Xabaringiz bor, ayni payt Qatar yulduzlar ligasida 4 nafar futbolchimiz to‘p surishmoqda. Ulardan biri Temurxo‘ja Abduxoliqovdir. Bu kvartetni Sardor Rashidov, Sanjar Tursunov va Sanjar Shoahmedovlar to‘ldirishgan. 22ta gol urib, O‘zbekiston chempionati-2016 to‘purarligini qo‘lga kiritgan Abduxoliqov «Al-Sayliya» bilan 1,5 yillik shartnoma imzolagandi.
O‘tgan qisqa fursat ichida hujumchimiz legioner nomini oqlay boshladi. U chempionat bahslarida raqiblar darvozasini birin-ketin ishg‘ol qilmoqda. O‘z navbatida, milliy jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan Temurxo‘jani Suriya va Qatarga qarshi o‘tkaziladigan o‘yinlar uchun taklif qildi.
«Lokomotiv»ning sobiq forvardi termaning yanvar oyidagi yig‘iniga ham chaqirilgan, lekin ma’lum sabablarga ko‘ra, Abduxoliqov kelmagandi. Nihoyat, to‘purar futbolchimiz FIFA kunlari sabab yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanib, Toshkentga qaytdi va milliy jamoa yig‘iniga qo‘shildi. Abduxoliqov o‘tgan yili gazetamiz tomonidan «Yilning eng foydali futbolchisi» nominasiyasida g‘olib, deb topilgandi. Yaqinda ana shu mukofotni o‘z egasiga topshirish bahonasida Temurxo‘jani suhbatga tortdik.
- Temurxo‘ja, yangi chempionat, yangi muhitga moslashish jarayoni ortda qoldimi?
- Shunday bo‘ldi, deb umid qilaman. Lekin ochig‘ini aytaman, Qatar chempionatiga moslashish jarayoni biroz qiyin kechdi. Chunki «Al-Sayliya»ga o‘tishimdan oldin ikki oydan oshiqroq vaqt mobaynida rasmiy o‘yinlarda maydonga tushmagandim. Aynan shu jihat salbiy ta’sir ko‘rsatmasmikan, degan hadik ham yo‘q emasdi. Shukrki, sport formam, jismoniy holatim pand bermadi. Gollar ura boshladim.
- Bu jarayonda jamoadoshlaringiz va murabbiyning qo‘llab-quvvatlashi ham muhim hisoblanadi. Ushbu masalada muammo bo‘lmadimi?
- Murabbiylar bizning jamoa safiga qanday holatda qo‘shilganimizdan xabardor edilar. Qatar chempionatida mavsum ekvatoriga yetib kelgandi. Shuni inobatga olib ham ular bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdi. Uncha-buncha xatolarimizga ko‘z yumishdi.
- Legioner sifatida bundan avval Xorvatiya chempionatida ham o‘ynagansiz. Yevropa va Osiyo futboli o‘rtasidagi tafovut qanchalik sezilyapti?
- Eng asosiysi, klublardagi professional yondashuv turlicha. Bosh-qa tomondan unchalik katta farq sezilmaydi.
- Til masalasida qiynalmayapsizmi?
- Yo‘q, asosan inglizchada suhbatlashiladi. Bu borada muammo yo‘q.
- Demak, xorijiy tilni o‘rganganingiz qo‘l kelyapti, shundaymi?
- Inglizchani yuz foiz bilaman, deyolmayman. Lekin fikrimni tushuntirib beraman. O‘z o‘rnida, murabbiyning ko‘rsatmalarini ham anglab olyapman. Albatta, futbolning tili hamma yerda bir xil. Ya’ni terminlar deyarli barcha joyda bir xil yangraydi.
- Qatar klublarida asosan xorijlik murabbiylar ishlashadi. Bu holat mashg‘ulotlarda ham aks etyaptimi?
- Oxirgi klubim «Lokomotiv» bilan taqqoslaganda katta o‘zgarish yo‘q. Hozir zamonaviy texnologiyalar kuchayib ketgan. Osiyo jamoalarida ham Yevropa futboli tajribasi asosida mashg‘ulotlar tashkil etilyapti.
- Qatarda raqiblar darvozasini 4 marta ishg‘ol qilishga erishdingiz. Ayting-chi, O‘zbekiston chempio-natida gol urish nisbatan osonroq ekanmi yoki yulduzlar ligasida?
Bu hali hammasi emas, davomi: www.iff.uz