab olgan. Deylik, 2025 yilgacha mamlakatda 50 ming futbol maktabi va akademiyasi faoliyat yuritishi, 100 ming nafar yangi futbolchi tarbiyalanishi kerak. Qolaversa, umumta’lim maktablarida futbol majburiy darslik sifatida o‘qitilishi shart. Hammasi ommaviy ish.

Muhimi, ushbu piramidada jiddiy asos yo‘q emas. Deylik, xitoyliklar 2026 yilgi JCH mezbonlik huquqini qo‘lga kiritishga urinib ko‘rishlari mumkin. Umuman, Xitoy milliy jamoasini yangi darajaga olib chiqish siyosiy vazifa sanaladi.

Chunonchi, Xitoy termasi ayni payt FIFA reytingida atigi 81-o‘rinni egallab turibdi (Farer orollari hamda Sent-Kits va Nevis termalari orasida).

Soliq imtiyozlari joriy etilgach, mahalliy futbol bozoriga qiziqish ortib, Wanda Group, Suning Commerce Group, China Media Capital Holdings kabi yirik kompaniyalar sarmoya kirita boshladi.

Aytgancha, biznesmenlar Xitoy futbolini rivojlantirish bilan cheklanib qolmay, xorij jamoalariga ham katta-katta sarmoya ajratishyapti. Harqalay, Xitoy biznesi Italiya, Ispaniya, Fransiya, Angliya, Gollandiya va  Chexiya kabi futbol mamlakatlariga jiddiy, uzoq vaqtga mo‘ljallangan rejalar bo‘yicha bosh suqqan ko‘rinadi.

Qarang, Chin yurti vakillari nomdor klublarga ham «qo‘l uzatish»dan tiyilishmayapti. Misol uchun, «Manchester Siti», «Atletiko» yoki AQSH sport klublari ravnaqiga million-million mablag‘ sarflashga o‘tdilar. Ular avvalo, arenalarda tomoshabinlar uchun qulayliklarni oshirishga e’tibor qaratishyapti.

G‘oyaga ko‘ra, stadionga kirgan muxlis shunchaki, o‘rnidan qo‘zg‘almay o‘yin yoki konsert ko‘rish bilan cheklanmasligi, balki ortiga olam-olam taassurot olib qaytishi kerak. Bu yo‘lda zamonaviy texnikaning barcha yutuqlaridan keng foydalanish ko‘zda tutilgan. Chunonchi, hozirda divanda yastanib yotgancha televizor ko‘rishga odatlangan muxlislarni stadionga chorlash oson emas.

«Kommersant» ijodkorlarining xulosalariga ko‘ra, xitoyliklar bunga 10ta eng effektli  texnologik aralashuv yordamida qisman erishishlari mumkin: ulkan kuchga ega simsiz tarmoq, g‘aroyib mobil ilovalar, mobil xizmat shaxobchalari (POS), mayoq (mepping-tizim mijozlarga eng yaqin dam olish xonasi, hojatxona yoki do‘konlarni topishda yordam beradi), raqamli kioskalar, ulkan HD-ekranlari yuqori tezlikdagi kameralar, mijozlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi, GoPro kameralari, savdo reklamalari...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 21:02, 14.03.2017.
O'qildi: 15478 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.